Badaxshon

Материал из УзЭнц
Badaxshon oʻlkasi

Badaxshon (toj. -{Бадахшон}-; fors. -{بدخشان}-) — tarixiy va tabiiy oʻlka. Amudaryoning yuqori oqimida, daryoning har-ikkala sohilida joylashgan. Hududi butunlay togʻlar bilan qoplangan.

Badaxshon Pomir togʻlarining bir qismi boʻlib, ikki oʻlkadan iborat: 1) Gʻarbiy Pomirni ishgʻol qilgan Togʻli-Badaxshon muxtor viloyati (Tojikiston Respublikasi); 2. Shim.-sharqiy Afgʻonistonni ishgʻol qilgan katta oʻlka. B. qadimdan savdo markazi boʻlib, chetga laʼl, yoqut va zumrad chiqargan. Laʼlni badaxsh yoki balaxsh deb yuritganlar. B. toponimi shundan olingan boʻlishi ehtimol. Miloddan avvalgi 2- a.da B. Toharistonga, soʻng Kushon podsholigiga tobe boʻlgan. 5—6- a.larda eftalitlar, 8- a.da arablar, 12- a.ning 2-yarmida gʻuriylar, 13-asrning 1-choragidan moʻgʻullar qoʻl ostida boʻlgan. B.da 15—16- a.larda temuriylar hukmronlik qilgan. 1520 y. Bobur B.ni oʻgʻli Humoyunga topshirdi. 1584 y. B.ni Abdullaxon II egallagan. 17-asrda ashtarxoniylar, keyinroq Dahbed (Samarqand) sayyidlaridan Mir Yorbek (1656— 1706) asos solgan sulola hukmronlik qildi. Mir Yorbek B.ning poytaxti Fayzobod (Juzgʻun) shahriga asos solgan. B.da 18—19-asrlarda hukmronlik Qunduz beklariga oʻtgan. 1872 y.da tuzilgan rus-ingliz ahdnomasiga muvofiq Buxoro xonligi bilan Afgʻonistonning B.dagi chegarasi Panj daryosi deb hisoblandi. 1873 y. Afgʻoniston xoni Doʻstmuhammadxon B.ni oʻz davlatiga qoʻshib olgan (yana q. Afgʻoniston).

Aholisi[править | править код]

Badaxshon oʻlkasi aholisining asosiy qismini, yaʼni taxminan 70 foizini tojiklar tashkil etadi. Badaxshonning Tojikistonga tegishli hududida ushbu tojiklar tojik tilida, Afgʻonistonga tegishli hududida esa dari tilida soʻzlashishadi. Shuningdek ushbu oʻlkada juda koʻp turli Pomir xalqlari istiqomat qiladi. Oz miqdorda pushtunlar, oʻzbeklar va qirgʻizlar mavjud. Aholi dindorlarining asosiy qismi musulmonlardir. Tojiklar, oʻzbeklar, qirgʻizlar va pushtunlar orasida islom dining asosan sunniylik mazhabi keng tarqalgan. Pomir xalqlari orasida asosan shia mazhabining ismoiliylik yoʻnalishi, baʼzilari orasida zardushtiylik dini tarqalgan.

Adabiyotlar[править | править код]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil