Agnostitsizm

Материал из УзЭнц

Agnostitsizm (yun. a – inkor qo‘shimchasi, gnosis – bilish) – borliqni, voqelikdagi narsa va hodisalarni, ularning mohiyatini bilish mumkinligini qisman yoki mutlaqo inkor etuvchi nazariya.

Agnostitsizm vakillari borliqning cheksizligi, nihoyasizligi va murakkabligi, inson sezgi a’zolari imkoniyatlarining cheklanganligiga asoslanib borliqni bilish mumkin emas deb hisoblaydi. Agnostitsizmning yirik vakillaridan biri ingliz faylasufi David Yum, inson aqli sezgilarimiz bergan ma’lumotlarga tayanib voqelikni biladi, lekin, sezgi a’zolarimiz bizga to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot beradimi, sezgilarimiz aks ettirayotgan voqelikning o‘zi mavjudmi, degan masalalarni o‘rtaga tashlagan va shu asosda olamni bilish mumkinligini rad etgan, ob’ektiv voqelikning mavjud-ligiga shubha bildirgan (bu jihatdan Yum agnostitsizmi skeptitsizmning bir ko‘rinishi sifatida namoyon bo‘ladi).

Agnostitsizmning ikkinchi bir yo‘nalishi nemis faylasufi Immanuil Kant falsafasida ifodalangan. I. Kant tashki olamni ikkiga: "biz uchun narsa" va "narsa o‘zida"ga ajratib tushuntiradi, olamning biz bilgan va bilib olishimiz mumkin bo‘lgan qismini "biz uchun narsa" deb ataydi. Olamning "narsa o‘zida" qismining ayrim jihatlarinigina bilish mumkin bo‘lsa ham, uning asl mohiyatini bilish mumkin emas deydi. Bilish obyektining cheksizligini, nihoyasizligini, hodisalar ichki mohiyatining tubsizligini mutlaqlashtirish agnostitsizmning gnoseologik ildizlariga kiradi. Haqiqatda, har qanday narsani bir qarashda, bir zumda har taraflama bilib bo‘lmaydi, uni bilib olish uchun muayyan vaqt kerak bo‘ladi. Shuningdek, har qanday narsani va uning mohiyatini bilib olishimiz uchun yordamchi qurol va vositalarning qay darajada takomillashganligi jiddiy ahamiyatga ega. Bizga nisbatan keyingi avlodlarimizning tajribalari yanada boyib, takomillashib boradi va natijada ular bizlarga nisbatan ko‘proq narsalarni biladi. Biz sezgi a’zolarimizning bilish imkoniyati yetmagan obyektlarni aql va tafakkur kuchi bilan bilib boramiz. Bilish shu tarzda yaxlit va uzluksiz jarayondir. Inson aql-tafakkuri fan va amaliyotni taraqqiy ettirishga, bilish va izlanish vositalarini takomillashtirishga yo‘l ochadi.[1]

Agnostitsizm (yunoncha a- – boʻlishsizlik qoʻshimchasi va gnosis – "bilim") teologiya, oʻlimdan soʻnggi hayot, xudo kabi metafizik mavzularga oid ma’lum iddaolarning haqiqiy yechimini bilish ilojsiz ekanini ta’kidlovchi falsafiy dunyoqarashdir. Bunga sabab sifatida obyektiv reallikni oʻrganish doim subyektiv bilish orqali kechishi koʻrsatiladi. Odatda agnostitsizm xudoning mavjudligi yoki emasligi masalasiga oid dunyoqarashga aytiladi. Agnostitsizm dunyoqarashiga ega shaxs agnostik deyiladi. Aksar agnostiklar ateistlar bilan bir qatorga qoʻyilsada, ba’zi agnostiklar teist boʻlishlari ham mumkin.

Etimologiyasi[править | править код]

Agnostitsizm atamasi 1869-yili Tomas Genri Geksli tomonidan gnostitsizmni rad etuvchi falsafiy oqimni nomlash uchun oʻrtaga qoʻyildi.

Shuningdek[править | править код]

Manbalar[править | править код]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil



Шаблон:Philo-stub