Asaka-ovdon

Материал из УзЭнц
Asakaovdon

Asaka-ovdonUstyurt platosining janubidagi tektonik botiq. Shimolda Markaziy qirlar (Qorabovur qirlari) va janubda Ustyurt ko‘tarilmalari (Qoplonqir qirlari va uning g‘arbdagi davomi) o‘rtasida joylashgan.

Geologik jihatdan Asaka-ovdon bukilmasi o‘rniga mos keladi. Asaka-ovdonda paleozoy jinslari 5000 metr chuqurlikda joylashgan. Shimoliy yon bag‘rida Shoxpaxti va Shimoliy Asaka-ovdon strukturalari mavjud. Shoxpaxti strukturasida quyi yura yotqiziqlari quyi triasning argillit va ohaktoshlari ustida joylashgan. Yura va bo‘r davri yotqiziqlari qumtosh, gravelit, gil, ohaklashgan qumtosh, angidritdan iborat. Yuqori bo‘rning yotqiziqlarida mergel va ohaktosh ham bor. Paleogen yotqiziqlari gilli alevrolit, neogenda sarmat yarusi (yuqori miotsen)ga oid ohaktosh, mergel va qumtoshlar kengroq tarqalgan. Apsheron yotqiziqlari (pliotsen), shag‘al va konglomeratdan iborat.

Asaka-ovdon usti qadimiy delyuvial-prolyuvial va yoshroq ko‘l-allyuvial yotqiziklari bilan band. Asaka-ovdonning uzunligi g‘arbdan sharqqa qariyb 90 km, eni 20 – 40 km. Tubining mutlaq balandligi 30 dan 60 metrgacha. Maydoni 5600 km². Janubiy qismi bir oz ko‘tarilgan. Shim. qismi esa pastroq. Asaka-ovdon tubining o‘rtaroq qismidagi zamini toshloq, gipslashgan marza botiqni ikkiga bo‘lib turadi. Botiqlar tubida qoldiq do‘ngliklar bor. Pastqamliklar ko‘l-allyuvial yotqiziqlar bilan band. Shamol harakati natijasida turli relyef shakllari hosil bo‘lgan. Asaka-ovdonning yon bag‘irlari chuqur o‘zanlar bilan o‘yilgan. Asaka-ovdonda grunt suvlari atrofdagi kir va tekisliklarda vujudga kelib, botiq tomon oqim hosil keladi. Minerallashuv darajasi har l da 60 — 100 gramni tashkil qiladi.Sariqamish botig‘idagi ko‘lning sathi ko‘tarilib borayotganligi sababli Asaka-ovdon grunt suvlari sathi ham sharqiy qism (Sho‘rja botig‘i)da ko‘tarilib bormoqda. Asaka-ovdonning janubi toshloqpi va marzali qismining tuprog‘i gipslashgan bo‘z-qo‘ng‘ir tuproq, pastqamliklarda taqirlar, sho‘rxoklar bor. Asaka-ovdonning sharqiy va markaziy hududlarida qorasaksovulzor va shoxilakzorlar keng tarqalgan, do‘ngliklarda yulg‘un, qumliklarda juzg‘un, selin, qum akatsiyasi (quyonsuyak) o‘sadi. Shoxpaxti strukturasida tabiiy gaz konlari bor.

Adabiyotlar[править | править код]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil