Filosofiya

Материал из УзЭнц

Filosofiya, baʼzida falsafa — insonning dunyoda tutgan oʻrni va dunyoqarashining yaxlit tizimini ifodalovchi maʼnaviy faoliyatining bir shakli.

Milodiy 2—3-asrlarda oʻtgan yunon filosofi Diogen Laertskiyning guvohlik berishicha, yunon mutafakkiri Pifagor birinchi boʻlib oʻzini "filosof" deb atagan. Bu soʻz Geraklitning filosofskiy taʼlimotida narsalarning tabiatini tadqiq etishga nisbatan qoʻllanilgan, tadqiqotchining oʻzi esa "filosof" deb atalgan. Keyinchalik "filosof" soʻzi har taraflama keng, tushunarli va haqqoniy fikr yuritishga intiluvchi kishiga nisbatan qoʻllanilgan.

Filosofiyaga haqiqatga eltuvchi taʼlimot sifatida yondashgan sokratchilar maktabi vakillari nuqtaʼi nazaridan qarasak, "haqiqatga muhabbat", "haqiqatni sevish" degan maʼno kelib chiqadi.

Filosofiya haqida fan tarixida turlicha, hatto bir-biriga qarama-qarshi qarashlar mavjud. Filosofiyaga hamma fanlarning boshlanishi, olamning asl mohiyatini va universal qonunlarini ochuvchi fan deb yondashishdan tortib uni oʻz tadqiqot obyekti va predmetiga ega boʻlmagan mavhum va oʻta umumlashgan, inson uchun foydasiz bilimlar majmui deb hisoblovchilar ham uchraydi.

Insoniyat foydalanayotgan barcha bilimlar filosofiyadan boshlanib, filosofskiy xulosa bilan yakunlanadi. Filosofiyani fan darajasiga olib chiqqan Platon uni "mavjudlikni, mangulikni va doimiylikni bilish", Aristotel "narsalarning sabablari va asosiy tamoyillarini tadqiq etuvchi fan" deb bilgan, stoiklar uni nazariy va amaliy tafsilotlarga intilish deb, epikurchilar unga "aql vositasida baxtga erishish yoʻli" deb qaragan. Forobiy filosofiyani "hikmatni qadrlash" yoki fikrlash sanʼati deb bilgan. Oʻrta asrlar xristian filosofiyasida u "tabiiy aql nuri vositasida erishiladigan dunyoviy donolik" (teologiya esa ilohiylik nuri vositasida erishiladigan ilohiy donolik) deb taʼriflangan.

Filosofiya Bekon va R. Dekart filosofiyani "tushunchalar shakliga burkangan yaxlit, yagona fan" deb hisoblashgan. X. Volf filosofiyani "barcha mumkin narsalar va ularning qay maʼnoda va nega mumkinligi haqidagi fan" desa, Immanuil Kant filosofiyaga "dunyoni qanday tushunish haqidagi, butun bilishning inson aqlining tub maqsadlariga munosabati haqidagi fan" sifatida yondashishni taklif etadi. Fixte Filosofiyaga "qalb maʼrifati, maʼnaviy maʼrifat" deb baho bergan boʻlsa, Shelling voqelikning butun koʻlami va teranligini oʻz tajribasiga koʻra bilib olishni filosofiya deb hisoblangan. Gegel predmetlarni fikran qarab chiqishni filosofiya deb atab, unga "oʻz-oʻziga ergashuvchi aql haqidagi fan" sifatida taʼrif bergan. Shopengauer dunyoning butun mohiyatini abstrakt, yalpi umumiy va ravon shakldagi tushunchalarda ifodalash filosofiyaning asosiy vazifasi deb bildi.

Tarkibiy qismlari[править | править код]

Filosofiyaning tarkibiy qismlariga bilish nazariyasi (gnoseologiya), metafizika (ontologiya, kosmologiya, filosofskiy antropologiya, mavjudlik filosofiyasi, teologiya), mantiq, etika, estetika, huquq filosofiyasi, naturfilosofiya, fan filosofiyasi, tarix va madaniyat filosofiyasi, siyosat filosofiyasi, din filosofiyasi, psixologiya va boshqa kiradi. Bulardan tashqari, hozirgi zamon filosofiyasida tibbiyot, tilshunoslik, musiqa, kibernetika va boshqa aniq fanlarning umummetodologik jihatlarini oʻrganuvchi filosofiya yoʻnalishlari vujudga kelmokda. Filosofiyaning dunyoqarashlik, gnoseologik, metodologik, sotsiologik, aksiologik, antropologik, mantiqiy, psixologik va mafkuraviy funksiyasi bor.

Filosofiya tarixi — inson tafakkuri taraqqiyoti tarixidir. Filosofiya tarixiga oid adabiyotlarda insoniyat tarixida xitoy filosofiyasi, hind filosofiyasi, yevropa filosofiyasi ajratib koʻrsatiladi.

Yirik diniy taʼlimotlar sifatida buddaviylik filosofiyasi, islom filosofiyasi, hinduiylik filosofiyasi, xristianlik filosofiyasini koʻrsatish mumkin.

Tarixi[править | править код]

Ilk filosofskiy taʼlimotlar qadimiy Hindiston, Xitoy va Yunonistonda paydo boʻlgan. Qadimgi Hindistondagi filosofskiy maktablar 2 turga boʻlinib, biri vedalaraxm kelib chiqqan va ularga suyanuvchi maktablar (vedanta, yoga, vaysheshika, nyaya, sankxya), ikkinchisi vedalarni rad etuvchi maktablar (jaynizm, buddizm, lokoyata) hisoblanadi. Qadimgi Xitoydagi dastlabki filosofskiy taʼlimotlar miloddan avvalgi 7-asrda vujudga kelgan. U Qadimgi Xitoy yozma manbalarida uchrab, bu manbalarga "Qoʻshiqlar kitobi", "Bahor va kuz" kabi qadimiy yodgorliklar va Konfutsiyning "Aforizm"larini, daosizmni kiritish mumkin.

Oʻrta Osiyodagi filosofskiy qarashlar qadimgi yozuvlar, tangriga eʼtiqod qilish tamoyillarida va zardushtiylikning muqaddas kitobi Avestoda oʻz ifodasini topgan. Bundan tashqari, Sharq xalqlarining tabiatning asosiy unsurlari yer, suv, havo va olovni eʼzozlash haqidagi naturfilosofskiy qarashlari va gʻoyalari Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlariga keng yoyilib Qadimgi Misr, Bobil, Lidiya mamlakatlari xalqlarining tafakkur tarziga singib ketgan. Yunonistonning ilk filosofskiy maktabi — Milet maktabi ham oʻz gʻoyalarini Sharqdan olganligi tadqiqotchilarga maʼlum. Miloddan avvalgi 2—1-asrlarda Marv, Balx, Termiz, Sigʻnoq, Samarqand, Buxoro zaminini oʻziga qamrab olgan hududda kushonlar saltanati qaror topib, unda budda dini xukm suradi, uning filosofiyasi bu joyda yashovchi xalqning tafakkur tarziga oʻz taʼsirini oʻtkazadi. Ammo Avesto gʻoyalari xalq ongidan butunlay chiqib ketmaydi. Milodiy 3-asrga kelib tenglik gʻoyalarini ilgari suruvchi moniylik taʼlimoti paydo boʻldi. Bu taʼlimot mazdakiylar harakatining maʼnaviy tayanchi boʻlgan.

Yunon filosofiyasi[править | править код]

Yunonistondagi filosofskiy maktablar, asosan, miloddan avvalgi 6—5-asrlardan vujudga kela boshladi va uning taraqqiyot bosqichlari klassik ellinizm va rimellinizm davrlariga boʻlinadi. Ellinistik filosofiya davri Sokratgacha davr (Milet maktabi, Eleya maktabi) va klassik (attik) Filosofiyani (Sokrat, Platon, Aristotel) oʻz ichiga oladi. Sokratgacha davr filosofiyasi kosmologik (gilozoistik) filosofiya va antropologik davrlarni oʻziga qamrab oladi. Dastlabki kosmologik filosofskiy taʼlimot Falesga tegishli. U Anaksimandr, Anaksimen, Ferekid, Diogen bilan birgalikda Ioniya naturfilosofiya maktabiga mansub. Ulardan soʻng borliq haqidagi taʼlimot bilan Ksenofan, Parmenid, Zenon (Eleyalik), Meliss shugʻullanganlar. Ular bilan birga Pifagor maktabi (Pifagor, Fillolay, Alkmeon, Arxit; miloddan avvalgi 6—4-asrlar) faoliyat koʻrsatgan. Bu davrda antropologik sofistika maktabi vakillari Protagor, Gorgiy, Gippiy, Prodik ijod qilishgan. Miloddan avvalgi 3—2-asrlarda stoiklar (Zenon Kitionlik), epikurchilar (Epikur, Lukretsiy), neoplatonchilar (Plotin) yunon filosofiyasiga oʻz hissalarini qoʻshishgan. Ayniqsa, Sokrat, Platon, Aristotel filosofiyasi yunon filosofiyasining shuhratini oshiradi. Yunon filosofiyasidagi asosiy qarashlar Aleksandr Makedonskiy (Buyuk Aleksandr)ning Sharqqa istilochilik yurishlari davrida Markaziy Osiyoga ham kirib keldi.

Islom dini filosofiyasi[править | править код]

Islom dini singdirilgan mamlakatlardagi filosofskiy taʼlimotlar quyidagicha oʻrganiladi:

  • ilk islom filosofiyasi (6—8-asrlar);
  • sharqiy islom filosofiyasi (Movarounnahr va Xurosondagi filosofskiy taʼlimotlar);
  • gʻarbiy islom filosofiyasi.

Ilk islom filosofiyasi davri yunon filosofiyasining arab va suryoniy tillariga tarjima etilishi, bu tarjimalarda yahudiylik va xristianlik aqidalarining ustuvorlik qilishi bilan ajralib turadi. Bu davrda islomdagi jabariylar bilan qadariylar, moʻtaziliylar bilan mutakallimlar oʻrtasida filosofskiy qarama-qarshiliklar boʻlgan. Sharqiy islom filosofiyasida dunyoviy va diniy gʻoyalarning, turli xalq va sivilizatsiyalarning tafakkur tarzi sintezlashgan. Shuningdek, tabiatshunoslik ilmlaridagi yirik kashfiyotlarni (masalan, kimyo ilmining vujudga kelishi) filosofskiy asoslash, hisoblash madaniyatining tubdan oʻzgarishi (Xorazmiy sistemasi) bilan bogʻliq belgilar koʻzga tashlanadi.

Filosofiyaning keyingi ravnaq topishi Oʻrta Osiyoda temuriylar davri bilan boshlanadi. Amir Temur filosofskiy gʻoyalarning mamlakat istiqboliga xizmat qilishini bilgan holda ilm-fan ravnaqiga raxnamolik qildi. Dini va millatidan qatʼiy nazar, bosib olingan hududlarda olimlar, ijodkorlar va ziyolilar poytaxt Samarqandga olib kelindi. Bu esa mamlakat ravnaqiga xizmat qildi. Bu davrda Oʻrta Osiyoda tasavvuf filosofiyasi, tabiatshunoslik filosofiyasi, mantiq filosofiyasi va axloqiy taʼlimotlar rivojlandi (Rudakiy, Firdavsiy, Nizomiy, Saʼdiy, Jaloliddin Rumiy, Taftazoniy, Jurjoniy, Ulugʻbek, Xoja Ahror, Fuzuliy, Nasimiy, Jomiy, Navoiy, Muhammad Qozi, Maxdumi Aʼzam, Bobur, Mashrab, Bedil va boshqalar).

Ushbu davrda oʻsishning sababi sifatida dinning hayotning turli jabhalariga aralashmaganligi, maydalashib ketmaganligi sabab qilib koʻrsatilinadi. Rostdan ham, bosqinchi arablar singdirayotgan dinning har narsaga aralashaverishga imkoni yoʻq edi.

Shuni qayd etish lozimki, islom filosofiyasi oʻzidan ilgari oʻtgan barcha dinlar bilan bogʻliq ilmiy anʼanalarni oʻzlashtirib olgan. Islom filosofiyasi rivojiga iudaizm, xristianlik, buddizm va boshqa diniy taʼlimotlar katta hissa qoʻshgan va taʼsir koʻrsatgan.

Yevropa filosofiyasi[править | править код]

Yevropa filosofiyasi esa oʻzidan oldingi barcha filosofskiy fikrni ilmiy bilimlarni jamiyat taraqqiyotiga xizmat qildirish bilan bogʻlagan. Toʻgʻri, Yevropadagi diniy sxolastik filosofskiy gʻoyalar jamiyat taraqqiyotiga salbiy taʼsir qildi. Lekin, arab olimlarining tarjimalari tufayli antik davr fani va filosofiyasi, qadriyatlarini qoʻlga kiritgan yevropalik olimlar jamiyatni bamisoli qayta uygʻotishdi. Yevropa filosofiyasi sxolastik davri, Uygʻonish davri, yangi davr va nemis klassik filosofiyasi davrlariga boʻlinadi. Sxolastika davri sxolastika ravnaqi (Buyuk Albert, Foma Akvinskiy, R. Bekon) va sxolastika inqirozi (Dune Skot, tomizm, U. Okkam) davrlariga boʻlinadi. Uygʻonish davrida italyan gumanizmi, reformatsiya, tabiatshunoslik filosofiyasi, ijtimoiy xayoliy nazariyalar ilgari surilgan. Yangi davrda filosofiya Bekon, R.Dekart, T.Gobbs, J.Lokk, Spinoza, Leybnits, X.Volf, J.Berkli, D.Yum, GT.Beyl, Sh.Monteskye, Volter, Russo, D.Didro, D’Alamber, J.Lametri, P.Golbax va boshqa filosoflar ijod qilishgan. Nemis klassik Filosofiyasi Gerder, Kant, Fixte, Shelling , Gegel, Feyerbax nomlari bilan bogʻlangan.

Filosofiya tarixidagi filosofskiy maktab va oqimlar oʻzlari ilgari surayotgan filosofskiy gʻoyaning mazmuniga qarab quyidagi yoʻnalishlarga boʻlinadi: empirizm va ratsionalizm, nominalizm va realizm, materializm va idealizm, skeptitsizm va antiskeptitsizm, agnostitsizm, dogmatizm va relyativizm kabilar.

19—20-asrlardagi filosofskiy oqimlar: Shopengauer Filosofiyasi, O.Kont pozitivizmi, marksizm, empiriokrititsizm, neokantchilik, F. Nitsshening hayot filosofiyasi, pragmatizm, neopozitivizm, postpozitivizm, neotomizm, freydizm, ekzistensializm, germenevtika, strukturalizm, relyativizm, konstruktiv empirizm, fenomenalizm va boshqalar. 21-asrga kelib har bir mintaqa, davlat va millatning tafakkur tarzini oʻzida ifoda etuvchi filosofskiy maktab va oqimlarning shakllanishidan tashqari jahondagi ijtimoiy jarayonlarning keskin va jadal oʻzgarib borishi, global miqyosga koʻtarilishi umumjahon miqyosidagi filosofskiy muammolarni hal etish zaruriyatini tugʻdirmoqda. Bunday muammolar sirasiga ijtimoiy taraqqiyotning globallashuvi, tinchlik va urush muammosi, ekologik, energetik muammolar, xom-ashyo, oziq-ovqat va chuchuk suv muammolari, demografiya, sogʻliqni saqlash, axborotlar muammosi, maʼrifat va maʼnaviyat tanqisligi muammosi va boshqalar kiradi. Bu muammolarni yechish yoʻllarini koʻrsatish va tahlil etish 21-asr filosofiyasining dolzarb vazifasidir.

Oʻrta Osiyo filosofiyasi Sharq filosofiyasining tarkibiy qismidir. Uning tarixiy ildizlariga qadimiy Turon xalq ogʻzaki ijodiga oid hikmatlar, dostonlar, maqol va rivoyatlar, mutafakkirlarning filosofskiy asarlari, zardushtiylik muqaddas kitobi Avestodagi ezgulik gʻoyalari, tariximizda oʻtgan moniylik, mazdakiylik, buddaviylik, yahudiylik, xristianlik dinlaridan kirib kelgan hikmatlar, tasavvuf filosofiyasi, moturidiylik taʼlimoti, kubroviylik, yassaviylik, naqshbandiya tamoyillari, vatanparvarlik goyalari, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar kiradi. Bu filosofiya jahon filosofskiy merosi durdonalaridan oziq oladi.

Oʻzbekiston hududida[править | править код]

Oʻzbekiston filosofiyasi 20-asrda sovet davrida shakllandi. Unda Oʻzbekiston SSRda yashovchi turli millat va elat vakillari ishtirok etishgan. Masalan, S. Ayniy va Toʻgʻonlarning filosofiya tarixiga oid bir qancha maqolalari bosilib chiqdi. Ulugʻ Vatan urushi davrida Oʻzbekiston SSR FA tashkil etilishi ijtimoiy fanlar, xususan, filosofiya fani taraqqiyotiga turtki berdi. Bu davrda S. Valiyev, J.M. Boboyev, H.Gʻ. Rasulov, A.L. Ayupov, S. Azimov, I. Moʻminov, V. Zohidovlar filosofiya faniga sezilarli hissa qoʻshishdi. Oʻzbekiston SSRda filosofiya tarixi (V. Zohidov, M.M. Xayrullayev, M. Baratov, H.F. Vohidov, A. Sharipov), tabiatshunoslik filosofiyasi va bilish nazariyasi (O. Fayzullayev, B. Ismoilov, J. Tulenov, K. Ivanova, M. Abdullayeva), mantiq (M. Xayrullayev, K. Haqberdiyev, M.X. Nurmatov, L.Ye. Garber), madaniyat filosofiyasi (K. Sodshov, S.Shermuhamedov, N. Gʻoyibov), din va dinsizlik (S. Azimov, A. Ortitov, M.A.Usmonov, J.Bozorboyev), axloq (Y. Jumaboyev, X. Aliqulov, X. Shayxova), ijtimoiy filosofiya va siyosatshunoslik (E. Yusupov, R. Abdushukurov, K. Valiyev, H. Pulatov, S. Tursunmuhamedov, Q. Xonazarov) yoʻnalishlari boʻyicha tadqiqotlar olib borildi.

Sovet Ittifoqi parchalanganidan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi filosofiya fani oldida, mafkurafiy sabablarga koʻra, uni kommunizm gʻoyalaradan tozalash, jamiyat taraqqiyotining qonuniyatlarini filosofskiy analiz qilish, istiqlol gʻoyasining ilmiy-nazariy asoslarini oʻylab topish, respublikada qurilishi rejalashtirilgan huquqiy, demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining rivojlanish xususiyatlarini ochib berish kabi vazifalar paydo boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi birinchi prezidenti I.A. Karimov 1998 yilda "Tafakkur" jurnali bosh muharririning savollariga bergan javobda yangi jamiyatni bunyod qilishda "milliy mafkura va u tayanadigan milliy filosofiyaning" roliga katta baho berar ekan, gʻoyaga qarshi faqat gʻoya, fikrga qarshi faqat fikr, jaholatga qarshi faqat maʼrifat bilan bahsga kirishish kerakligini taʼkidlagan.

Hozirgi davrda respublika filosoflari oldida ijtimoiy voqelikning qonuniyatlarini tadqiq etish, mamlakatning istiqboli uchun xizmat qiluvchi gʻoyaviy zaminni yaratishdek muhim vazifalar turibdi.

Oʻzbekistonda filosofiya boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oliy oʻquv yurtlari filosofiya kafedralarida, filosofiya va huquq institutida olib boriladi. OʻzMUda Filosofiya fakulteti mavjud. Respublikada Oʻzbekiston filosoflari milliy jamiyati faoliyat koʻrsatmoqda. Filosofiyaga oid ilmiy tadqiqotlar "Oʻzbekistonda ijtimoiy fanlar" (Oʻzbekiston FA nashri), "Filosofiya va huquq" (Oʻzbekiston FA filosofiya va huquq instituti, Oʻzbekiston filosoflari milliy jamiyatining nashri), "Tafakkur" jurnallarida chop etiladi.

Manbalar[править | править код]




Adabiyot[править | править код]

  • Диоген Лаэртский, О Жизни, учениях и изречениях знаменитых философов, М., 1979;
  • Forobiy, Fozil odamlar shahri, T., 1993;
  • Moʻminov I. M. Oʻzbekistondagi tabiiy-ilmiy va ijtimoiy-filosofskiy tafakkur tarixidan lavhalar, T., 1998;
  • Классическая наука Средней Азии и современная мировая цивилизация, Т., 2000.