Oʻsimliklar karantini

Материал из УзЭнц

Oʻsimliklar karantini — mamlakat hududiga qishloq xoʻjaligi ekinlarining juda xavfli zararkunandalari, kasallik qoʻzgʻatuvchilari va begona oʻtlarning kirib kelishidan himoya qilish va zararlanish oʻchoqlarini aniqlash, ihotalash va yoʻqotishga qaratilgan davlat chora-tadbirlari tizimi.

Hisob-kitoblarga qaraganda oʻsimlik zararkunandalari va kasalliklari jahon boʻyicha oziq-ovqat ekinlari potentsial hosilining 20-25% ni yoʻq qiladi. Mamlakatlararo savdo-iqtisodiy aloqalarning kengayishi darajasiga qarab bir mamlakatda uchramaydigan zararkunandalar, kasalliklar va begona oʻtlar turlarining boshqasiga kirib kelishi xavfi ortib boradi. Masalan, urugʻlik va koʻchatlar, qishloq xoʻjaligi xom ashyosi va boshqa yoʻllar bilan Amerikadan Yevropaga filloksera (tok biti), qizilqon bit, koʻpgina cherveslar, Kolorado kartoshka qoʻngʻizi, kartoshka fitoftorasi, zarpechak, ambroziya kabi begona oʻtlar kelib qolgan, oʻz navbatida, Yevropa va boshqa mamlakatlardan Amerikaga Gessen pashshasi, yapon qoʻngʻizi, don qoʻngʻizi, sitrus mevalar raki va boshqalar tarqalgan.

Tarixi[править | править код]

Oʻsimliklar karantini boʻyicha birinchi qonun Fransiyada gʻalla ekinlari poya zangi epifitotiyasi munosabati bilan qabul qilingan (1660). AQShda filliokseraga qarshi kurash zarurati tufayli 1881 yilda birinchi qonun kuchga kirdi. 1870— 1915 yillarda qishloq xoʻjaligi rivojlangan Germaniya, Fransiya, Avstraliya, Avstriya, AQSh, Meksika va boshqalarda karantin boʻyicha qonunlar qabul qilindi. 20-asrning 70-yillarida 100 dan ortiq mamlakatda karantin qoidalari ishlab chiqildi va bu qoidalarning bajarilishini nazorat qiladigan muassasalar barpo qilindi. SSSRda 1931 yilda karantin xizmati yoʻlga qoʻyildi. Shu yili karantin kasalliklar va zararkunandalarning, 1935 yilda karantin begona oʻtlarning birinchi roʻyxati tasdiqlandi.

1932 yil Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi qoshida Respublika oʻsimliklar karantin davlat inspektsiyasi xizmati tashkil qilindi. Oʻzbekiston Respublikasining «Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida» qonuni 1995 yil 31 avgustda qayta qabul qilindi. Oʻsimliklar karantini tadbirlari boʻyicha MDH doirasida Oʻzbekiston ham qoʻshilgan davlatlararo shartnoma imzolangan (1992). Oʻzbekistonda oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmatini Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi qoshidagi oʻsimliklar karantini Bosh davlat inspektsiyasi ("Oʻzboshdavkarantin") bajaradi.

Oʻzbekiston SSR qishloq xoʻjaligi tarixida koʻrilgan qatʼiy choralarga qaramay respublika hududiga boshqa mamlakatlardan koʻp turdagi oʻta xavfli karantindagi zararli obyektlarning oʻtib qolishi holatlari kuzatilgan. 1939 yilda Yaponiyadan keltirilgan tut koʻchati bilan komstok qurti, 1964 yilda Kaliforniya qalqondori, 1972 yilda Kolorado qoʻngʻizi, 1980 yilda issiqxona oqqanoti (qarang Oqqanotlar), 1981 yilda Turkiyadan toʻrt dogʻli donxoʻr, 1983 yilda Sharq meva qurti va boshqalar tarqaldi va ular qishloq xoʻjaligiga katta iqtisodiy zarar keltirmoqda.

Hozirgi kunlarda[править | править код]

21-asr boshida karantin kurash tadbirlari qoʻllaniladigan xalqaro roʻyxatga 300 dan ortiq turdagi oʻta xavfli oʻsimliklar karantini obyektlari kiritilgan. Ularning 66 tasi oʻsimliklar zararkunandalari (gʻoʻza kuyasi, Osiyo gʻoʻza tunlami, Amerika oq kapalagi, apelsin qalqondori, ildiz qurti va boshqalar), 41 tasi zamburugʻli, Nematodali, bakteriyali, virusli oʻsimliklar kasalliklari (gʻoʻza antraknozi, kartoshka raki, parmalovchi nematoda, makkajoʻxori vilt kasalligi va boshqalar)dir. Oʻzbekistonda 143 turdagi karantin obyektlari roʻyxatga olingan. Shulardan 12 ta turi kam tarqalgan.