Mehmonxona

Материал из УзЭнц

Mehmonxona, otel (frans. hôtel) — boshqa joydan mehmon boʻlib kelgan kishilar uchun vaqtincha yashab turishga moʻljallab qurilgan maxsus bino.

Dastlabki mehmonxona koʻrinishidagi binolar Ossuriyada (miloddan avvalgi 10-asr) boʻlgan. Bu turdagi binolar turli xalqlarning yashash sharoitlari bilan bogʻliq ravishda turlicha atalgan. Masalan, Oʻrta Osiyoda karvonsaroy, rabot, "zoviya", arablarda "xon", Rossiyada "Gostiniy dvor", "korchma", Fransiya va Ispaniyada "taverna", "harchevna", inglizlarda "inna", yaponlarda "ryokan" kabi.

18-asrdan boshlab Fransiyada "otel" nomi bilan yuritila boshladi va keyinchalik bu nom boshqa mamlakatlarga ham tarqaldi. Otel tipidagi mehmonxonalar ilk bor Rossiya Imperiyasi (Moskva)da 1879 yil qurilgan (masalan, "Grand-Otel" mehmonxonasi, u 1959 yil "Moskva" mehmonxonasi bilan birlashtirilgan).

Oʻrta Osiyoda dastlabki mehmonxona Toshkentda 1905 yil qurilgan ("Natsional", keyinchalik "Sharq" deb nomlangan). Aholining madaniy va maishiy sharoiti oʻsishi, savdo-sotiqning rivojlanishi, sayyoh va ishbilarmonlarning oʻzaro uchrashuvlari turli turdagi mehmonxonalar qurilishini tezlashtirdi, shuningdek, poytaxt shaharlarida, dam olish maskanlarida, tarixiy yodgorliklar yaqinida ham koʻplab mehmonxonalar qad koʻtardi. Oʻzbekistonda zamonaviy milliy meʼmorlik anʼanalari, mahalliy iqlim sharoitlarini hisobga olib "Le Meridian Toshkent", "Oʻzbekiston", "Turon", "Afrosiyob", "Chorsu", "Buxoro", "Interkontinental", "Sheraton", "Dedeman silk road", "Grand mir" (olding Rossiya mehmonxonasi) va boshqa mehmonxonalar bunyod etildi.

Bundan tashqari, turli vazirlik va idoralarga qarashli mehmonxonalar ("Lokomotiv", "Sayohat", "Kosmos" va boshqalar), umumiy mehmonxona, turistlar mehmonxonasi, yoʻlovchilar (aeroport, vokzal, avtovokzal va boshqalar) mehmonxonasi, sportchilar mehmonxonasi, avtoturistlar mehmonxonasi (motel, kemping va boshqalar), zamonaviy klass, razryadga boʻlingan (4 va 5 yulduzli), jahon talablariga javob bera oladigan mehmonxonalar bunyod etilmoqda.[1]

Manbalar[править | править код]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil