Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi

Материал из УзЭнц
(перенаправлено с «OʻzME»)
Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi
Файл:National Encyclopedia of Uzbekistan logo.png
Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasining logosi
Janr ensiklopediya
Til oʻzbek
Nashriyot Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti
Nashr etilgan sanasi 2000-2005

Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (OʻzME) — Oʻzbekiston Respublikasida chiqarilgan 14 jildli universal milliy ensiklopediya. Ensiklopediya kirill yozuvida yozilgan. OʻzME Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti tomonidan nashr etilgan. OʻzMEdagi aksar maqolalar Sovet davrida chiqariglan 14 jildli Oʻzbek sovet ensiklopediyasidan olingan.

Ensiklopediyaning barcha 12 jildi 2000-2006-yillarda nashr qilingan. O‘zMEda O‘zbekiston Respublikasi haqidagi materiallar bilan birgalikda umumbashariy maʼlumotlar ham berilgan. O‘zMEning 1-11-jildlarida umumiy hajmi 1600 nashriyot-hisob tabog‘ini tashkil etgan qaryib 50 ming maqola berilgan. O‘zME har bir jildida 800-1200 atrofida rangli va oq-qora suratlar, xaritalar o‘rin olgan. Ensiklopediyani tayyorlashda besh mingga yaqin muallif va taqrizchilar qatnashgan. OʻzMEning 12-jildi maqolalari faqat O‘zbekistonga tegishlidir.

Tarixi[править | править код]

Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti tomonidan nashr etilgan. 1996-yil 4-sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi „O‘zbekiston Respublikasi Qomusini nashr etish to‘g‘risida“ qaror qabul qilgan.[1] Shu qaror asosida universal ensiklopediyaning soha soʻzliklarini tuzishga kirishib, mezonlar ishlab chiqilgan.

Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 20-martda „O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyotini tashkil etish to‘g‘risida“ 154-qarori qabul qilingach, bu ishni amalga oshirishga kirishilgan.[1] Qarorda 12 jildli universal O‘zMEning ilmiy-nazariy va g‘oyaviy-siyosiy yo‘nalishi belgilab berilgan. Shu qaror asosida O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti tuzilgan.

O‘zMEning mazmun va mundarijasini belgilashda jahon qomuschiligi anʼanalaridan va mamlakatda orttirilgan ijobiy tajribalaridan foydalanilgan. O‘zME maqsadi va vazifalari uning 1-jildi muqaddimasida bayon qilingan.

Qamrovi[править | править код]

O‘zMEda O‘zbekiston Respublikasi haqidagi materiallar bilan birgalikda umumbashariy maʼlumotlar ham berilgan. Ensiklopediyadagi maqolalarning 60 foizi ijtimoiy, qolgan 40 foizi esa tabiiy fanlar boʻyichadir.[1] O‘zMEda koʻpgina zamonlar va xalqlarga mansub mashhur shaxslar, kashfiyotchilar, sayyohlar, fan, texnika, adabiyot va sanʼat namoyondalari, taniqli davlat va siyosat arboblari to‘g‘risida maqolalar kirgan. Bu borada tegishli mezon ishlab chiqilgan.

Bosh tahrir hayʼati[править | править код]

O‘zMEning asosiy ilmiy tayanchi — Bosh tahrir hay’atidir.[1] Uning ro‘yxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 20-martda „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyotini tashkil etish toʻgʻrisida“gi 154-qarori bilan tasdiqlangan. Bundan tashqari fan sohalari bo‘yicha 160 dan ziyod kishini birlashtirgan 23 ta ilmiy-maslahat kengashi ham tuzilgan. Ularning ro‘yxati har bir jild sarvarag‘i va uning orqasida berib borilgan. O‘zME 12 jildini tayyorlash jarayonida O‘zME Bosh tahrir hay’atining 20 martadan ziyod kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.

Jildlari[править | править код]

O‘zMEning 1-jildi 2000-yil 30-dekabrda nashrdan chiqdi.[2] O‘zME 1-jildi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning „O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi o‘quvchilari“ga yo‘llagan tabrigi bilan boshlangan. Ensiklopediyaning umumalifbo harfidagi so‘nggi 11-jildining nashri 2005-yilda yakunlandi. Ensiklopediya hozirgi „O‘zbekiston“ nashriyot-matbaa ijodiy uyida bosilgan.

Ensiklopediyani tayyorlashda besh mingga yaqin muallif va taqrizchilar qatnashgan. O‘zMEning 1-11-jildlarida umumiy hajmi 1600 nashriyot-hisob tabog‘ini tashkil etgan qariyb 50 ming maqola berilgan.[3] Buning 40 foizdan ziyodi (20 mingdan ortig‘i) O‘zbekiston mavzusiga bag‘ishlangan.[1] Umumbashariy maqolalarning ham anchagina qismi O‘zbekiston bilan uzviy bog‘liq holda yoritilgan.

O‘zME 1-11-jildlarida faqat adabiyot sohasidan 56,124 muallif tabog‘ida 1538 ta maqola (12-jildda bu sohadan 10,3 muallif tabog‘idagi hajmda) maqola o‘rin olgan. Tilshunoslik sohasidan 22,162 muallif tabog‘i hajmida 538 ta maqola, madaniyat va sanʼat sohasidan 94,19 muallif tabog‘ida 4000 dan ziyod maqola berilgan.[1]

O‘zME har bir jildida 125-130 nashriyot-hisob tabog‘ida material berilgan. Bundan tashqari 800-1200 atrofida bezaklar: rangli va oq-qora suratlar, xaritalar o‘rin olgan.[3] Har bir jildni tayyorlashda 800 dan ziyod mualliflar, taqrizchilar qatnashgan.

O‘zMEning 12-jildi maqolalari faqat O‘zbekiston haqidadir. 12-jildiga kiritilgan maqolalar, oldingi jildlardagi kabi alifbo tartibida emas, muayyan mavzu bo‘yicha joylashtirilgan. Kitob shartli ravishda 17 bo‘limga bo‘lingan. Har bir bo‘lim o‘zining mohiyatidan kelib chiqib boblarga, ular esa bandlarga ajratilgan. Shu tarzda ensiklopediya bo‘limlaridan muayyan mavzuni ochib beradigan, bir tizimga solingan batafsil axborotlar berilgan. Bu jildda mamlakat tarixi mustaqillik yillarida qabul qilingan davrlashtirish asosida eng qadimgi davrlardan to hozirgi kungacha xronologik tarzda izchil yoritilgan. Ensiklopediya sahifalaridagi maqolalarda mamlakatning bugungi kundagi hayoti, oʻzbeklarning bunyodkorlik mehnati va yutuqlari haqida maʼlumot berilgan. Ushbu jildda tegishli maqolalarga monand 800 dan ziyod rangli, oq-qora surat, xarita va boshqa bezaklar bor.

Asosiy jildlar chop etib boʻlinganidan keyin 2006-yil ensiklopediyaga kiritilmay qolgan mavzular va nashr davrida roʻy bergan oʻzgarishlarni oʻz ichiga olgan qoʻshimcha jild chjop etildi:

« Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (OʻzME)ni nashr etish davrida (2000—2005) roʻy bergan ayrim oʻzgarishlar: Oʻzbekiston Qahramonlari, Oʻzbekiston Respublikasi fan arboblari, sanʼat arboblari, Oʻzbekiston Respublikasi xalq yozuvchilari, xalq shoirlari, xalq rassomlari, xalq ustalari, Oʻzbekiston Respublikasi xalq artistlari, xalq hofizlari, Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchilari, „Oʻzbekiston iftixori“ unvoniga sazovor boʻlgan mashhur sportchilar va boshqa shaxslar, shuningdek, maʼmuriy-hududiy birliklar, ayrim tushunchalar va shahri k. haqida qoʻshimcha maqolalar berildi. Mezon boʻyicha berilishi kerak boʻlgan, lekin muayyan sabablarga koʻra OʻzME jildlariga kirmay qolgan ayrim shaxslar, turli tushunchalar haqidagi maqolalar ham ushbu qismdan oʻrin oldi.[4] »

Qarshi olinishi[править | править код]

O‘zME nashrdan chiqa boshlaganidan keyin „Xalq so‘zi“, „O‘zbekiston adabiyoti va sanʼati“, „O‘zbekiston ovozi“, „Hurriyat“, „Toshkent haqiqati“, „Toshkent oqshomi“ va boshqa gazetalarda, „Tafakkur“, „Jahon adabiyoti“, „Saodat“ va boshqa jurnallarda taqrizchilar, axborot-reklama shaklidagi maqolalar, radio va televideniyeda eshittirish va ko‘rsatuvlar berildi.[1]

Oʻzbekkino kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar ijodiy studiyasi 2006-yilda O‘zME haqida „Javohirlar xazinasi“ filmini yaratdi. 2006-yil 23-avgustda Alisher Navoiy nomidagi sanʼat saroyida ushbu film taqdimoti bo‘lib o‘tdi.[1]

O‘zMEning jildlari 2004- va 2005-yillarda MDH mamlakatlari orasida oʻtkazilgan „Kitob sanʼati“ koʻrgazmalarida namoyish qilingan.[2] Bu koʻrgazmalarda OʻzME ikki marta maxsus diplom bilan taqdirlangan.[5]

Nashriyot[править | править код]

Asosiy maqola: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti.

Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasini Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti tayyorlagan.[6] O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti soha ensiklopediyalari, izohli va ko‘p tilli lug‘atlar, maʼlumotnomalar tayyorlaydi va nashr etadi.[6] Dastlab O‘zbekiston hukumatining „O‘zbek sovet ensiklopediyasi Bosh redaksiyasini tashkil etish haqida“gi qarori (1968-yil 18-yanvar) bilan Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi tarikibida (O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining 1965-yil tuzilgan ensiklopediya bo‘limi negizida) O‘zbek sovet ensiklopediyasi Bosh redaksiyasi nomi bilan tashkil etilgan. 1990-yildan 1997-yilga qadar „Qomuslar Bosh tahririyati“ deb yuritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 20-martdagi 154-sonli qarori bilan „O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyotiga aylantirilgan. Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 11-iyundagi qarori asosida nashriyotga Abdulla Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashriyoti va Abu Ali ibn Sino nomidagi Tibbiyot nashriyoti qo‘shilishi munosabati bilan qayta tashkil etilgan. Nashriyotning asosiy faoliyati jamiyat hayotining barcha sohalari bo‘yicha ensiklopedik nashrlar, lug‘atlar, maʼlumotnomalar, o‘zbeklarning tarixiy, madaniy merosi, qadriyatlari, tibbiyoti, sport va boshqa nashrlarga bo‘lgan aholi ehtiyojini qondirishdan iborat.

Nashriyotda 2007-yil 1-yanvarga 6 ta ilmiy tahririyat: Ilmiy uslubiyat va so‘zlik; Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar; Tabiiy fanlar; Tibbiyot; Adabiyot va sanʼat; Tarix va qadriyatlar tahririyatlari hamda Ishlab chiqarish, Buxgalteriya va iqtisodiy tahlil bo‘limlari bor. Nashriyotga ilmiy-metodik rahbarlikni jamoatchilik asosida ishlaydigan Bosh tahrir hay’ati amalga oshiradi. Uning tarkibiga olimlar, jamoat arboblari, nashriyot rahbarlari kirgan. Bosh tahrir hay’ati O‘zMEni mukammallashtirishda qatnashadi, har bir jild materiallarini nashrga tavsiya etadi.

Nashriyot ilmiy tahririyatlari huzurida fan sohalari bo‘yicha ilmiy-maslahat kengashlari ham tuzilgan. Ularning aʼzolari Bosh tahrir hay’ati aʼzolari rahbarligida ishlaydi hamda muayyan sohaning so‘zligi va maqolalarini ko‘rib chiqib tasdiqlaydi. 1971-1980-yillar mobaynida 14 jildli universal „O‘zbek sovet ensiklopediyasi“ (O‘zSE, Beryniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan, 1981) nashr etildi. Unda 40 mingdan ziyod maqola joylashgan. Mazmun-mundarijasi bilan sovet mafkurasiga xizmat qilgan.

OʻzME va OʻzSE[править | править код]

Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasidagi aksar maqolalar Oʻzbek sovet ensiklopediyasi dan olingan. Koʻplab maqolalar OʻzSEdan OʻzMEga hech bir oʻzgartirishsiz olingan. Baʼzi hollarda olingan maqolalarga kichik oʻzgartirishlar kiritilgan. Masalan, qoʻshimchalar, qisqartmalar oʻzgartirilgan, iloji boʻlsa ruscha atamalar oʻzbekchaga oʻgirilgan, baʼzi hollarda OʻzME da OʻzSE dagiga qaraganda yangiroq maʼlumot berilgan. Masalan, Nigeriyadagi Aba shahri haqidagi va diod haqidagi maqolalarda shu kichik farqlarni kuzatish mumkin. Ammo, OʻzME va OʻzSE dagi maqolalar umuman olganda bir-biriga juda oʻxshash:

OʻzSE dan OʻzME dan
ABA — Nigeriyaning janubidagi shahar. Aba daryosi boʻyida, Port-Xarkort — Enugu temir yoʻl va avtomobil yoʻli kesishgan joyda. Aholisi 131 ming (1963). Yogʻli palma mahsulotlari sotiladigan joy. Sovun va pivo z-dlari, yogʻ, trikotaj korxonalari bor.[7] ABA — Nigeriya jan.dagi shahar. Aba daryosi bo‘yida, Port-Xarkort — Enugu temir yoʻl va avtomobil yo‘li kesishgan joyda. Aholisi 264 ming (1991). Moyli palma mahsulotlari sotiladigan joy. Sovun va pivo zavodlari, yog‘, to‘qimachilik korxonalari bor.[8]
Diod — [yunon. di — ikki marta va (elektr)od)] — ikki elektrodli elektron lampa. Bir tomonlama oʻtkazuvchanlik xususiyatiga ega. Vakuum va yarimoʻtkazgich D.lar boʻladi. V a k u u m D. anod va katoddan iborat. Tok berib, katod qizdirilsa, elektronlar oqimi anodga qarab yoʻnaladi va anod toki hosil boʻladi. Katod bilan anod orasidagi potensiallar farqi kichik boʻlsa, lampa ichidagi elektronlarning bir qismi katodga aylanadi. Bunday hodisa t oʻ y i n m a g a n r e j i m deb ataladi. Potensiallar farqi katta boʻlganda D. toʻyingan rejimda ishlaydi. Bunda elektronlar harakati deyarli sezilmaydi. Y a r i m oʻ t k a z g i ch D.da ikki xil oʻtkazgich chegarasida hosil boʻlgan potensial toʻsiq tokni faqat bir yoʻnalishda oʻtkazadi. D. tokni toʻgʻrilash, tokni chegaralash va chastotani oʻzgartirish uchun qoʻllaniladi.[9] Diod — [di... va (elektr)od)] — ikki elektrodli elektron lampa. Bir tomonlama oʻtkazuvchanlik xususiyatiga ega. Vakuum va yarimoʻtkazgich D.lar boʻladi. Vakuum D. anod va katoddan iborat. Tok berilib, katod qizdirilsa, elektronlar oqimi anodga qarab yoʻnaladi va anod toki hosil boʻladi. Katod bilan anod orasidagi potensiallar farqi kichik boʻlsa, lampa ichidagi elektronlarning bir qismi katodga aylanadi. Bunday hodisa toʻyinmagan rejim deb ataladi. Potensiallar farqi katta boʻlganda D. toʻyingan rejimda ishlaydi. Bunda elektronlar harakati deyarli sezilmaydi. Yarimoʻtkazgich D.da ikki xil oʻtkazgich chegarasida hosil boʻlgan potensial toʻsiq tokni faqat bir yoʻnalishda oʻtkazadi. D. tokni toʻgʻrilash, tokni chegaralash va chastotani oʻzgartirish uchun elektr apparatlar va radioapparatlarda qoʻllaniladi.[10]

Shuningdek qarang[править | править код]

Manbalar[править | править код]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 1,7 O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi haqida. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti. 04.02.2014.
  2. 2,0 2,1 Вышел в свет 12 том “Национальной энциклопедии Узбекистана». Посольство Республики Узбекистан в Российской Федерации. 04.02.2014.
  3. 3,0 3,1 В 2012 году «Узбекская национальная энциклопедия» выпустила 15 изданий. Мир энциклопедий (07.01.2013). 04.02.2014.
  4. "Kirish soʻz". Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent. 2006. 
  5. Пополняя энциклопедические знания. Туркистон-пресс (14.01.2013). 04.02.2014.
  6. 6,0 6,1 За 2012 год в издательстве национальной энциклопедии выпущена литература 15 наименований. 12news.uz (07.01.2013). 04.02.2014.
  7. Moʻminov, Ibrohim, ed (1971). "Aba". Oʻzbek sovet ensiklopediyasi. 1. Toshkent. 9 b. 
  8. "Aba". Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent. 2000-2005. 
  9. Moʻminov, Ibrohim, ed (1973). "Diod". Oʻzbek sovet ensiklopediyasi. 4. Toshkent. 51 b. 
  10. "Diod". Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent. 2000-2005. 

Havolalar[править | править код]