Mustaqillik maydoni

Материал из УзЭнц
Mustaqillik maydonidagi Yangi Yil archasi, 2015

Mustaqillik maydoni - Toshkentning markaziy maydonlaridan biri. Avvallari Sobor maydoni (1917-yildagi Ulugʻ Oktabr sotsialistik inqilobigacha), Qizil maydon (1917—66-yillarda; рус. Красная площадь), Lenin nomidagi maydon (1966—91-yillar) sifatida atalib kelgan. Qizil maydon nomi xalq orasida keng tarqalgan. Poytaxt aholisining ommaviy tantanalari va boshqa tadbirlar oʻtkaziladigan joy.

Islom Karimov (oldingi Oʻzbekiston koʻchasi), Navoiy va Sharof Rashidov koʻchalari oraligʻida, Anhor kanali sohilida joylashgan. Maydon perimetral tarzda qurilgan. Mustaqillik maydoni hajmiy tuzilishi janubdan shimolga choʻzilgan koʻpyoqli hududiy mujassamotni tashkil qiladi. Ansambl meʼmoriy uslub va koʻlami jihatidan yaxlit turli maʼmuriy binolardan iborat. Bir necha marta rekonstruksiya qilingan. Hukumat uyining dastlabki loyihasi (1931, meʼmorlar V. Arxangelskiy, A. Petlina va A. Sidorov) oʻrta asr mahobatli meʼmoriy shakl yoʻnalishida (serustunli, ravoqli, mayda gumbazli) boʻlgan. Keyinchalik mumtoz meʼmoriy anʼanalar oʻzlashtirilgan holda order tizimi yoʻnalishi amalga oshirilgan (meʼmorlar A. Boboxonov, V. Volchak, S. Polupanov) va zamonaviylik ruhi berilib qayta ishlangan (1946, 1954—65).

1936-yilda marksizmning buyuk teoretiki V.I. Leninga haykal oʻrnatilgan. 1975-yil haykal qayta ishlangan. Toshkent zilzilasi (1966)dan keyin maydon tubdan qayta rekonstruksiya qilingan (meʼmorlar S. Odilov, L. Adamov va boshqalar). Choʻziq suv havzasiga ega boʻlgan baland terrasa va uning pastidagi sharshara maydonni baland va past sathlarga ajratadi. Oʻzbekiston mustaqillik eyforiyasi boshidan kechirayotgan mahal, Lenin haykali oʻrniga Mustaqillik va ezgulik monumenti (1992) oʻrnatildi. Maydondagi maʼmuriy binolar (OʻzR Vazirlar mahkamasi, 20 qavatli vazirliklar joylashgan bino va boshqalar) erkin joylashtirilgan. 1999 yil 16 fevral Toshkent teraktlari voqeasidan keyin Mustaqillik maydonidagi vayron boʻlgan maʼmuriy binolar qayta qurilib, atrofi obodonlashtirildi.

Mustaqillik maydonidagi koʻndalang yoʻlka Xotira maydoni (1998)ga olib boradi. Xotira maydonidagi yodgorlik mahalliy meʼmorlik anʼanalari asosida ayvon va serhasham qator ustunli, devorlariga kitob sahifalari shaklida Ulugʻ Vatan urushida halok boʻlgan oʻzbekistonliklarning roʻyxati berilgan. "Motamsaro ona" haykali, urushda halok boʻlganlar xotirasiga oʻrnatilgan mangu olov yonib turibdi.

Mustaqillik maydoni yaqinida, "Mustaqillik maydoni" metro stansiyasi va boshqalar joylashgan. Turli daraxt va gullar bilan koʻkalamzorlashtirilgan.[1]

Manbalar[править | править код]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil