Aksiya

Материал из УзЭнц

Aksiya — bu uning egasi hissadorlik jamiyati kapitaliga oʻzining maʼlum hissasini qoʻshganligiga va uning foydasidan dividend shaklida daromad olish huquqi borligiga guvohlik beruvchi qimmatli qogʻozdir. Bundan tashqari, aksiya korxonani boshqarishda qatnashish huquqini ham beradi.

Aksiya (frans. action — farmoyish; ruxsatnoma, faoliyat) — aksiyadorlik jamiyati chiqargan qimmatbaho qog‘oz.

O‘z egasining aksiyadorlik jamiyati kapitalida hissasi borligini va shunga muvofiq, topilgan foydaning bir qismini dividend shaklida olishini, uni boshqarishda ishtirok etish huquqini tasdiqlaydi. Aksiya qimmatli qog‘ozlarning keng tarqalgan qismi, hissabay qog‘ozlar turkumiga kiradi. Aksiya chiqargan jamiyat emitent, uni sotib olganlar esa investorlar deb ataladi. Aksiya dastlab emitent tomonidan birlamchi bozorda sotiladi, so‘ngra u ikkilamchi bozorda (fond bozorida) qaytadan oldi-sotdi etiladi. Aksiya bevosita emitent yoki vositachilar tomonidan sotiladi.

O‘zbekistonda aksiya aholiga xususiylashtirish investitsiya fondlari (XIF) va ularga qarashli maxsus magazinlarda sotilar edi. O‘zbekistonda 1997 yil. 5 ta investitsiya fondi ishladi. Aksiya davlat korxonalari aksiyadorlik jamiyatlarga aylantirilgan chog‘da va yangidan aksiyadorlik jamiyatlari tuzilgan paytda chiqariladi. O‘zbekistondagi aksiya davlat mulkini aksiyadorlash jarayonida 1989 yildan boshlab chiqarilgan.

Aksiya turlari[править | править код]

Aksiya egasining nomi yozilgan va taqdim etgan kishiga tegishli aksiyaga bo‘linadi. O‘zbekistonda aholi orasida birinchi turdagi aksiya tarqalgan. Aksiya oddiy va imtiyozli turlarga bo‘linadi. Oddiy aksiya dividend miqdori kafolatlanmagan, lekin aksiyadorlar majlisida ovoz berish huquqini ta’minlovchi aksiya; imtiyozli aksiya dividend oldindan belgilangan, lekin ovoz berish huquqini ta’minlamaydigan aksiya egasining o‘zida yoki depozitariylarda saqlanadi. Masalan, 1995 yilda "Vaqt" milliy depozitariysida 2.040 aksiyadorlik jamiyatlarining umumiy nominal miqdori 4 mlrd. so‘mlik aksiyalari saqlandi.[1]

Aksiyalar maxsus tovar sifatida sotiladi va sotib olinadi, shu sababli oʻzining narxiga ega. Aksiyada ifodalangan pul summasi uning nominal qiymati deyiladi. Aksiyaning fond bozorida sotiladigan narxi aksiya kursi deb atalib, u olinadigan dividend miqdoriga toʻgʻri mutanosib, foiz miqdoriga esa teskari mutanosiblikda boʻladi. Xaridor aksiyani undan olinadigan daromadi bankka qoʻyilgan puldan keladigan foizdan kam boʻlmagan taqdirdagina sotib oladi.

Aksiya aksiyadorga 2 xil huquqni beradi: 1) mulkiy huquq; 2) nomulkiy huquq.

Aksiyalarni ro'yxatga olish bo'yicha fond bozorida qayd etilgan va qayd etilmagan turlari bor.

Aksiyalar investorni quyidagi xususiyatlari bo'yicha jalb qiladi: 1. Ovoz berish; 2. Kapitalni o'sishi; 3. Qo'shimcha imtiyozlar; 4. Keyingi emissiyaga yozilish huquqi; 5. Mulkga egalik qilish huquqi.

Manbalar[править | править код]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil