Eron togʻligi

Материал из УзЭнц

Eron togʻligiGʻarbiy Osiyodagi yirik togʻlik, asosan, Eronda, shuningdek, Afgʻoniston va Pokistonda, qisman Iroq va Turkmaniston jan.

da. Gʻarbda Mesopotamiya pasttekisligi va sharqda Hind vodiysi oraligʻida joylashgan. Uzunligi gʻarbdan sharqqa 2500 km, shim.dan janubga 1500 km ga choʻzilgan, maid. 2,7 mln. km². Eron togʻligi alphimolay geosinklinal oblastida alp orogenezi natijasida vujudga kelgan. Relyefi murakkab, burmali va burmalipalaxsali togʻlar bilan birga ular orasida akkumulyativ tekisliklar ham uchraydi. Keng ichki yassitogʻliklar (balandligi 500 m dan 2000 m gacha) shim.dan Elburs (balandligi 5604 m), TurkmanistonXuroson, Paropamiz, Hindukushning gʻarbiy tizmalari bilan, jan.dan Zagros, Makron, Sulaymon togʻlari bilan oʻralgʻan. Yassitogʻliklar ichki qismida berk botiqdar, chekkalarida Dashti Kavir, Dashti Margʻo, Dashti Lut va boshqalar qumli choʻllar, shoʻrxoklar bor. Choʻlli botiqlar qir va togʻlar (Koʻhirud, Sharqiy Eron va boshqalar) bilan ajralgan. Iqlimi subtropik kontinental, quruq iqlim. Ichki yassitogʻliklarda yillik yogʻin 100 mm, togʻlarda 500 mm gacha, Sulaymon va Elburs togʻlarining tashqariga qaragan yon bagʻirlarida 1000–2000 mm gacha. Daryolari (Hilmand, Safedrud, Hirirud va boshqalar) kamsuv, qisqa, asosan, sugʻorishda foydalaniladi. Oʻsimliklari chala choʻl va choʻl hamda quruq dashtga xos. Sharqiy yon bagirlarida savanna, siyrak oʻrmonlar, shim. yon bagʻirlarida sernam keng bargli subtropik oʻrmonlar bor. Tuprogʻi, asosan, boʻz tuproq. Hayvonot dunyosida sudralib yuruvchilar, hasharotlar va oʻrgimchaklar keng tarqalgan. Voha dehqonchiligi va yaylov chorvachiligi bilan shugʻullaniladi.