Burhonov, Mutal Muzayyinovich

Материал из УзЭнц

Mutal (Mutavakkil) Muzayyinovich Burhonov (1916-yil 5-may, Buxoro — 2002-yil 15-iyun, Buxoro) — kompozitor, Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1964), Oʻzbekiston xalq artisti (1974).

Tarjimai holi[править | править код]

Oʻzbekistonda a kapella janri asoschilaridan. Samarqand musiqa va xoreografiya institutida (1928—32), Moskva konservatoriyasida (1939—41, 1946—49) taʼlim olgan. Oʻsha yillari "Alisher Navoiy" dramasi (Uygʻun va I. Sulton, 1943)ga musiqa, qator kamervokal va kamer cholgʻu asarlar yaratdi. Ulugʻ Vatan urushida Moskva mudofaasi qatnashchisi (1941). Oʻzbekiston radiosida badiiy rahbar (1949—51), Oʻzbekiston Kompozitorlar uyushmasi boshqaruvining raisi (1955—60).

Ijodi[править | править код]

Ijodida vokal musiqasi, ayniqsa, romans, joʻrsiz xor va vokalsimfonik janrlar asosiy oʻrin tutadi: "Tabassum qilmading", "Namedonam Chi nom dorad", "Ishqida" va boshqa romanslari, "Alisher Navoiyga qasida" (A. Oripov, 1968) va boshqa sharq xalqlari qoʻshiqlarini joʻrsiz xor uchun mahorat bilan, milliy musiqaga xos nafislik va jozibalilikni toʻla saqlagan holda qayta ishlagan: qozoqcha "Dudaray", eroncha "Goʻle gandum", oʻzbekcha "Goʻzal qizga", afgʻoncha "Chashmi siyoh" va boshqa koʻpgina bolalar qoʻshiqlari, qator filmlar ("Surayyo", "Abu Ali Ibn Sino", "Maftuningman", "Orol baliqchilari", "Boy ila xizmatchi" kabi)ga musiqa bastalagan. "Alisher Navoiy" operasi (1986), "Abadiy xotira" rekviyemi (1996), "Koʻngil xazinasi (Burhonnoma)" kitobi (1998) muallifi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi musiqasini yozgan [1992-yildagi; Oʻzbekistonning ilgarigi Davlat madhiyalari (1947, 1978) musiqasini ham Burhonov yaratgan]. Berdaq nomidagi Qoraqalpogʻiston Davlat va Hamza nomidagi Oʻzbekiston SSR Davlat mukofotlari laureati (1964, 1970). "El-yurt hurmati" ordeni bilan mukofotlangan (2001).[1][2]

Manbalar[править | править код]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. Янов-Яновская Н., Мутал Бурханов, Т., 1999.