Aviatsiya

Материал из УзЭнц

Aviatsiya (frans. aviation, lot. avis – qush) – havodan og‘ir uchish apparatlarida yer atrofidagi havo bo‘shlig‘i (atmosfera)da parvoz qilish bilan bog‘liq tushuncha.

Aviatsiyada samolyotlar, vertolyotlar, planerlar ishlatiladi. Shu apparatlardan parvoz qilish (uchish) uchun foydalanadigan tashkilot (xizmat) ham aviatsiya deb ataladi.

Aviatsiya fuqaro aviatsiyasi va harbiy aviatsiyaga bo‘linadi. Fuqaro aviatsiyasi yo‘lovchilar va yuklarni tashishda ishlatiladi. Uning transport, sanitariya xizmatiga, o‘quv-sport va maxsus ishlarga mo‘ljallangan (qishloq xoʻjaligida, aloqada, geologiya-qidiruv ishlarida, baliq ovlash va boshqalarda ishlatiladigan) xillari bor. Yo‘lovchilar va yuklarni doimo tashishni taʼminlash uchun fuqaro aviatsiyasi tarkibiga samolyotlar va vertolyotlar saroyi, uchishni taʼminlaydigan turli xizmatlar, aerodrom va aeroport kiradi. Harbiy aviatsiya esa quruqlikdagi qo‘shinlar, harbiy-dengiz kuchlari, havo hujumidan mudofaa qilish qo‘shinlari bilan birgalikda harakat qiladi hamda mustaqil vazifalarni bajaradi.

Fuqaro aviatsiya sohasida Leonardo da Vinchi havodan og‘ir apparatlarda uchish mumkinligini birinchi bo‘lib asoslashga urindi. U qushlarning uchishini kuzatib, havodan og‘ir apparatlarda uchish mumkinligi to‘g‘risidagi g‘oyani ilgari surdi. Buyuk rus olimi M.V. Lomonosov jahonda birinchi bo‘lib vertolyot modelini yaratdi: dvigatel vazifasini o‘tovchi prujina taʼsirida vintlar aylanganda model yuqoriga ko‘tarildi. D.I. Mendeleyev hayotining oxirigacha aerodinamika va aviatsiya masalalari bilan shug‘ullandi. U 1887 yil aerostatda mustaqil uchib, 3350 m balandga ko‘tarildi. A. G. Eyfel vertolyot vintlarining ko‘tarish kuchini o‘rganishga oid tajribalar o‘tkazdi. A.N. Lodigin uchish apparatlariga elektr dvigatellari o‘rnatish g‘oyasini ilgari surdi. A.F. Mojayskiy bir necha samolyot modelini qurdi, bu modellarni sinovdan o‘tkazib, 1881 yil samolyoti uchun patent oldi. A.F. Mojayskiy o‘z samolyotiga quvvati 30 (kattasiniki 20 va kichiginiki 10) ot kuchiga teng bo‘lgan ikkita bug‘ dvigateli o‘rnatdi. Bu samolyot monoplan tipida bo‘lgan. 19-asr 90-yillarida rus ixtirochisi V.V. Kotov planerlarning baʼzi modellarini ishlab chiqdi. 1894 yilda K.E. Siolkovskiyning "Aeroplan", yaʼni "qush nusxa uchish mashinasi" degan asari bosilib chiqdi. Siolkovskiy bu asarida suyri shaklli monoplan loyihasini, uning uchish nazariyasi va hisobini berdi. 1892 yilda ingliz konstruktori Filippe aeroplani bir necha soniyagina havoga ko‘tarildi. 1898 yilda muhandis Xiram Maksimning samolyoti sinab ko‘rildi, ammo bu samolyot havoga sal ko‘tarilgach, yerga quladi. AQSh professori Lengli benzin bilan ishlaydigan, quvvati 50 ot kuchiga teng motor o‘rnatilgan samolyot qurdi, bu samolyot katapulta yordamida uchirib sinalayotganda havoga ko‘tarildi-yu, shu zahoti ag‘darilib tushdi. Fransuz konstruktori Kleman Ader ko‘rshapalak shaklidagi uchish apparati ("Avion")ni qurdi (1897), u 300 m uchib borib, yerga ag‘darildi. Nemis muhandisi Otto Liliyental 1891–96 yillarda o‘zi loyihalagan planerlarda juda ko‘p marta uchdi va 1896 yil 9 avgustda 20 m balandlikdan planerda yerga qulab, halok bo‘ldi. AQShda aka-uka Vilbur va Orvil Raytlar planerda uchishni o‘rganib olganlaridan keyin samolyot qurdilar. Orvil Rayt bu samolyotda 1903 yil uchib ko‘rdi. Bu samolyotga quvvati 16 ot kuchiga teng dvigatel o‘rnatilgan edi. Birinchi uchishda samolyot 32 m gacha parvoz qildi, uchish 3,5 soniya davom etdi. Aviatsiyaning rivojlanishida N.Ye. Jukovskiy va S.A. Chapligin asarlari muhim rol o‘ynadi: Jukovskiy samolyot qanotlariga taʼsir qiluvchi kuchlar hisobini berdi, bir qancha qanot shakllarini yaratdi va ularni sinovdan o‘tkazish usullarini ko‘rsatdi, Chapligin katta tezliklar aerodinamikasiga asos soldi.

Aviatsiya 20-asr boshidan tez sur’atlar bilan rivojlana boshladi, 1908 yil uchish uzoqligi bo‘yicha qo‘yilgan rekord 2 soat 18 daqiqani, 1912 yil 13 soat 17 daqiqani, tez uchish rekordi esa 1909 yil 80 km/soatni, 1912 yil 170 km/soatni tashkil etdi. Samolyotda 1909 yil atigi 510 m balandda uchilgan bo‘lsa, 1913 yil 5610 m balandda uchildi. 1909 yilda fransuz konstruktor-uchuvchisi L. Blerio "Blerio-XI" nomli samolyotida Lamansh bo‘g‘ozi orqali Fransiyadan Angliyaga uchib o‘tdi. Shu yili bir qancha mamlakatlarda dastlabki aviatsiya zavodlari qurildi. Akademik. B.N. Yurev 1910 yil bir vintli vertolyot loyihasini tuzdi va shu loyiha asosida vertolyot qurdi (1912). Moskvada tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmada vertolyot uchun Yurev oltin medal bilan mukofotlandi. Rus muhandisi Ya.M. Gakkel 1910 yil qo‘sh qanotli samolyot qurdi. 1911 yil ko‘p yuk ko‘tara oladigan va uzoq, ma-sofaga qo‘nmay ucha oladigan samolyot loyihalanib, sinab ko‘rildi. Shu yili rus ixtirochisi I. I. Sikorskiy 4 mo-torli "Ilya Muromets" samolyotini qurdi. 1914 yil AQShda "Kertiss" samolyoti, 1915 yil Germaniyada "Simens Shukker" samolyoti qurildi. 1914 yil rus konstruktori V.A. Slesaryov "Svyato-gor" samolyoti loyihasini tuzdi, bu samolyot ikki motorli, qo‘sh qanotli edi. Rus konstruktori D. P. Grigorovichning M-5 (1915) va M-9 (1916) markali uchar qayiqlari o‘sha davrda eng yaxshi gidro-samolyot hisoblangan. Aviatsiya texnikasining rivojlanishi bilan bir qatorda dunyo olimlari aerodinamika va samolyotning mustahkamligi sohasida nazariy izlanishlar va tajribalar o‘tkazdilar, samo-lyot va havo vinti nazariyasi, samolyotlarning tezligi va uchish balandligi ustida ishladilar. 20-yillar boshlarida aviatsiya sanoatida metall konstruksiyali samolyotlar qurilishi tez rivojlana boshladi. A.N. Tupolev 1923 yil ANT-1, so‘ngra ikki o‘rinli ANT-2 samolyotini yaratdi. Tupolev rahbarligida loyihalangan ANT-3 ("Proletariy") samolyotida 1926 yil uchuvchi M.M. Gromov Yevropani aylanib uchib o‘tdi. Amerikaning "Rayan" firmasida tayerlangan samoletda 1927 yilda uchuvchi Ch. Lindberg birinchi marta AQShdan Atlantika okeani orqali Yevropaga uchib o‘tdi. 1928 yilda "Bremen" W-33 (Germaniya) samolyotida birinchi marta Yevropadan Atlantika okeani orqali Shimoliy Amerikaga uchib o‘tdi. Amerikaning "Duglas" firmasi tayyorlagan DS-3 va S-47 samolyotlaridan ko‘p yillar davomida dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida foydalanildi. Tupolev rahbarligida loyihalangan ANT-4 (TB-1) samolyotida 1929 yil uchuvchi S.A. Shestakov Mo-skvadan ko‘tarilib, Sibir, Tinch okeani orqali 20000 km parvoz qilib, Nyu-Yorkka qo‘ndi. 1928 yil ANT-9, keyin ANT-25 (RD) samolyotlari yaratildi. 1937 yil 18–20 iyunda uchuvchilar V. P. Chkalov, G. F. Baydukov va shturman A. B. Belyakovlar ANT-25 samolyotida Moskva–Shimoliy qutb–Vankuver (AQSh) marshruti boʻyicha 8504 km masofani 63 soatu 16 daqiqada qoʻnmay uchib oʻtishdi. 30-yillardan boshlab biplanlan monoplanga oʻtildi. Bu esa aerodinamika, qurilish mexanikasi va dvigatel qurilishidagi yutuqlarga bogʻliq edi. Mustahkamlikka hisoblashning aniq usullari yaratildi. Samolyotlar gʻildiraklarini tormozlashni ishlab chiqish hamda qanotni mexanizatsiyalash qanotlarga tushadigan kuchlarni oshirishga imkon berdi va shu bilan chish tezligi oshirildi. 1915 yilda "Fokker" (Germaniya) samolyoti uchish tezligi 150 km/soat, uchish balandligi 5000 m boʻlgan boʻlsa, 1920 yilda bu koʻrsatkich "Fokker" D-VII, "Fokker" D-VIII (Germaniya), "Balilla" A-1, "Ansaldo" SVA-10 (Italiya)da 200 km/soat, 7000 m ga, 1940 yilda esa Xauker "Xarrikeyn", "Spit-fayer", Mk-1 (Angliya), "Brusten" F2A-1, "Kertiss" R-36A, "Boum" V-150 (AQSh) samolyotlarida 660 km/soat, 12000 m ga etdi.

Shu bilan birga samolyotlarning uchish uzoqligi ham ortib bordi. 1915 yilda bu koʻrsatkich 400 km boʻlgan boʻlsa, 1940 yilga kelib 4000 km ga etdi. Seriyalab ishlab chiqariladigan dvigatellarning quvvati 700 o. k.dan 2000 ot kuchigacha yetkazildi. SSSR, Angliya, Germaniya, Italiya va AQShda reaktiv dvigatel yaratish borasida qizgʻin ish olib borildi. 1943–50-yillarda Angliyaning De Xevillend va Komitem Brabazen aviatsiya firmasi 40 yoʻlovchiga moʻljallangan "Komet-1" reaktiv samolyotini ishlab chiqdi va sinovdan oʻtkazdi. Uning uchish tezligi 800 km/soat, uchish balandligi 12 km, uchish uzoqligi 1650 km. 1952 yilda uning "Komet-2", "Komet-ZV" va "Komet-4" zamonaviylashtirilgan modellari ishlab chiqarila boshlandi. 1955 yil A. N. Tupolev rahbarligida TU-104 reaktiv samolyoti qurildi. Bu samolyot soatiga 800 km tezlik bilan 8000–10000 m balandlikda 3000 km masofani qoʻnmay uchib oʻta olgan. 1958 yilda AQShda birinchi "Boing-707-120" reaktiv samolyoti qurildi. 120 yoʻlovchiga moʻljallangan bu samolyotning uchish tezligi 845 km/soat, uchish balandligi 11 km, uchish uzoqligi 6000 km. 1959 yilda Fransiyada "Karavella" samolyoti qurildi. Reaktiv yoʻlovchi samolyotlarning tejamsizligi tufayli turbovintli dvigatel (TVD) oʻrnatilgan samolyotlar ishlab chiqarishga oʻtildi. 1952 yilda ingliz konstruktorlari ana shunday konstruksiyali "Bristol-175" ("Britaniya") samolyotini yaratdilar (63–79 oʻrindiqli, toʻrt dvigatelli, uchish tezligi 570 km/soat, uchish uzoqligi 8600 km boʻlgan). 1957 yil turbovintli Il-18 samolyoti qurildi. 1956 yil O.K. Antonov rahbarligida 2 ta turbovintli dvigatel oʻrnatilgan 40 oʻrinli AN-24 samolyoti, shundan keyin 4 ta turbovintli dvigatel oʻrnatilgan 84 oʻrinli AN-10 samolyoti qurildi. Keyinchalik 1959 yilda "Elektra" (AQSh) samolyoti ishlab chikarila boshlandi. Soʻngra S. V. Ilyushinning 186 oʻrinli IL-62 yoʻlovchi samolyoti, 350 oʻrinli IL-86 aerobusi yaratildi. Rus ixtirochisi I.P. Bratuxin ikkita dvigatel oʻrnatilgan "Omega" vertolyotini va ikki motorli B-11 vertolyotini kurdi. 1961 yil turbovintli V-2 hamda V-8, V-12 vertolyotlari qurildi.

1966 yilda Fransiya, Germaniya, Angliya, Niderlandiya va Ispaniyadagi aviatsiya firmalari birgalikda Yevropada yangi Eyrbas Indastri konsernini tuzdi. Shu yili AQShdagi Lokxid, Boing, Duglas firmalari va Eyrbas Indastri konserni keng fyuzelyajli samolyotlar – aerobuslar yaratishga kirishdi. Shundan soʻng AQShdagi firmalar L-1011 "Trister", "Boing-747" va DC-10 aerobuslarini, Eyrbas Indastri konserni esa A-300 samolyotlari ni koʻplab ishlab chiqara boshladi. 500 yoʻlovchiga moʻljallangan "Boing-747" samolyotining uchish tezligi 935 km/soat, uchish uzoqligi 10000 km dan ortiq. Keyingi yillarda bu samolyotning bir necha zamonaviylashtirilgan modellari ishlab chiqarildi: 500 yoʻlovchiga moʻljallangan "Boing-747-100", 516 yoʻlovchiga moʻljallangan "Boing-747-200V", 670 yoʻlovchiga moʻljallangan "Boing-747SR" va boshqa A-300 samolyotlari 280–345 yoʻlovchiga moʻljallangan ikki dvigatelli, uchish tezligi 917 km/soat, uchish uzoqligi 2600–3900 km. 1983 yilda bu samolyotning keyingi avlodlaridan A-300–600 ucha boshladi. Keyinchalik "Boing-747" aerobusi bilan raqobatlashadigan A-310, A-320, A-330, A-321, A-340 va boshqa ishlab chiqarildi. Koʻp mamlakatlarda 1960 yil oxiridan boshlab tovushdan tezuchar samolyotlar yaratish ustida qizgʻin ish olib borilmoqda. Rossiyada Tu-144, Angliya va Fransiyada "Konkord", samolyotlari yaratildi. Bular soatiga 2500–3000 km tezlik bilan bir necha ming km masofaga qoʻnmay ucha oladi. Harbiy samolyotlar 30 km balandlikda 10000 km masofaga qoʻnmay uchadi. Harbiy A. Qadimda Xitoy va boshqa baʼzi mamlakatlarda harbiy maqsadlarda varrakdan foydalanilgan. Harbiy A. har qaysi mamlakatda turli vaqtlarda paydo boʻlgan. 1910 yil Fransiyada birinchi marta samolyotlar manyovrda ishtirok etib, razvedka vazifalarini bajardi. 1911 – 12 yillarda Tripolitaniya jangida (Italiya bilan Turkiya oʻrtasida boʻlgan urushda) harbiy A. birinchi sinovdan oʻtdi. 1913 yil Bolqon urushida ham Aviatsiyadan foydalanildi. 1913 yil "Ilya Muromes" samolyotiga 4 ta pulemyot va bomba tashlash uchun maxsus asboblar oʻrnatildi. Oʻsha yili bomba tashlash tajribasi asosida yangi aeroballistika faniga asos solindi. Birinchi jahon urushi boshlanganida Rossiyaning harbiy aviatsiyasida 263 ta, Germaniyada 232 ta, Fransiyada 156 ta, Avstriya-Vengriyada 65 ta, Angliyada 30 ta, AQShda 30 ta, Italiyada 30 ta samolyot boʻlgan. l-jahon urushi paytida qiruvchi samolyotlar yaratildi. Qiruvchi samoletlarning uchish tezligi razvedka samolyotlarinikidan yuqori boʻlgan. 1915 yil maxsus bombardimonchi samolyotlar ixtiro qilinadi. Xuddi oʻsha paytlarda dengiz samolyotlari ham paydo boʻldi, ular dengizda razvedka qilish, dushman kemalariga, obʼektlarga bomba tashlash vazifasini bajardi. Oʻz ustida 5–7 ta samolyotni olib yura oladigan avianoseslar paydo boʻldi. Birinchi jahon urushidan keyin A. alohida va mustaqil qoʻshin turi boʻlib qoldi. 1-va 2-jahon urushlari oʻrtasida A. sohasida katta siljish boʻldi. 1920 yil Rossiyada quvvati 200 o.k.ga teng dvigatelli samolyot ishlab chiqarildi. 30-yillar boshida A. N. Tupolev TB-1 hamda TB-3 markali ogʻir bombardimonchi samolyotlarni, 1935 yil uzun qanotli bir motorli TsAGI-25 samolyotini yaratdi. Bu samolyotda Moskvadan Shimoliy qutb orqali Amerikaga qoʻnmasdan uchib oʻtildi. S.V. Ilyushin ikki motorli bombardimonchi RB-3 samolyotini, A.S. Yakovlev eng yengil va tez uchadigan qiruvchi YaK-1 samolyotini yaratdi. Urush yillarida Yakovlev yana boshqa koʻplab qiruvchi samolyotlarni ixtiro qildi. 1940 yil A.I. Mikoyan bilan N.G. Gurevich 7–8 km balandlikda 600 km tezlik bilan uchadigan MIG-3 samolyotini ishlab chiqdilar. V. M. Petlyakov uzoqqa ucha oladigan bombardimonchi samolyot yaratdi. Ikkinchi jahon urushida Angliyada "Tayfun", "Moskito", "Lankester", "Galifaks" nomli yangi bombardimonchi samolyotlar ishlab chiqara boshlandi, AQShda toʻrt motorli, oʻta tezuchar qalʼa B-29, "Eyrkobra", "Boing-17" bombardimonchi samolyotlari yaratildi. 1940–42 yillarda birinchi reaktiv dvigatelli samolyot "Kompini-Kaproni", KK-1, KK-2 (Italiya), "Gloster" (Angliya), "Erkomet" (AQSh)lar uchdi. 1942 yilda turboreaktiv dvigatelli Me-262, Me-263 (Germaniya), "Meteor" (Angliya) samolyotlari ishlab chiqarila boshlandi. 1945 yilda "Gloster Meteor-VI" samolyotida uchish tezligi boʻyicha jahon rekordi oʻrnatildi (969,9 km/soat), 1947–48 yillarda sobiq Ittifoqda La-15 va MiG-15 reaktiv samolyotlari, YaK-23 reaktiv qiruvchi, IL-28 va Tu-14 bombardimonchi samolyotlar yaratildi. 50–60-yillarda aerodinamika fanidagi yutuqlar, yuqori quvvatli dvigatellarning yaratilishi "tovush tezligi"dan tez uchadigan samolyotlarni yaratishga imkon berdi. Ular boshqariladigan raketalar bilan qurollantirildi. Yadro quroli va turli raketalar bilan qurollangan qiruvchi samolyotlar, razvedkachi, bombardimonchi, transport samolyotlari reaktiv hamda turbovintli motorlar bilan taʼminlandi. 80–90-yillarda Mig, Yak, Su markali samoletlarning turli zamonaviylashtirilgan modellari, AQShda "Fantom" F-4, F-111, SR-71, Fransiyada "Miraj III", "Miraj-IV", Angliyada "Xarrier" samolyotlari ishlab chiqarila boshlandi. Qurolli kuchlar ixtiyorida boʻlgan A. oʻz vazifasiga koʻra jangovar harbiy dengiz, havo hujumiga qarshi mudofaa hamda transport Aviatsiyalariga, harbiy samolyotlar oʻz taktik-texnik koʻrsatkichlari jihatidan ogʻir strategik, oʻrta strategik, engil taktik bombardimonchi, qiruvchi, razvedkachi, havoda samoletlarning benzin olishiga imkon beradigan samolyotlar va transport samolyotlariga boʻlinadi.

Oʻzbekistonda[править | править код]

Oʻzbekiston SSR samolyotsozlik rivojlangan mamlakatlardan biri hisoblanar edi. Oʻzbekiston SSRda samolyotlar ishlab chiqarish 40-yillar boshiga toʻgʻri keladi. Ulugʻ Vatan urushi boshlanishi bilan 1941 yil Ximki shahri (Moskva viloyati)dan Toshkentga koʻchirib keltirilgan V.P. Chkalov nomidagi aviatsiya zavodi negizida barpo qilingan Toshkent aviatsiya zavodi (1996 yildan "Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi" davlat aksiyadorlik jamiyati)da dastlab jangovar samolyotlar tayyorlangan. Urushdan keyingi yillarda IL-14, 1958 yildan transport samolyotlari AN-10, AN-8, AN-12, 1966 yildan AN-22 "Antey" samolyotlari, 1973 yilda 40 t yuk koʻtaradigan birinchi superlayner Il-76 ishlab chiqarildi. Il-76 samolyotning uchish tezligi 850 km/soat, uchish balandligi 12,1 km, uchish uzoqligi 8 ming km. 90-yillarda zavodning asosiy mahsuloti IL-76 MF transport samolyotlari boʻldi. 1992 yilda birlashma oʻzining birinchi yangi Il-114 samolyotini qurdi. 1995 yil bu samolyot Jukovskiy shahrida oʻtkazilgan koʻrgazmaga qoʻyildi. 1997 yilda avgustda Davlatlararo aviatsiya qoʻmitasining Aviaregistri tomonidan Il-114 samolyotiga uchishga yaroqli degan sertifikat berildi. Bu samolyot (64 oʻrinli, ikki dvigatelli) S.V. Ilyushin nomidagi konstruktorlik byurosida yaratilgan boʻlib, ekologik jihatdan toza, shovqinsiz, tejamli, qulayligi bilan ajralib turadi; yengil boshqariladi, betonli va gruntli yoʻlkadan uchib chiqadi va qoʻnadi. Uning maksimal tezligi 530 km/soat, uchish balandligi 7800 m, uchish uzoqligi 1000 km. Dvigateli Rossiya va Kanada mamlakatlarida ishlab chiqariladi. 1997 yilda S. Ilyushin nomidagi aviatsiya kompaniyasi (Rossiya) Il-114 samolyotini ishlab chiqarish va Il-76 MF samolyotini taʼmirlash huquqini beradigan xalqaro sertifikatlarni Toshkent aviasozlariga topshirdi.

Ammo keyinchalik V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi Toshkent mexanika zavodiga aylantirilib samolyot chiqarish musatqil Oʻzbekistonda toʻxtatildi.

Adabiyotlar[править | править код]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Виноградов Р.И., Пономарёв А. Н., Развитие самолётов мира, М., 1991
  • Рузметов А.Г., Крылья независимого Узбекистана, Т., 1999.