Fuqarolik

Материал из УзЭнц

Fuqarolik (рус. Гражданство, ингл. Citizenship, nationality) — jismoniy shaxsning maʼlum bir davlat bilan siyosiy-huquqiy bogʻlanishidir. Bu bogʻlanish fuqaroning tegishli davlatga nisbatan boʻlgan huquq va burchlari hamda uning oʻsha davlat tomonidan himoya qilinishida namoyon boʻladi.[1]

Fuqarolikka ega shaxs fuqaro, deyiladi.

Shaxs fuqarolikga ega boʻlgach, davlat uning hamma huquq va erkinliklarini eʼtirof etadi, ularning amalga oshishini taʼminlash choralarini koʻradi. Fuqarolarning manfaatlarini davlat, fuqarolar boshqa mamlakatlar hududida turgan vaqtda ham himoya qiladi, ularga homiylik koʻrsatadi. Oʻz navbatida, fuqarolar davlat qonunlari va qoidalarga soʻzsiz rioya qiladilar, oʻzlari uchun belgilangan majburiyatlarni bajaradilar. Bu huquq va majburiyatlar yigʻindisi fuqaroning siyosiy-huquqiy maqomini tashkil etadi, fuqarolar ana shu maqom bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan ajralib turadilar.

Fuqarolik asosan 2 yoʻl bilan qabul qilinadi:

  • tugʻilganlik dalili asosida ("filiatsiya");
  • naturalizatsiya yoʻli bilan.

Tugʻilish asosida fuqarolikga qabul qilishda 2 xil qoida: "qon huquqi" va "tuproq huquqi" qoidasi qoʻllaniladi.

"Qon huquqi" deb nomlangan qoida shu davlatning fuqarolaridan tugʻilgan shaxsni fuqaro deb tan oladi (ayrim davlatlarda ota-onasining biri tegishli fuqarolikga egaligi yetarli). Qaysi davlat hududida bu shaxsning tugʻilganligi ahamiyatga ega emas.

"Tuproq huquqi" qoidasi, fuqaroligidan qatʼiy nazar, agarda shaxs mazkur davlat hududida tugʻilgan boʻlsa, unda oʻsha shaxs fuqaro deb tan olinadi.

Naturalizatsiya yoʻli bilan fuqarolikni qabul qilish mamlakatda yashab kelayotgan shaxsning fuqarolikni olish toʻgʻrisidagi iltimosi bilan bogʻliqdir.

Oʻzbekiston fuqaroligi[править | править код]

Oʻzbekistonda fuqaroligining huquqiy holati OʻzR Konstitutsiyasining 6-bobida hamda "Oʻzbekiston Respublikasining Fuqaroligi toʻgʻrisida"gi qonun (1992 yil 2 iyul)da koʻrsatib oʻtilgan. Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yagona fuqarolik oʻrnatilgan. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi, unga qanday asoslarda ega boʻlganlikdan qatʼiy nazar, hamma uchun tengdir. Qoraqalpogʻiston Respublikasining fuqarosi ayni vaqtda Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi hisoblanadi. Fuqarolikka ega boʻlish va uni yoʻqotish asoslari hamda tartibi qonun bilan belgilanadi.

Manbalar[править | править код]

  1. Большая советская энциклопедия. Том 7. Изд-е 3-е.