Mashina

Материал из УзЭнц

Mashina (lot. machina — qurol, qurilma) — bir turdagi harakat energiyasini ikkinchi turdagi harakat energiyasiga aylantirish, materiallar yoki axborotlarni oʻzgartirish, aloqa oʻrnatish, yuk va odamlarni tashish uchun moʻljallangan mexanizm yoki mexanizmlar majmui.

Jamiyatdagi ishlab chiqarish kuchlarining eng muhim tarkibiy qismi, yirik mashinali ishlab chiqarishning moddiy negizi, aloqa va transportning asosiy vositasi hisoblanadi. Mashina — fan-texnika inqilobining asosi. Mashina ayni paytda ham mehnat quroli, ham mehnat mahsuloti hisoblanadi. Insoniyat qadimdan oʻz mehnatini yengillashtirish uchun turli-tuman qurol va qurilmalarni yaratishga urinib kelgan. Mola, omoch, charxpalak, urchuq, charh, dug, toʻquvchilik dastgohlari (doʻkonlari), choʻt, palaxmon, piltatoʻp, shamol tegirmoni va boshqa vositalar mashina yaratish borasidagi urinishlar edi. Shuning uchun ilgari mashina inson mehnatini osonlashtiradigan mexanik tizim deb tushunilgan. Bora-bora u insonning aqliy mehnatini va fiziologik vazifasini ham bajaradigan murakkab tizimga aylandi.

Mashinadan foydalanish mehnatning mazmuni va tarzini oʻzgartirish, xalq xoʻjaligining barcha tarmoqlarida mehnatning darajasini bir-biriga yaqinlashtirish va rivojlantirish, ish unumdorligini oshirish va shu asosda yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishish, mehnatni mashaqqatli va zerikarli yumushdan ishtiyoq bilan bajariladigan ehtiyojga aylantirishning asosi hisoblanadi.

Mashina umuman ijro mexanizmi (ish mashinasi), harakatlantirish mexanizmi, uzatish va nazorat-boshqarish qismlaridan iborat buladi. Masalan, tikuv mashinasining ijro mexanizmi uning ninasi, paxta terish mashinasiniki — shpindellari va hokazolar, velosipedning harakatlantiruvchi qismi uning pedali, yulduzcha va zanjirlari, avtomobilning nazorat-boshqarish qismi rullari va turli asboblari (tezlikni, bosimni va boshqalarni koʻrsatadigan asboblar)dir. Mashinaning energetik, ish va axborot (informatsiya) xillari bor. Energetik mashina istalgan turdagi energiyani mexanik energiyaga aylantirish uchun mljallangan (suv, shamol, bugʻ va elektr dvigatellar, gaz turbinalari, elektr generatorlari va boshqalar). Ish mashinalari materiallarning holatini, xossalari va fazodagi vaziyatini oʻzgartirish uchun moʻljallanadi. Bunday mashinalar texnologik va transport mashinalariga boʻlinadi. Texnologik mashina metallga ishlov berish (kesish, yunish, qirqish, silliqlash va hokazo) va yogʻochni qayta ishlash, toʻqimachilik, qurilish, matbaa va boshqalarda bajariladigan yumushlarni oʻz ichiga oladi. Transport mashinasi avtomobil yoʻllari, temir yoʻl, havo transporti, avtomobillar, aviatsiya, koʻtarish kranlari, teplovozlar, kemalar va boshqa vositalarni oʻz ichiga oladi. Energiyani bir turdan ikkinchi turga oʻzgartirish, materiallarga ishlov berish va hokazolarni inson ishtirokisiz bajarishda avtomat mashinalar, avtomat liniyalar va avtomatlashtirilgan korxonalar qoʻl keladi.

Axborot mashinasi (informatsiya mashina) maʼlumotlarni qayta ishlab oʻzgartirish, yaʼni mashina tiliga oʻtkazish va standartlashtirish, uzatish, dasturlar tuzish va boshqa yumushlarni oʻz ichiga oladi (qarang Kibernetika). Buning uchun mashinalar majmui, avtomatik, informatsion va kibernetik jihozlardan foydalaniladi (yana qarang Mashinasozlik, Mashinashunoslik, Mashina va mexanizmlar nazariyasi).[1]

Manbalar[править | править код]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil