Marksizm

Материал из УзЭнц

MarksizmK. Marks va F. Engels asos solgan falsafiy, iqtisodiy va siyosiy taʼlimot. Nemis mumtoz falsafasini (Gegel, Feyerbax va boshqalar), ingliz siyosiy iqtisodini (Smit, Rikardo va boshqalar), fransuz xayoliy sotsializmini (Sen-Simon, Furye va boshqalar) oʻrganishga tayanib, Marks va Engels dialektik, tarixiy materializmga asoslangan falsafa, qoʻshimcha qiymat nazariyasiga asoslangan siyosiy iqtisod va kommunizm haqidagi taʼlimotni ishlab chiqdilar.

Marksizmda moddiy ishlab chiqarish usuli, ishlab chiqaruvchi kuchlar va ishlab chiqarish munosabatlari jamiyatning negizi sifatida qaraladi. Marksizm xususiy mulkchilikka asoslangan jamiyatda ishlab chiqarishning ijtimoiy va oʻzlashtirishning xususiy harakterga ega ekanligiga tayanib, ijtimoiy inqilob toʻgrisidagi qonunni asoslashga urinadi. Ijtimoiy-iqtisodiy formatsiya, sinfiy kurash bilan bogʻliq nazariyani ilgari suradi. Jamiyat tarixiga sinflar kurashi tarixi sifatida qaraydi. Marksizmga koʻra, sinfiy kurash proletariat diktaturasiga olib keladi. Proletariat diktaturasining maqsadi esa sinfsiz jamiyat qurishdan iborat deb hisoblaydi. Marksizm ishlab chiqarish vositalariga faqat ijtimoiy mulkchilikni tan oldi, boshqa mulk shakllarini inkor etdi. Xususiy mulkni barcha ijtimoiy illatlarning asosiy sababi degan qarashni ilgari suradi.

Marksizmning qoʻshimcha qiymat qonuni kapitalizmning asosiy iqtisodiy qonuni deb qaralgan. Marksizmda tarixni materialistik tushunish orqali jamiyatning rivojlanish qonunlari, kapitalizmning sotsializm bilan almashinishi muqarrarligi, kapitalizmdan sotsializmga oʻtish davri, kommunizmning ikki fazadan iborat ekanligi gʻoyasi ilgari suriladi va sotsializm kommunizmning quyi fazasi sifatida qaraladi.

Marksizm 19-asr ijtimoiy fikr taraqqiyotiga taʼsir koʻrsatdi. Ayni vaqtda undagi tasavvurlar ekspluatatorlar sinfi tomonidan tanqidga uchradi. Marksizmda ijtimoiy qarama-qarshiliklar, sinfiy kurash va zoʻrlik nazariyasi mutlaqlashtirildi, proletariatning tarixiy roli ulugʻlandi. Marksizm Rossiyadagi Oktyabr inqilobiga xizmat qildi.

Marksizm davlat mafkurasi boʻlib qolgan koʻp mamlakatlarda 20-asrning 80-yillaridan boshlab rejimlarning yemirilishi va mustaqil davlatlarning taraqqiyot yoʻllarini belgilab olishi marksizmni oʻrganishni toʻxtatish va unga baho berishda yangi davrni boshlab berdi.[1]

Manbalar[править | править код]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil