Fraksiya (siyosat)

Материал из УзЭнц

Fraksiya (lot. fractio — yemirib, buzib tashlash) — 1) biror-bir siyosiy partiyaning siyosatini parlamentda ifoda etuvchi, mahalliy oʻzini-oʻzi boshqaruvda, jamoat tashkilotlarida oʻz organlariga ega boʻlgan ayni partiya vakillaridan iborat tashkiliy guruh; 2) aniq gʻoyaviy-siyosiy strategiyaga, bu strategik maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan platformaga ega boʻlgan siyosiy partiyaning alohida qismi.

1996 yil 26 dekabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining "Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida"gi qonunining 13-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Parlamentida oʻz partiyalarining gʻoyaviy-siyosiy maqsadlarini roʻyobga chiqarish, partiya dasturlari va platformasida ilgari surilgan rejalarni amalga oshirish uchun tegishli siyosiy partiyalardan nomzodi koʻrsatilgan deputatlarning taʼsis majlislarida ushbu partiyaning fraksiyasi tuzilishi mumkin. Fraksiya uning rahbarining arizasi, taʼsis majlisining qarori va tegishli hujjatlar asosida roʻyxatga olinadi. Oʻzbekiston Respublikasining "Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida"ni qonuniga muvofiq fraksiyaning moliyaviy, texnikaviy va qulay ish sharoitini yaratish Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining tarkibida 5 ta siyosiy partiya — Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi, Oʻzbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar bloklari faoliyat koʻrsatadi (2005).

Manbalar[править | править код]