Bobotogʻ

Материал из УзЭнц

BOBOTOGʻ — Surxondaryo viloyatining sharqidagi togʻ tizmasi. Oʻzbekiston va Tojikiston Respublikalari chegarasida, Surxondaryo va Kofarnihon daryolari oraligʻida shim.sharqdan jan.gʻarbga tomon Amudaryo sohiligacha choʻzilgan. Uz. kariyb 125 km, eni 30– 40 km. Eng baland choʻqqisi — Zarkosa togʻi, 2290 m. Asosan paleogen va yura davri ohaktoshlari, gil, alevrolit, qumtoshlardan tarkib topgan. B. ning sharqiy yon bagʻri tik va ensiz, togʻ oldi tekisliklari Kofarnihon daryosi terrasalarida joylashgan. Gʻarbiy yon bagʻri ancha yotiq va keng , asosiy qismi past togʻlardan iborat. B.ning yon bagʻirlari koʻplab quruq soylar bilan parchalangan. Bu yerda karst keng Tapkalgan. Iqlimi quruq va keskin kontinental. Oʻrtacha yillik havo temperaturasi togʻ etaklarida 16°, oʻrtacha balandliklarda 8—10°. Yillik yogʻin miqdori 170 mm dan 350–400 mm gacha. Togʻ yon bagʻirlarida buloqlar, qish va bahorda toʻlib oqib, yozda qurib qoladigan soylar bor. Boʻz va jigarrang togʻ tuproqlarida xilmaxil efemer, efemeroid oʻsimliklar oʻsadi. 800–900 m balandliklarda naʼmatak, zirk, bodom va pistazorlar uchraydi. Undan baland joylarida (Besharcha, Zarkosa togʻlari) archazorlar bor. B. Oʻzbekistonning yovvoyi togʻ echkilari yashaydigan r-nlaridan biri. Togʻ oldilari mol boqiladigan yaylov. Qumqoʻrgʻon tumanining "Oqqopchigʻay" jamoa xoʻjaligida dunyoga mashhur sur qorakoʻl terisi olinadigan qorakoʻl qoʻylari boqiladi. Tokchilik xoʻjaliklari ham tashkil qilingan. B.ning Kofarnihon vodiysida sugʻoriladigan dehqonchilik rivojlangan. B.da inson xoʻjalik faoliyati taʼsirida eroziya, yaylov degressiyasi (yemirilishi) keng tarqalgan. Alohida muhofaza qilinishi zarur boʻlgan landshaft koʻp.

Adabiyotlar[править | править код]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil