Defektologiya

Материал из УзЭнц

Defektologiya (lot. defectus — nuqson va yunon. -{λόγος}- — taʼlimot, fan) — jismoniy va ruhiy nuqsonli bolalar rivojlanishining psixofizik xususiyatlarini oʻrganish, ularga maxsus taʼlim-tarbiya berish, undagi nuqsonlarni yoʻqota borish qonuniyatlarini oʻrganuvchi fan.

Asosiy boʻlimlar va metodlar[править | править код]

Koʻr va koʻzi ojiz, kar va qulogʻi ogʻir, aqli zaif, tayanch-harakat apparatida nuqsoni bor, nutq kamchiligiga ega boʻlgan bolalar defektologiya fani obyektidir. Shunga koʻra defektologiya 4 alohida sohaga boʻlinadi:

  • surdopedagogika (kar va qulogʻi ogʻir bolalarni oʻqitish, tarbiyalash usullarini oʻrganadi);
  • tiflopedagogika (koʻr va koʻzi ojiz bolalarni oʻqitish va tarbiyalash masalalarini tadqiq etadi);
  • oligofrenopedagogika (aqli zaif bolalarni oʻqitish va tarbiyalash qonuniyatlarini ishlab chiqadi);
  • logopediya (nutq kamchiliklari boʻlgan bolalarni oʻqitish hamda tarbiyalash nazariyasi va amaliyoti bilan shugʻullanadi).

Dastlab surdopedagogika va tiflopedagogika paydo boʻlgan (1770 yilda karlar uchun Ispaniyada, 1784 yilda koʻrlar uchun Parijda maxsus muassasa ochilgan). Keyinchalik logopediya va oligofrenopedagogikaga asos solingan. Nuqsonli va psixofizik kamchiligi bor bolalarning ruhiy qonuniyatlarini oʻrganuvchi maxsus psixologiya, shuningdek, taʼlim-tarbiya berish, nuqsonlarni tuzatish, tiklash vositalarini ishlab chiquvchi surdotexnika va tiflotexnika ham defektologiyaga kiradi. Defektologiya anatomiya, fiziologiya, patofiziologiya, nevrologiya, nevropatologiya, eshitish, koʻrish va nutq patologiyasi, maktab gigiyenasi, umumiy va pedagogik psixologiya, pedagogika, tilshunoslik, bolalar psixologiyasi va boshqa fanlar bilan uzviy bogʻlangan. Defektologiyaning asosiy vazifasi nuqsonli bolalarni aniqlash, tashhis usullarini ishlab chiqish, ular uchun maxsus va mujassamlashtirilgan taʼlim-tarbiyani tashkil etish, aqliy va jismoniy kamchiliklarni yoʻqotish vositalarini izlab topish, amalda qoʻllash, ularni hayotga tayyorlash, ijtimoiy foydali insonlar qilib yetishtirishdan iborat.

Defektologiya tarixi Sovet ittifoqi va Oʻzbekistonda[править | править код]

Oʻlkamizning buyuk alloma, shoir va mutafakkirlari, xususan Ibn Sino, Forobiy, Yusuf Xos Hojib, Navoiy, Amir Temur va boshqalar defektologiyani izchil va atroflicha muayyan yoʻnalishda oʻrganmagan boʻlsalar ham, oʻz asarlarida defektologik holatlarning aks etishi, namoyon boʻlishi, rivojlanishi, oʻzgarishlari toʻgʻrisida qimmatli fikrlar bildirishgan. Oʻzbekistonda defektologiyaning ilmiy-nazariy, metodik va amaliy tadqiqotlari bilan G.Sh. Aytmetova, Ye.D. Gordiyenko, L.R. Moʻminova, R. Shomaxmudova, Gʻ. Shoumarov va boshqalar shugʻullangan. Jismoniy va ruhiy nuqsonli bolalarni jamiyatga foydali kishilar qilib tarbiyalash uchun Oʻzbekistonda maxsus maktabgacha tarbiya muassasalari, maxsus maktablar, maxsus internat maktablar mavjud. Toshkent pedagogika universitetinnng pedagogika va defektologiya fakultetida maxsus maktab va muassasalar uchun defektolog kadrlar tayyorlanadi (1967 yildan).[1]

Adabiyot[править | править код]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil