Investitsiya

Материал из УзЭнц

Investitsiya — (nem. -{Investition}-, lot. Investio) soʻzidan olingan boʻlib, asosan, ishlab chiqarishga uzoq muddatli qoʻyilmalar sarfi, yaʼni xarajatlar yigʻindisi deb talqin etilgan.

Investitsiya — foyda (daromad) olish yoki ijtimoiy samaraga erishish maqsadida, davlat, yuridik va jismoniy shaxslar (investorlar) tomonidan cheklangan imkoniyatlardan samarali foydalanib, cheklanmagan ehtiyojni qondirish uchun iqtisodiyotning turli sohalariga maʼlum muddatga sarflangan barcha turdagi boyliklardir. Ko‘pchilik iqtisodiyotni tushunmaydiganlar investitsiyani qarz deb tushunadi. Davlat qarzi hisoblab chiqilganda investitsiyalar hisobga olinmaydi.

Investitsiya turlari[править | править код]

Real investitsiya asosiy fondlar va aylanma mablagʻlarga investorlar tomonidan qoʻyiladigan barcha turdagi boyliklar. Moliya investitsiyalar — qimmatli qogʻozlar (aksiya, obligatsiya) sotib olishga va bank depozitlariga uzoq muddatga jalb qilingan qoʻyilmalar. Intellektual investitsiyalar — mutaxassislarni tayyorlash, tajriba, ilmiy tekshirish, litzensiya va nou-xau berish, mualliflik huquqi va boshqalar.

Investitsiyalar kim tomonidan kiritilishiga qarab 2 turga boʻlinadi:

  1. Ichki investitsiyalar.
  2. Tashqi investitsiyalar.

Ichki investitsiyalar — mamlakat hududida ichki investorlar tomonidan amalga oshiriladigan investitsiyalar hisoblanadi. Tashqi investitsiyalar — foyda olish maqsadida chet el investorlari tomonidan boshqa davlat iqtisodiyotiga qoʻyiladigan investitsiyalardir.

Investitsiya (lot. investio — oʻrash) — iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida oʻz mamlakatida yoki chet ellarda turli tarmoqlarga, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarga, innovatsiya, tadbirkorlik loyihalariga uzoq muddatli kapital kiritish (qoʻyish). Pulning vaqt (zamon)ga bogʻliq qiymati nazariyasiga koʻra, investitsiya kelajakda naf olish maqsadida mablagʻlar qoʻyishdir. Investitsiya kapitalni muayyan muddatga bogʻlashni yoki band qilishni bildiradi. Bundan asosiy maqsad kapital qiymatini saqlab qolish yoki boʻlmasa kapital qiymatini vaqtda oʻstirib borishdir. Iqtisodiy mazmuni jihatdan investitsiya turli faoliyatlarga safarbar etilgan moddiy, nomoddiy boyliklar va ularga boʻlgan huquqlarni aks ettiradi. Investitsiya sifatida pul, qimmatli qogʻozlar (aksiya, obligatsiya, sertifikat, veksel), yer, bino, inshoot kabi boyliklar, intellektual mulk boʻlgan ilmiy kashfiyotlar, ixtirolar va boshqalar ishlatiladi. Investitsiya loyihalariga mablagʻ qoʻyuvchilar — investorlar davlat, kompaniya, korxona, chet ellik fuqarolar, aholi va b. boʻlishi mumkin.

Uning quyidagi turlari mavjud: davlat investitsiyasi — davlat byudjeti va moliya manbalari hisobidan kiritiladi; chet el investitsiyasi — xorijiy davlatlar, banklar, kompaniyalar, tadbirkorlar tomonidan kiritiladi; xususiy investitsiya — xususiy, korporativ xoʻjalik va tashkilotlar, fuqarolar mablagʻlari, shu jumladan, shaxsiy va jalb qilingan mablagʻlar hisobidan qoʻyiladi. Investitsiya qoʻyilish shakliga qarab moliyaviy (portfel) va real (ishlab chiqarish) Investitsiyaga boʻlinadi. Moliyaviy (portfel) investitsiya — aksiya, obligatsiya va boshqa qimmatli qogʻozlarni sotib olishga qoʻyiladigan investitsiya, ; real investitsiya — moddiy ishlab chiqarish (sanoat, qishloq xoʻjaligi, qurilish va boshqa) sohasiga, moddiy-ashyoviy faoliyat turlariga uzoq, muddatli mablagʻlar qoʻyish shakllarida amalga oshiriladi. Jahon tajribasida investitsiyani moliyalashtirish turli usul va shakllarda, shu jumladan, korxonalarni aksiyadorlashtirish va aksiyalarni joylashtirish, byudjet mablagʻlari, bank kreditlari, lizing, bevosita chet el investitsiyalari, ipoteka, byudjetdan tashqari maxsus fondlar, amortizatsiya va xoʻjalik yuritish subyektlarining boshqa mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.

Keyingi davrda xalqaro iqtisodiy munosabatlarda investitsion hamkorlik rivoj topdi. Bunday hamkorlikning real, moliyaviy, intellektual (litsenziyalar, nou-xauni berish, hamkorlikda bajariladigan ilmiy ishlanmalar va boshqalarga mablagʻ sarflash) koʻrinishlari bor.

Investitsion hamkorlik umumjahon va milliy muammolarni hal qilishga xizmat qiladi. Jahondagi bevosita investitsiya faol oʻsib bormoqda: 1980-yillar oʻrtalarida jahon boʻyicha umumiy yillik investitsiya hajmi 450 milliard dollarni tashkil qilgan boʻlsa, 1990-yillar oʻrtalariga kelib investitsiya hajmi 2 trillion dollardan oshdi.

Oʻzbekiston Respublikasida bozor iqtisodiyotiga oʻtish davrida respublika iqtisodiyotida tuzilmaviy oʻzgarishlarni amalga oshirishda investitsiyadan samarali foydalanilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi 1996 yildan boshlab respublika hukumati har yili davlat byudjeti va byudjetdan tashqari fondlar mablagʻlari hisobidan kapital qoʻyilmalar limitlari, chet el investitsiyalari va hukumat kafolati bilan olingan kreditlar hisobiga aniq qurilishlar dasturi, shuningdek, bevosita chet el investitsiya va kreditlari hisobiga qurilishlar dasturidan iborat boʻlgan davlat investitsiya dasturini qabul qiladi. Respublika iqtisodiyotiga investitsiya kiritishda davlat byudjeti mablagʻlari, chet el investitsiyalari, korxonalarning oʻz mablagʻlari va aholi jamgʻarmalari qatnashmoqda. Respublikada aholining qimmatli qogʻozlarga jamoaviy investitsiyalarini amalga oshiradigan xususiylashtirish investitsion fondlari (XIF) va kompaniyalari tarmogʻi rivoj topdi. 2000 yilda moliyalashtirishning jami manbalari hisobidan mamlakat iqtisodiyotiga sal kam 700 milliard soʻm, shu jumladan, 810 million AQSH dollari investitsiyalandi. Uning 30,3% ni respublika byudjeti, 39,1%ni korxonalar va aholi mablagʻlari, 7,5% ni banklar kreditlari va boshqa qarz mablagʻlar, 21,7%ini chet el investitsiyalari va kreditlari, 1,4%ni byudjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlari tashkil qiladi. Respublikada investitsiya faoliyatining huquqiy bazasini yaratishda "Chet el investitsiyalari va chet ellik investorlar faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida" (1995 y. 5 may), "Investitsiya faoliyati toʻgʻrisida" (1998 y. 12 dek.), "Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisida" (1998 y. 30 apr.), "Chet el investitsiyalari toʻgʻrisida" (1998 y. 30 apr.), "Lizing toʻgʻrisida" (1999 y. 14 apr.), "Qimmatli qogʻozlar bozorida investorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida" (2001 y. 30 avg .) qonunlarining qabul qilinishi muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Investitsiya faoliyatida investorlar har bir mamlakatdagi investitsiya muhiti bilan bogʻliq boʻlgan koʻpdan-koʻp xatarlarga duch keladilar. Shu sababli investitsiyani, ayniqsa, chet el investitsiyalarini sugʻurta qilish muhim ahamiyatga ega. Oʻzbekistonda xorijiy investitsiyalarni sugʻurtalash sohasida 1994 yilda tashkil etilgan "Oʻzbekinvest" eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasi faoliyat olib boradi.

[1]

Havolalar[править | править код]

Manbalar[править | править код]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil