Gabon

Материал из УзЭнц
Gabon Respublikasi'
Gabon davlat bayrogʻi   Gabon davlat gerbi
Bayroq Gerb
Shior: "Union, Travail, Justice"
(Fransuzcha: Ittifoq, Mehnat, Adolat)
Madhiya: La Concorde
Gabon Xaritasi
Gabon Xaritasi
Poytaxt Librevil
Rasmiy til(lar) Fransuz tili
Hukumat Prezidentlik Respublika
 • Prezident Ali Bongo Ondimba
 • Bosh vazir Emmanuel Issoze-Ngondet
Mustaqillik   Fransiyadan
 • Kuni   17-Avgust 1960-yil
Maydon  
 • Butun 267,667 -{km²}- (76-)
 • Suv (%) 3.76%
Aholi  
 • 2009 roʻyxat 1,475,000[1] (150- oʻrin)
 • Zichlik 12.1 kishi/-{km²}-
YaIM (XQT) 2016- yil roʻyxati
 • Butun AQSh$36.218 bil. (118-)
 • Jon boshiga $19 252
Pul birligi CFA Franc (XOF)
Vaqt Mintaqasi (-{UTC}-+1)
 • Yoz (-{DST}-) (-{UTC}-+1)
Qisqartma -{GA}-
Internet domen -{.ga}-
Telefon prefiksi +241

Gabon (Gabon), Gabon Respublikasi (République Gabonaise) — Markaziy Afrikadagi davlat. Mayd. 267,7 ming km2. Aholisi 1,475 mln. kishi (2009). Poytaxti — Librevil shahar. Maʼmuriy jihatdan 9 viloyat (provinsiya)ga boʻlinadi.

Davlat tuzumi[править | править код]

Gabon — respublika. 1990 yil mayda qabul qilingan va 1997 yil aprel da tuzatishlar kiritilgan konstitutsiya amal qiladi. Davlat boshligʻi — prezident (1967 yildan Omar Bongo). U umumiy toʻgʻri saylov huquqi asosida 7 yil muddatga saylanadi va qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — ikki palatali parlament (Millat majlisi va Senat). Ijroiya hokimiyatni prezident bilan Vazirlar Kengashi amalga oshiradi. Vazirlar Kengashining aʼzolari va bosh vazir prezident tomonidan tayinlanadi va uning olida masʼuldirlar.

Tabiati[править | править код]

Gabon ekvatorial va subekvatorial oʻrmonlar mintaqasida joylashgan. Gaboning ichki qismini Jan. Gvineya qirlari egallagan. Shayyu togʻlaridagi Ibunji choʻqqisining bal. 1580 m. Undan shim.gʻarbda Xrustal togʻlari (Dana choʻqqisi 1000 m) bor. Atlantika okeani sohilini eni 200 km gacha boʻlgan payettekislik egallagan. Foydali qazilmalardan marganes, uran, temir rudasi bor. Iqlimi issiq va sernam, ekvatorial va subekvatorial iklim. Iyulning oʻrtacha t-rasi 22—24°, aprelda 25^27°. Oʻrtacha yillik yogʻin 1500–2000 mm, okean sohilida esa 2500–3000 mm. Daryolari kup va sersuv. Eng katta daryosi Ogove. Gabon hududining 80% i kalin doimiy yashil oʻrmonlar. Tuprogʻi qizil-sariq laterit tuproq. Oʻrmonlarda qimmatbaho yogʻoch olinadigan qizil, sariq, eben, sandal, okume va b. daraxtlar oʻsadi. Sohil mangra oʻrmonlari bilan qoplangan. Hayvonlardan fil, buyvol, qoplon, kiyik, sirtlon, maymunlar, daryolarda begemot, timsoh va b. yashaydi. Har xil qushlar, hasharotlar (jumladan sese pashsha) koʻp. Milliy bogʻlari: Vonga-Vong , Okanda.

Aholisi asosan fang, mpongve, mbete, punu va b. Rasmiy til — fransuz tili, ammo aholining koʻpchiligi fang , banyabi yoki bakota tillarida soʻzlashadi.

Dindorlar — asosan xristianlar (70%). Aholining 20% anʼanaviy dinlarga eʼtiqod qiladi, 10% musulmonlar. Aholining 45,7% shaharlarda yashaydi.

Tarixi[править | править код]

Gabonning qadimgi va oʻrta asrlardagi tarixi kam oʻrganilgan. Gabinga yevropaliklar kirib kelgan vaqgda (1485 yilda birinchi boʻlib Portugaliya dengizchilari paydo boʻlgan) bu yerda qabilaurugʻchilik tuzumi yemirilayotgan edi. 16-asr dayoq Yevropa (Portugaliya, Fransiya, Gollandiya, Angliya) va Amerika qul savdogarlari Gaboni Ekvatorial Afrikada qul ovlanadigan asosiy maydonga aylantirganlar. 1839 yildan fransuzlar Gabon daryosining qirgʻogʻida oʻz qishloqlarini qurib, mamlakatni asta-sekin bosib ola boshladilar. Gabon xalqining mustamlakachilarga qarshi kurashi 1-jahon urushigacha davom etdi. Gabon dastlab Fransiya Kongosining bir qismi edi. 1886 yildan alohida maʼmuriy birlikka aylangan. 1903 yilda (1910—58 yillarda Fransuz Ekvatorial Afrikasi tarkibida) rasman Fransiya mustamlakasi deb eʼlon qilindi.

2-jahon urushidan soʻng Gabonning turli joylarida boshlangan milliy ozodlik kurashi uyushgan ommaviy harakatga aylandi. 40—50-yillarda dastlabki milliy partiyalar va kasaba uyushmalari tashkil topdi. 1958 yilda Gabon ichki muxtoriyat huquqiga ega boʻlib, Fransiya Hamkorligi aʼzoligiga qabul qilindi va shu yili respublika deb eʼlon etildi. 1960 yil 15 iyulda Fransiya hukumati Gabonda mustaqillik berishga majbur boʻldi, 17 avgustda esa Gabon mustaqil davlat deb eʼlon qilindi. Gabon 1960 yildan BMT aʼzosi. 1992 yil 10 yanvarda OʻzRning suverenitetini tan olgan. Milliy bayrami — 17 avgust — Mustaqillik kuni (1960).

Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Gabon demokratik partiyasi, hukmron partiya, 1968 yilda tuzilgan; Gabon taraqqiyot partiyasi, muxolifatdagi partiya; Milliy tiklanish uchun harakat (MORENA), muxolifatdagi partiya, 1981 yilda tuzilgan. Gabon kasaba uyushmalari konfederatsiyasi, 1969 yilda asos solingan.

Xoʻjaligi[править | править код]

Gabon tabiiy resurslarga boy boʻlishiga qaramay, iqtisodiy jihatdan orqada qolgan. Yalpi ichki mahsulotda sanoat ulushi 52,8%, qishloq va oʻrmon xoʻjaligi ulushi 11,4%. 1950 yil oxiridan konchilik sanoati rivojlana boshladi (asosan Fransiya kapitali hisobiga). Qishloq xoʻjaligida mayda dehqon xoʻjaligi ustun. Jamoa va xususiy yer egaligi mavjud. Eksport qilinadigan asosiy ekin mahsulotlari kofe va kakao. Qishloq xoʻjaligida yer yongʻoq, qalampir, maniok, banan, makkajoʻxori, sholi, yogʻli palma va b. yetishtiriladi. Chorvachilik sust rivojlangan. Atlantika okeanining Gabon sohiliga yaqin joylarida baliq va kit ovlanadi. Ovchilik (jumladan, fil suyagi tayyorlash), yovvoyi daraxt mevalarini terish aholining qoʻshimcha mashgʻulotidir.

Gaboning sohilidan va unga yondosh shelf kismidan neft va tabiiy gaz olinadi. Yiliga 914 mln. kVt-soat elektr energiyasi hosil qilinadi. Gabon okume yogʻochi tayyorlashda dunyoda 1-oʻrinda. Afrikada eng katta faner zavodi Port-Jantilda (yiliga 60 ming kub metr faner tayyorlaydi). Ishlab beruvchi sanoati qishloq xoʻjaligi mahsulotlari (sholi, kofe, palma yogʻi va b.)ni qayta ishlovchi korxonalardan iborat. Puent-Klerettda yiliga 600 ming t neftni qayta ishlovchi zavod mavjud. Pivo zavodi, tegirmon, kislorod-atsetilen zavodi, kema qurish korxonalari, toʻqimachilik, tikuv f-kasi bor.

T. yil uzunligi — 652 km, avtomobil yoʻllari uz. — 10 ming km ga yaqin (2 ming km ga yaqini qattiq qoplamali). Kema yoʻllarining umumiy uz.— 1700 km. Muhim dengiz portlari — PortJantil va Librevil. Bu shaharlarda xalqaro aeroportlar bor. Gabon chetga neft, marganes rudasi, uran konsentrati, yogʻoch, yogʻoch mahsulotlari, kakao, kofe chikaradi. Chetdan mashina va uskunalar, transport vositalari, oziq-ovqat, metall, metall buyumlar, gazlama va boshqa keltiradi. Tashqi savdodagi mijozlari: Fransiya, Germaniya, AQSH, Yaponiya, Jan. Koreya va Buyuk Britaniya. Pul birligi — Afrika franki.

Madaniyati[править | править код]

Gabon mustaqillikka erishgan paytda 14 yoshdan katta boʻlgan aholining 77% i savodsiz edi. 1959 yilda 6—16 yoshli bolalar uchun majburiy taʼlim haqida qonun qabul qilindi. Darslar fransuz tilida oʻqitiladi. Oʻqish muddati boshlangʻich maktablar-da 6 yil, toʻliqsiz oʻrta maktab (kollej) larda 4 yil, toʻliq oʻrta maktab (litsey)larda 7 yil Professional taʼlim boshlangʻich maktabni tugatganlarni qabul qiladigan 2 bosqichli (4 va 3 yillik) texnika litseylarida va 3 yillik texnika kollejlarida amalga oshiriladi. 1970 yil Librevilda Milliy universitet tashkil etilgan. Ilmiy muassasalari: Tropik oʻrmonchilik tadqiqot markazi, Fan va texnika boʻyicha tadqiqot byurosi, Geol. va konchilik tadqiqot byurosi, Tropik qishloq xoʻjaligi ilmiy tadqiqot instituti. Ilmiy tadqiqotlar Libreviddagi universitetda ham olib boriladi. Un-tda kutubxona mavjud.

Gabonda "Gabon-maten" ("Tonggi Gabon"), Nasonalist" ("Millatchi"), "Yunon" ("Ittifoq"), "Patriot" ("Vatanparvar"), "Jurnalʼ ofisyel de la Repyublik Gabonez" ("Gabon Respub-likasining rasmiy gazetasi") kabi gaz. lar va bir qancha jur.lar nashr etiladi. Gabon matbuot agentligi 1961 yilda tuzilgan. Gabon radioeshittirish va telekoʻrsatuvi 1975 yil tashkil etilgan boʻlib, u hukumat ixtiyorida.

Gabon xalqlarining anʼanaviy turar joylari — toʻgʻri burchakli, tomi ikki tomonga nishab qilib palma shoxlaridan yopilgan yogʻoch uylardir. Librevil markazida zamonaviy meʼmorlik binolari (gubernator saroyi, fransuz amaldorlari uyi, savdo doʻkon-lari) qurilgan. Yogʻoch oʻymakorligi, fil suyagidan bezakli buyumlar ishlash, badiiy toʻqish va kashtachilik rivojlangan. Yogʻochdan ishlangan haykalchalar va byustlar (fang qabilasi), mis qoplab silliq ishlangan "mbulungumu" shakllari (bakota qabilasi) oʻziga xos milliy koʻrinishga ega.

"Yoʻl boʻlsin, Kumba?" degan birinchi toʻla metrajli badiiy filmni fransuz rej. A. Ferrani bilan gabonlik S. Oje 1971 yilda yaratdi. "Tamtamlar tindi" (1972), "Juz" (1975) filmlarida ijtimoiy muammolar oʻrtaga quyilgan.

Adabiyotlar[править | править код]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil


  1. Department of Economic and Social Affairs Population Division (2009) (PDF). World Population Prospects, Table A.1. 2008 revision. United Nations. http://www.un.org/esa/population/publications/wpp2008/wpp2008_text_tables.pdf. Qaraldi: 19 May 2017.