Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi

Материал из УзЭнц


Oʻzbekiston Respublkasi Adliya vazirligi
Asos solinishi1992-yil 8-yanvar
Turihuquqiy
Maqomivazirlik
Shtab-kvartirasiToshkent, 100047, Sayilgoh koʻchasi, 5
Xizmat hududiOʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Aʻzolariprivate persons
Rasmiy til(lar)iOʻzbek, Rus
VazirRuslanbek Davletov
Bosh mahkamasiVazirlik
Hamkor tashkilotlariOʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi
Vebsaytiminjust.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasida davlat boshqaruvi organi hisoblanadi[1][2].

Tarixi[править | править код]

Oʻzbekiston SSR Adliya xalq komissarligi 1924-yil 26-noyabrda Revolyutsion komitetning qarori bilan Turkiston avtonom respublikasi Adliya xalq komissarligi negizida tashkil etilgan. Uning asosiy vazifalaridan biri Oʻzbekiston tarkibiga kirgan avvalgi Buxoro Amirligi, Xorazm va Qoʻqon xonligi davlatlarining hududida adliya idoralarining faoliyatini tartibga solish va muvofiqlashtirishdan iborat edi.

1925 yil 6 may kuni Oʻzbekiston Kengashining Markaziy Ijroiya qoʻmitasi Rayosati Adliya xalq komissarligi xakidagi Nizomni tasdiqladi. Bu Nizom yangi barpo etilgan Adliya xalq komissarligining tarkibi va vakolatlarini belgilab berdi. Nizomning 1-bandiga koʻra Adliya xalq komissarligiga umumiy rahbarlik; barcha sud muassasalari, prokuratura va tergov idoralari, notariat hamda sud ijrochilari faoliyatini tashkil etish va yoʻnaltirish; sud xodimlarini lavozimlarga tasdiqlash; er komissiyalari va sud vakolatiga ega boʻlgan boshqa tashkilotlarning faoliyatini kuzatish; himoyachilar hayʼatlarining faoliyatini kuzatish va aholiga yuridik xizmatni tashkil etish; qonunchilik yuzasidan Oʻzbekiston Markaziy Ijroiya qoʻmitasi va Xalq komissarligi Kengashiga kiritiladigan barcha takliflarni birlamchi koʻrib chiqish; qonunchilikka amal qilinishini nazorat qilish; amaldagi qonunlarni sharhlash, respublika qonun va hukumat qarorlarining toʻplamlarini nashr etish hamda hokazolar yuklatilgan.

Adliya xalq komissarligi uchta asosiy: sud tuzilishi va nazorati, prokuratura hamda qonunchilikka takliflar kiritish boʻlimlaridan iborat boʻlib, Adliya xalq komissari bir vaqtning oʻzida respublika Xalq komissarligi Kengashining taqdimnomasiga binoan Markaziy ijroiya qoʻmitasi tomonidan tayinlanadigan va vazifasidan ozod qilinadigan respublika Davlat prokurori boʻlib ham hisoblangan. 1926 yil 22 dekabrda Oʻzbekiston Adliya xalq komissarligi haqidagi Nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan, 1931 yil 11 oktabrda esa keyingi yillarda sud va prokuratura idoralarining tarkibi va vazifalari oʻzgarishi munosabati bilan takomillashib borgan yangi Nizom qabul qilindi.

30 yillarning boshlarida Adliya xalq komissarligi Prokuratura, Oliy sud, tashkiliy-instruktorlik boʻlimi, mehnat-tuzatish muassasalari boshqarmasi va umumiy boʻlimdan iborat boʻlgan. Respublika prokurori, Oliy sud raisi va mehnat- tuzatish muassasalari boshqarmasining boshligʻi Adliya xalq komissarining oʻrinbosarlari boʻlib hisoblangan.

Adliya xalq komissari respublika hududida yagona sud siyosatini amalga oshirish, barcha adliya idoralarining faoliyatini tashkillashtirish va unga umumiy rahbarlik qilish, mansabdor va jismoniy shaxslar harakatlarining qonuniyligi ustidan nazorat olib borish bilan shugʻullangan. U jinoyatchilikka qarshi kurash borasidagi barcha tergov idoralarining faoliyatini boshqargan, jinoyatchilik va unga qarshi kurash usullarini oʻrgangan. Respublikadagi maxsus sud idoralarining faoliyati hamda mehnat-tuzatish amaliyoti ustidan nazorat olib borish ham Adliya xalq komissarligining zimmasida boʻlgan.

Prokuratura 1936 yilga qadar Adliya xalq komissarligining tarkibida boʻlgan. Sobiq Ittifoq Markaziy ijroiya qoʻmitasi va Xalq komissarlari Kengashining 1934 yil 27 oktabrdagi qaroriga asosan Adliya xalq komissarligining tizimida boʻlgan mehnat-tuzatish muassasalari Ichki ishlar xalq komissarligining tarkibiga oʻtkazilgan. 1934 yil 10 sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi MIQ va XKK tomonidan Oʻzbekiston Adliya xalq komissarligi, Prokuratura va Oliy sudning tarkibini bir qadar oʻzgartirgan „Sud va prokuratura idoralarini qayta tashkil etish va mustahkamlash haqida“gi qarori qabul qilindi. Bu paytga kelib Adliya xalq komissarligi Prokuratura, Oliy sud va boʻlimlardan iborat edi.

Sobiq Ittifoq MIQ va XKK tomonidan 1936 yil 20 iyulda qabul qilingan „SSSR Adliya xalq komissarligini tashkil qilish toʻgʻrisida“gi qarori markazlashtirilgan sud va prokuratura tizimini yaratishda yakunlovchi hujjat boʻlib xizmat qildi.

1936 yilning 8 dekabr kuni ittifoq MIQ va XKK tomonidan Adliya xalq komissarligi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sud boshqaruvi vakolatlaridan ozod qilindi va respublikadagi oliy sud nazorat instansiyasi boʻlib qoldi. Barcha prokurortura-tergov idoralari Adliya xalq komissarligi tarkibidan chiqarildi. Sobiq Ittifoq Adliya xalq komissarligi zimmasiga sud idoralarining faoliyatini tashkil etish va boshqarish yuklatildi.

Ushbu Nizomga asosan Oʻzbekiston Adliya Xalq komissarligini ikki oʻrinbosarga ega boʻlgan Xalq komissari boshqardi. Oʻzbekiston Adliya xalq komissarligining tizimida sud idoralari, aholiga huquqiy yordam koʻrsatish va sud himoyasi boʻlimlari, notariat sektori, respublika qonunlarini mujassamlashtirish boʻlimi, huquqiy maslahatxona va hokazolar faoliyat koʻrsatdi. Bundan tashqari respublika Adliya xalq komissarligi sud ijrochilari faoliyatini boshqardi hamda nazorat qildi, sud statistikasini tashkil etdi va olib bordi.

Ikkinchi jahon urushi yillarida adliya idoralari tizimida jiddiy oʻzgarishlar boʻlmadi, ammo ayrim boʻlimlar faoliyati respublika maʼmuriy-hududiy boʻlinishidagi oʻzgarishlar va harbiy vaqt xususiyatlaridan kelib chiqib takomillashdi.

Oʻzbekiston Oliy Kengashi Rayosatining 1956-yil 7-avgustdagi „Mehnatkashlar deputatlari viloyat Kengashlari qoshidagi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining boshqarmalarini tugatish haqida“gi Farmoniga asosan respublika Vazirlar Kengashi oʻzining 1956 yil 6 noyabrdagi qarori bilan respublika Adliya vazirligi toʻgʻrisidagi yangi Nizomni tasdiqladi. Yangi Nizomga binoan Oʻzbekiston Adliya vazirligi bevosita respublika Vazirlar Kengashiga boʻysungan. Vazirlikda vazir, uning oʻrinbosarlari va bir nechta rahbar xodimlardan iborat hayʼat faoliyat koʻrsatgan. Hayʼat yigʻilishlarida sud va adliya idoralarining ishini amaliy boshqarish, ijroni tekshirish, kadrlarni tanlash, eng zarur buyruq va yoʻriqnomalarni tayyorlash kabi masalalar hal qilingan.

1959 yil 23 martda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati „viloyat va xalq sudlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish“ maqsadida Adliya vazirligini tugatdi. Viloyat va xalq sudlarining ishini tekshirish, ularning barcha faoliyati ustidan nazorat qilish huquqi hamda sud statistikasini olib borish majburiyati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga yuklatildi. Bunday qayta tashkil qilish oqibatida yuqori sud instansiyalari sud boshqaruvini ham amalga oshirdi.

Respublika Vazirlar Kengashining 1959 yil 27 martdagi Qarori bilan uning huzurida Yuridik komissiya tashkil qilinib, bu komissiya zimmasiga qonunlarni mujassamlashtirish, hukumat topshiriqlariga koʻra Vazirlar Kengashiga kiritilgan normativ xususiyatga ega qonun hujjatlari va hukumat qarorlari loyihalarini dastlabki koʻrib chiqish yuklatilgan.

Ammo keyinchalik davlat qurilishi amaliyotiga bunday yuzaki yondashuv xato ekanligi va qonun hujjatlarini tayyorlash sifatiga, malakali huquqshunos kadrlarning salohiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatganligi maʼlum boʻldi. Shu sababli SSSR Oliy Kengashining Rayosati 1970 yil 31 avgustda „SSSR ittifoq-respublika Adliya vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida“gi Farmonni qabul qildi. Unga asoslanib 1970 yil 1 oktabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati ham Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligini tashkil qildi. Respublika Vazirlar Kengashining 1972 yil 27 sentyabrdagi Qarori bilan Adliya vazirligining Nizomi tasdiqlandi.

Adliya vazirligi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat, Toshkent shahar, tuman (shahar) sudlariga tashkiliy rahbarlik qilish, qonunlarni mujassamlashtirish, qonunlar yuzasidan takliflarni tayyorlash, xalq xoʻjaligida huquqiy ishlarga uslubiy rahbarlik qilish, davlat idoralari va jamoat tashkilotlarining huquqiy bilimlarni targʻibot qilish, aholi oʻrtasida qonunlarni tushuntirish ishlarini uslubiy boshqarish va muvofiqlashtirish, notariat, fuqarolik holati aktlarini qayd etish, advokatura idoralariga hamda Toshkent sud ekspertizasi ilmiy-tekshirish institutiga umumiy rahbarlik qilish amalga oshirildi.

70-80 yillarda adliya rahbariy idoralarining tarkibi va vakolatlarida jiddiy oʻzgarishlar roʻy bermadi. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan sudlar faoliyatini tashkiliy taʼminlash amalga oshirildi. Bu faoliyat davomida sud idoralarini tashkil etish, adliya va sud idoralari xodimlarini tanlash, joy-joyiga qoʻyish va tarbiyalash, sudlarning odil sudlovni amalga oshirishlariga etarli sharoit yaratish, sudyalar va xalq maslahatchilari saylovchilar oldida hisobot berishlarini tashkil etish masalalari hal etildi, viloyat, tuman, shahar sudlarida, adliya idoralari va muassasalarida ishlarni tashkil qilinishi tekshirib borildi.

Bu davrda Adliya vazirligi va uning joylardagi idoralari boshqa huquqni himoya qilish idoralari bilan hamkorlikda ayrim toifadagi jinoyat ishlari boʻyicha sud amaliyotini oʻrgandi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrdi. Xususan, mulkni talon-taroj qilish, poraxoʻrlik va chayqovchilik, harakat xavfsizligi qoidalarini buzish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud amaliyoti, mulkni roʻyxatdan chiqarish ishlari yuzasidan sud-prokurorlik amaliyoti umumlashtirildi, huquqni muhofaza qilish idoralarining davlat va jamoat mulkini talon-taroj qilish, hisobotlarga qoʻshib yozish va chayqovchilikka qarshi kurash ishlari tekshirildi, davlat mulkini talon-taroj qilish ishlari yuzasidan moddiy zararni undirish borasidagi maʼmuriy va moliya idoralari faoliyatining ahvoli oʻrganildi.

Adliya vazirligi hayʼati bir necha marotaba vazirliklar, idoralar, tashkilot va muassasalardagi huquqiy xizmatning ayollar va voyaga etmaganlarning mehnatini muhofaza qilish borasidagi ishlarini muhokama etdi. Fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarining buzilishini oldini olish ishlarida huquqiy vositalardan samarali foydalanish muammolari vazirlik, respublika adliya organlarining diqqat markazida boʻldi. Adliya organlari xodimlari aholi oʻrtasida qonunlarni keng targʻib qildilar.

Adliya va sud idoralari faoliyatining samaradorligini oshirish ularning ish sharoiti va moddiy-texnik taʼminotiga koʻp jihatdan bogʻliq edi. Bu idoralar mahalliy byudjetga katta daromad keltirishgan, ammo ularni taʼminotiga mahalliy idoralar mablagʻ bermagan, respublika byudjetidan esa oz miqdorda pul mablagʻlari ajratilgan. Koʻp sudlar, notarial va FHDYo idoralari avariya holatidagi yoki faoliyatiga moslashtirilmagan binolarda joylashgan. Qogʻoz, yozuv mashinkalari, orgtexnika, mebel jihozlariga etishmovchilik sezilgan, ishlovchilar soni esa meʼyoridan deyarli ikki marotaba kam boʻlgan.

1991 yilda Oʻzbekiston xalqi davlat mustaqilligiga erishdi. Uning tarixiy ahamiyati shundan iboratki, avvalo inson omilining ustuvorligi, davlat mustaqilligi tamoyillari tan olindi, xalqparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish kabi maqsadlar qoʻyildi.

Huquqiy davlat qurish jarayonida respublikamiz umumhuquqiy idorasi sifatida Adliya vazirligining mavqei oshmoqda. Adliya idoralarining oʻrni va masʼuliyatini oshirish, qonun ijodkorligini faollashtirish, aholiga huquqiy yordam koʻrsatishni yaxshilash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 1992 yil 8 yanvarda „Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida“gi Farmonni qabul qildi. Bu Farmon asosida 1992 yil 12 noyabrda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan „Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini takomillashtirish masalalari toʻgʻrisida“gi 523-sonli qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyati tartibga solindi hamda Adliya vazirligining markaziy apparat tarkibi va yangi Nizom tasdiqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining qonunchilik ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyoti sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish, shuningdek insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilish boʻyicha faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida 2003 yilning 27 avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan „Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi 370-sonli Qarori qabul qilindi.

Adliya vazirligi davlat boshqaruv organi hisoblanadi, faoliyati xususiyatiga koʻra bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunadi va huquqiy holati boʻyicha Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari, notariat va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYo) idoralari, Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazi, Respublika yuristlar malakasini oshirish markazi, Toshkent davlat yuridik instituti, Toshkent yuridik kolleji, TDYuI huzuridagi Akademik litsey, „Adolat“ nashriyoti hamda Huquqiy axborot bilan taʼminlash markazi kiradi.

Vazirlikni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan vazir boshqaradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining asosiy va eng muhim vazifasi qonunchilik ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlashdan iboratdir.

2011 yilda mamlakatimizning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, bir soʻz bilan aytganda, barcha sohalarini izchil demokratik yangilash va yanada liberallashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada Prezidentimizning 2010 yil 12 noyabrdagi Oliy Majlis palatalarining qoʻshma majlisidagi „Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish“ konsepsiyasi dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.

Mazkur Konsepsiyada qonunchilik talablariga rioya qilish va qonun ustuvorligini taʼminlash boʻyicha adliya organlarining rolini yanada kuchaytirishga doir yangi huquqiy mexanizmlarni oʻrnatadigan hujjatlarni amalga tatbiq etishga oid takliflar bildirilgan edi. Mazkur takliflar adliya organlari faoliyatining yangi davrini boshlab berdi, deyishimiz mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 23 avgustdagi „Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi Qarori bilan bu boradagi faoliyat yanada takomillashtirildi. Mazkur Qaror bilan tasdiqlangan Nizomda Adliya vazirligining jamiyat va davlat boshqaruvini takomillashtirishdagi roli belgilab berilgan.

Maqomi[править | править код]

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri oʻz maqomiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiradi.

1. Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan faoliyatning alohida masalalari boʻyicha — bevosita Oʻzbekiston Respublikasi prezidentiga boʻysunadi.

2. Vazirlik tizimiga Vazirlik markaziy apparati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti, boshqa adliya organlari va muassasalari kiradi.

Adliya organlari va muassasalari mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqildir va bevosita Vazirlikka boʻysunadi.

3. Vazirlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.

4. Adliya organlari va muassasalarini moddiy-texnik taʼminlash Vazirlikka ajratiladigan mablagʻlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining markaziy apparati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi va viloyatlar hamda Toshkent shahar adliya boshqarmalarining boshqaruv xodimlari mehnatiga haq toʻlash Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

5. Vazirlik oʻz faoliyatini boshqa davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalari hamda boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.

6. Adliya organlari va muassasalari yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan va oʻz nomi yozilgan muhrga egadir.

Vazirlikning vazifalari va funksiyalari[править | править код]

Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari hisoblanadi:

  • fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni, qonun ustuvorligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan jamiyat va davlat qurilishi sohasida norma ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosatini izchil amalga oshirish;
  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalarining norma ijodkorligi faoliyatini tizimli tahlil qilishni tashkillashtirish, ular tomonidan kiritiladigan yoki qabul qilinadigan qonun hujjatlari va boshqa hujjatlar loyihalarining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonun hujjatlariga, mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga, shuningdek qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligini aniqlash yuzasidan har tomonlama ekspertizani amalga oshirish; amaldagi qonun hujjatlarida „oq dogʻlar“ni, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimida korrupsiyaning kelib chiqishiga, boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishiga sharoit yaratayotgan qoidalar va normalarni aniqlash;
  • fuqarolik jamiyati institutlarining har tomonlama rivojlanishini, ularning aholining turli qatlamlari huquqlari va manfaatlarini himoya qilishda, mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiyalashda faol ishtirokini huquqiy taʼminlashga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish; Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va xalqaro shartnomalarida mustahkamlangan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishni taʼminlash;
  • nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat koʻrsatishining qonuniyligini, tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishni taʼminlash; mamlakatda roʻyxatdan oʻtgan xalqaro va xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan tizimli monitoring oʻtkazish;
  • jamiyatda aholining huquqiy ongini, huquqiy madaniyatni oshirishga va qonuniylikni mustahkamlashga yoʻnaltirilgan davlat organlari, jamoat birlashmalarining huquqiy targʻibot va maʼrifat sohasidagi ishlarini samarali muvofiqlashtirishni amalga oshirish;
  • sudlar faoliyatini har tomonlama moddiy-texnikaviy va moliyaviy taʼminlash, sud hujjatlarining soʻzsiz ijro etilishiga, sud hokimiyatining mustaqilligini yanada mustahkamlashga yoʻnaltirilgan davlat siyosatini, tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • notariat, advokatura, FHDYo organlari hamda fuqarolar va yuridik shaxslarga huquqiy xizmat koʻrsatuvchi boshqa tuzilmalar faoliyatining samaradorligini oshirishga yoʻnaltirilgan davlat tomonidan tartibga solish tizimini izchil takomillashtirib borish;
  • bozor islohotlarini chuqurlashtirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, kichik biznes, xususiy tadbirkorlik subʼektlarining, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilinishini taʼminlash, bu sohada byurokratik toʻsiq va gʻovlarni yaratishga yoʻl qoʻymaslik;
  • shartnomaviy-huquqiy intizomni mustahkamlash, shartnomalarni, eng avvalo qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish sohasida shartnomalarni tuzish va bajarishda xoʻjalik yurituvchi subʼektlarga amaliy huquqiy yordam koʻrsatish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • tegishli davlat organlari bilan birgalikda xalqaro-huquqiy munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarining samarali huquqiy himoya qilinishini taʼminlash;
  • davlat va jamiyat qurilishi sohasini demokratlashtirishning zamonaviy talablari va jarayonlarini hisobga olgan holda huquqshunos kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish boʻyicha faoliyatni nazorat qilish va muvofiqlashtirish;

8. Vazirlik oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

8.1. Norma ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosatini izchil amalga oshirish sohasida:

a) qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va huquqiy ekspertizadan oʻtkazish sohasida:

davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining norma ijodkorligi masalalari boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularga uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi;

norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha takliflar ishlab chiqadi, ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari boʻyicha va oʻz tashabbusiga koʻra qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi va ularni koʻrib chiqish uchun belgilangan tartibda kiritadi;

davlat boshqaruvi organlari tomonidan qonun loyihalarini tayyorlashning zarurligi masalalari boʻyicha oldindan kelishishni amalga oshiradi;

qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ularning Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonun hujjatlariga, mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga, shuningdek qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligini aniqlash yuzasidan tahlil qiladi va huquqiy ekspertizadan oʻtkazadi;

qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ularda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida korrupsiyaning kelib chiqishiga, boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishiga sharoit yaratib beradigan, shuningdek tadbirkorlik subʼektlari uchun ortiqcha maʼmuriy va boshqa cheklovlarni joriy qiladigan qoida va normalarni, tadbirkorlik subʼektlarida asossiz xarajatlarni vujudga keltiruvchi qoidalarni aniqlash yuzasidan tahlil qiladi;

davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalarining norma ijodkorligi faoliyatini monitoring va tahlil qilishni amalga oshiradi;

qonun hujjatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqlashtirish, huquqiy tartibga solishning tizimliligi va yaxlitligini taʼminlash, qonunchilikdagi „oq dogʻlar“ni bartaraf qilish toʻgʻrisida takliflar ishlab chiqadi, qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir takliflarni tahlil qiladi va umumlashtiradi hamda ularni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga taqdim qiladi, qonun hujjatlarini kodekslashtirish boʻyicha ishlarni olib boradi;

davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari loyihalarini tayyorlash va huquqiy ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha uslubiy koʻrsatmalarni tasdiqlaydi;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, ularning kengashlari, qoʻmitalari va komissiyalari bilan qonunchilik faoliyatini takomillashtirish masalalari boʻyicha doimiy amaliy aloqada boʻladi;

b) idoraviy norma ijodkorligi sohasida:

vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazadi;

vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning huquqiy hujjatlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlmagan hujjatlar toifasiga kiritish haqida qarorlar qabul qiladi;

idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reestrini yuritadi;

vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, davlat roʻyxatidan oʻtkazish, eʼlon qilish va manfaatdor shaxslar eʼtiboriga etkazishning belgilangan tartibini bajarish boʻyicha ishini nazorat qiladi;

vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishning ahvoli toʻgʻrisida jamoatchilikni xabardor qilib turadi;

v) mahalliy davlat hokimiyati organlarining norma ijodkorligi sohasida:

mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazadi;

mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, eʼlon qilish va manfaatdor shaxslar eʼtiboriga etkazishning belgilangan tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

g) qonunchilikni tizimlashtirish sohasida:

Oʻzbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlarini davlat hisobiga oladi va qonun hujjatlarini turkumlashtirish ishlarini olib boradi;

Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlarining nazorat nusxalarini yuritadi;

Oʻzbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlari bankini (fondini) shakllantiradi;

Qonunchilik tarmoqlari umumhuquqiy klassifikatorini tasdiqlaydi, normativ-huquqiy hujjatlarga klassifikator asosida kodlar beradi;

davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarida qonun hujjatlarining turkumlashtirilgan hisobini yuritish qoidalarini belgilaydi va ularga rioya qilish ustidan nazoratni amalga oshiradi;

d) adliya organlari va muassasalari faoliyati sohasidagi qonun hujjatlarini qoʻllash boʻyicha xulosalar beradi;

8.3. Mamlakatimizda roʻyxatdan oʻtkazilgan mahalliy, shuningdek chet el nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan tizimli monitoringni amalga oshirish sohasida:

nodavlat notijorat tashkilotlarini, shu jumladan, jamoat birlashmalari, diniy tashkilotlar, siyosiy partiyalar, xalqaro va xorijiy nodavlat (nohukumat) notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallarini davlat roʻyxatidan oʻtkazadi;

oʻzi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat reestrini yuritadi;

nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan qonun hujjatlariga, ustav faoliyatiga, taʼsis hujjatlariga, qayta roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish tartibiga rioya etilishi ustidan nazorat qiladi;

nodavlat notijorat tashkilotlariga ajratilgan mablagʻlar, grantlar, boshqa moliyaviy va moddiy resurslardan oqilona va maqsadli foydalanilishini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻradi;

nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat koʻrsatishlarining tashkiliy-huquqiy asoslarini, ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini amalga oshirishda, gumanitar muammolarni hal qilishda, mamlakat aholisining turli qatlamlari huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoyalashda faol qatnashishini takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;

qonun hujjatlarini buzayotgan va taqiqlangan faoliyat bilan shugʻullanayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarini aniqlash maqsadida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;

nodavlat notijorat tashkilotlarining chet el fuqarolari boʻlgan xodimlarini, shuningdek ularning qaramogʻida boʻlgan oila aʼzolarini akkreditatsiyadan oʻtkazadi;

xalqaro va xorijiy nodavlat (nohukumat) notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallari tomonidan tadbirlar (konferensiyalar, seminarlar, treninglar, yigʻilishlar, aksiyalar va shu kabilar) oʻtkazilishini hamda ular tomonidan bosma, audiovizual va boshqa materiallar tayyorlanishi va tarqatilishini kelishadi;

nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati haqida, shu jumladan, ajratilgan mablagʻlardan foydalanilishi haqidagi hisobotlarni qabul qiladi;

nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan qonun hujjatlari buzilganda, ularning faoliyatini toʻxtatib qoʻyish yoki ularni tugatish toʻgʻrisida takliflar tayyorlaydi va belgilangan tartibda sudga koʻrib chiqish uchun kiritadi;

siyosiy partiyalarning ustav faoliyatini moliyalashtirish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ajratilgan davlat mablagʻlarini ular oʻrtasida taqsimlaydi;

8.4. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va xalqaro shartnomalarida mustahkamlangan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishni taʼminlash sohasida:

inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlarini doimiy ravishda tahlil qiladi va uni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;

davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va xalqaro shartnomalarida mustahkamlangan inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

xalqaro tajribani oʻrganadi va xalqaro-huquqiy normalarning Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga implementatsiya qilish boʻyicha takliflar kiritadi;

fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini oshirish, aholida inson huquqlari va erkinliklariga hurmat ruhini, qonunga itoatkorlikni shakllantirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;

davlat organlarida inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi holatini tahlil qiladi va umumlashtiradi hamda ularni yaxshilash yuzasidan tegishli davlat organlariga takliflar kiritadi;

inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda advokaturaning rolini kuchaytirishga, fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlanishiga hamda ularning huquqiy asoslari mustahkamlanishiga koʻmaklashadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) va Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi bilan oʻzaro hamkorlik qiladi, shu jumladan inson huquq va erkinliklariga rioya qilinishi monitoringini amalga oshirish sohasida;

fuqarolarning oʻz konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklari buzilishi toʻgʻrisidagi murojaatlarini xolisona va har tomonlama koʻrib chiqishini taʼminlaydi, ular boʻyicha qonun hujjatlariga muvofiq choralar koʻradi;

8.5. Davlat organlari, jamoat tashkilotlarining huquqiy targʻibot boʻyicha ishlarini samarali muvofiqlashtirish sohasida:

huquqiy targʻibot va huquqiy taʼlimning ahvolini tahlil qiladi, ularni yaxshilash boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;

jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni oshirish va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy bilimlarning aholi oʻrtasida targʻib qilinishini tashkil etadi;

huquq sohasidagi taʼlim ishlarining uslubiy jihatdan taʼminlanishini tashkil etadi, huquqiy tarbiya va taʼlimning zamonaviy shakllarini joriy etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi;

oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining talabalari va oʻquvchilari uchun yuridik darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari, normativ-huquqiy hujjatlar toʻplamlari, shuningdek boshqa yuridik adabiyotlar nashr etish rejalarini ishlab chiqadi va nashr etilishini tashkil etadi;

jamiyatni huquqiy axborot bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha dasturlar va tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

adliya organlari va muassasalari uchun huquqiy axborotni yigʻish, qayta ishlash va tahlil qilishning dasturiy-texnik vositalari va texnologiyalari joriy etilishini tashkil qiladi;

adliya organlari va muassasalarini zarur qonunchilik materiallari bilan taʼminlash choralarini koʻradi;

Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasini yaratish va saqlashni tashkil qiladi, yuridik va jismoniy shaxslarning undan belgilangan tartibda foydalanishini taʼminlaydi;

davlatlararo huquqiy axborotlar almashishni amalga oshiradi;

kodekslar va qonun hujjatlari toʻplamlarining, shu jumladan, normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilishning rasmiy manbai hisoblangan „Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami“, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda „Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami“ning rasmiy nashr etilishini tashkil etadi;

tegishli davlat boshqaruvi organlari bilan birgalikda normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilish va tarqatish, qonun hujjatlari maʼlumotlarining elektron bazasini yaratish qoidalarini belgilaydi, ularning ijro etilishini taʼminlash chora-tadbirlarini koʻradi;

8.6. Sudlar faoliyatini moddiy-texnik va moliyaviy taʼminlash, shuningdek sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijrosini taʼminlash sohasida:

sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijrosini taʼminlaydi;

sudlar faoliyatini moddiy-texnik va moliyaviy taʼminlash boʻyicha belgilangan tartibda chora-tadbirlarni amalga oshiradi va uning takomillashtirilishi boʻyicha takliflar tayyorlaydi;

sudlarning binolarini qurish va taʼmirlashga ajratilgan mablagʻlar samarali oʻzlashtirilishini taʼminlaydi va sudlarning faoliyati uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish boʻyicha chora-tadbirlar koʻradi;

sudyalar va sud jarayonlarining xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ishlarni tashkil etadi;

sudyalar va sudlar apparati xodimlarining mehnat sharoitlari, moddiy va ijtimoiy taʼminotini yaxshilash boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va tegishli organlarga kiritadi;

8.7. Huquqiy xizmat koʻrsatishning davlat tomonidan tartibga solinishini amalga oshirish sohasida:

a) notariat va fuqarolik holati dalolatnomalarini roʻyxatga olish faoliyatini tashkil etish boʻyicha:

davlat notarial idoralarini tashkil etadi va tugatadi, notarius lavozimini taʼsis etadi va tugatadi;

davlat notarial idoralari reestrini yuritadi;

notarius stajyori faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, adliya boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlaydi;

chet elda foydalanish uchun moʻljallangan hujjatlardagi notariuslar imzosining va ularning muhri koʻchirmasining haqiqiyligini tasdiqlaydi, notariat faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan boshqa funksiyalarni bajaradi;

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq tegishli rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyadi;

notarial ish yuritish qoidalarini, notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomalarni, notarial harakatlar, tasdiqlovchi yozuvlar va guvohnomalarni roʻyxatga olish reestrlari shaklini tasdiqlaydi, Oʻzbekiston Respublikasining „Notariat toʻgʻrisida“gi Qonunida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi;

notariuslar tomonidan kasb majburiyatlarining, shu jumladan notarial ish yurituv qoidalarining bajarilishi yuzasidan belgilangan tartibda nazoratni amalga oshiradi, ularning ishini tahlil qiladi va umumlashtiradi;

davlat notarial idoralarini qatʼiy hisobdagi gerbli (maxsus) blankalar bilan taʼminlaydi;

fuqarolik holati dalolatnomalarini roʻyxatga olishni tashkil qiladi, FHDYo organlari faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi va ularni nazorat qiladi;

FHDYo organlarini tashkil qiladi, qayta tashkil qiladi va tugatadi, ularning ishini tekshiradi, tahlil qiladi va umumlashtiradi;

FHDYo va notariat idoralari xodimlari tomonidan fuqarolarga huquqiy xizmat koʻrsatish darajasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni koʻradi;

fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish blankalari namunalarini tasdiqlaydi;

FHDYo organlarini va Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi konsullik muassasalarini qatʼiy hisobdagi gerbli guvohnomalar blankalari bilan taʼminlaydi;

notariat va FHDYo organlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, ushbu organlar uchun koʻrsatmalar va uslubiy tushuntirishlar beradi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda davlat notarial idoralarining notariuslari tomonidan amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar, FHDYo organlari tomonidan jismoniy shaxslarga koʻrsatiladigan pulli xizmatlar roʻyxatlarini, ushbu harakatlar amalga oshirilganligi va xizmatlar koʻrsatilganligi uchun, shuningdek notarial arxivlar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga notarial tasdiqlangan hujjatlar dublikatlari, roʻyxatlardan koʻchirmalar, maʼlumotnomalar va arxiv hujjatlarining nusxalari berilganligi uchun toʻlovlar miqdorlarini tasdiqlaydi;

b) advokatura va yuridik yordam tizimini rivojlantirish boʻyicha:

Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi va advokatlik tuzilmalarining faoliyatida koʻmaklashadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi bilan birgalikda malaka komissiyalari vakolatlari va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi;

Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi tarkibini tasdiqlaydi;

advokatlarga litsenziyalar berishni va advokatlik tuzilmalarini (advokatlik byurolari, advokatlik firmalari va advokatlik hayʼatlari) davlat roʻyxatidan oʻtkazishni, shuningdek yuridik maslahatxonalarni hisobga qoʻyishni amalga oshiradi;

tegishli adliya organida davlat roʻyxatidan oʻtgan (hisobga qoʻyilgan) advokatlik tuzilmalarida ishlayotgan advokatlarning Yigʻma davlat reestrini yuritadi;

advokatlar malakasini oshirish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirishga koʻmaklashadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi bilan kelishilgan holda advokatlik tuzilmalarining statistika maʼlumotlarni taqdim qilish shakllarini tasdiqlaydi va muddatlarini belgilaydi;

advokatlik guvohnomasining shaklini va uni berish tartibini tasdiqlaydi;

advokat tomonidan ishni olib borishga order shaklini tasdiqlaydi;

advokatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga, shuningdek advokatlik tuzilmalari tomonidan taʼsis hujjatlariga, ustav faoliyatiga, qayta roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish tartibiga rioya qilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

v) davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat tashkilotlarning yuridik xizmatini rivojlantirish boʻyicha:

davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat tashkilotlarida huquqiy ishlarni muvofiqlashtirishni amalga oshiradi, ularni yaxshilashga doir tavsiyalar ishlab chiqadi;

yuridik xizmatlar xodimlari va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan yoʻl qoʻyilgan yuridik xizmatlar faoliyatini tartibga soladigan aniqlangan qonun hujjatlari talablari buzilishlarini bartaraf etishga yoʻnaltirilgan, shuningdek aybdor shaxslarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlikka tortish boʻyicha oʻz vakolati doirasida chora-tadbirlar koʻradi;

mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmati xodimlarini tayinlashda qatnashadi;

davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat tashkilotlari yuridik xizmatlariga huquqiy ishlarga taalluqli koʻrsatmalar beradi;

davlat va hoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat tashkilotlari yuridik xizmatlari xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazadi va attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisida guvohnoma beradi;

yuridik xizmatlar xodimlarining malakasini oshirishni tashkillashtiradi va malaka oshirishni oʻtaganligi haqida sertifikat beradi;

yuridik xizmatlar xodimlarini hisobini yuritadi;

yuridik xizmatlarining maʼlumotlar bazasini tuzish va yuritish tartibini, maʼlumotlar bazasiga kiritish uchun maʼlumot taqdim etish shakllari va muddatlarini belgilaydi;

8.8. Tadbirkorlikni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish, kichik biznes, xususiy tadbirkorlik, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlash sohasida:

tadbirkorlikni huquqiy taʼminlash va rivojlantirishning samaradorligini oshirishga, tadbirkorlik subʼektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

tadbirkorlik subʼektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar faoliyatini tartibga solish hamda ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qonun hujjatlariga rioya qilinishi ustidan nazoratni taʼminlaydi;

tadbirkorlik subʼektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquqlarini himoya qilish, mikrofirmalar, kichik korxonalar, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish va samarali faoliyat koʻrsatishi uchun qulay huquqiy va tashkiliy shart-sharoitlar yaratish boʻyicha qonun hujjatlarini qoʻllash amaliyotini oʻrganadi, shuningdek uni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;

nazorat qiluvchi organlar tomonidan xoʻjalik yurituvchi subʼektlarning, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarning faoliyatini tekshirishlar oʻtkazilishining qonuniyligi ustidan nazoratni taʼminlaydi;

Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobining shakli va toʻldirish tartibini tasdiqlaydi, tadbirkorlik subʼektlari oʻrtasida uning tarqatilishini taʼminlaydi va uni toʻldirish tartibiga rioya qilinayotganligi boʻyicha monitoring amalga oshiradi;

tadbirkorlik subʼektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning buzilgan huquqlarini tiklash boʻyicha choralar koʻradi;

davlat tuzilmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek ularning mansabdor shaxslari tomonidan tadbirkorlik subʼektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar faoliyatiga noqonuniy aralashish holatlarini tegishli maʼlumotlar bazasini shakllantirgan holda aniqlaydi, oʻrganadi va monitoringini amalga oshiradi;

tadbirkorlik subʼektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi holatlari boʻyicha murojaatlarini koʻrib chiqadi, koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida ularni xabardor qiladi;

8.9. Shartnomaviy-huquqiy intizomni mustahkamlash sohasida:

xoʻjalik yurituvchi subʼektlarga shartnomalarni, eng avvalo qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi sohasidagi xoʻjalik shartnomalarini tuzishda va bajarishda huquqiy yordam koʻrsatadi;

shartnomaviy-huquqiy intizomni mustahkamlash yuzasidan belgilangan tartibda takliflar ishlab chiqadi va kiritadi;

xoʻjalik yurituvchi subʼektlar, eng avvalo, ularning mansabdor shaxslarini shartnoma intizomini buzganligi uchun javobgarlikka tortish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar qoʻllanishi ustidan nazorat olib boradi;

xoʻjalik yurituvchi subʼektlar rahbarlarining shartnoma intizomiga rioya qilishi boʻyicha masʼuliyatini oshirish yuzasidan ish olib boradi;

qishloq xoʻjaligida shartnomalar tuzish va bajarishda xoʻjalik yurituvchi subʼektlarning qonunchilikka rioya qilishi ustidan nazorat olib boradi;

8.10. Yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, ularni tashkil etishda qonunchilikka rioya qilinishini taʼminlash sohasida:

auditorlik tashkilotlarini, sugʻurtalovchilar va sugʻurta brokerlarini, birjalarni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining tegishli qarorlari bilan tashkil etiladigan xoʻjalik boshqaruvi organlarini, shuningdek xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni, soliq maslahatchilari tashkilotlarini, bozorlarni, lombardlarni va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazadi;

yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda qonuniylikka rioya qilinishini taʼminlaydi;

oʻzi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan yuridik shaxslarning davlat reestrini yuritadi;

moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va oʻz ustav fondlarini qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda shakllantirmagan korxonalarni tugatish boʻyicha belgilangan tartibda chora-tadbirlar koʻradi;

tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik subʼektlarini roʻyxatga olish boʻyicha inspeksiyalari faoliyatida ushbu sohada byurokratik toʻsiqlar va gʻovlarni oldini olish maqsadida qonuniylikka rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik subʼektlarini roʻyxatga olish boʻyicha inspeksiyalari faoliyatiga uslubiy yordam koʻrsatadi;

8.11. Xalqaro-huquqiy munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlarini samarali huquqiy himoya qilishni taʼminlash sohasida:

belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzish boʻyicha takliflarni kelishadi, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tayyorlash va ijro etishda ishtirok etadi;

Oʻzbekiston Respublikasining huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi xalqaro shartnomalarini tayyorlash, tuzish va bajarish haqida belgilangan tartibda takliflar taqdim etadi;

Oʻzbekiston Respublikasi tomonlardan biri hisoblanadigan xalqaro-huquqiy hujjatlar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati kafolati ostida tuzilgan qarz va kredit shartnomalari boʻyicha yuridik xulosalar beradi;

xalqaro shartnomalar loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazadi;

oʻz vakolatlari doirasida boshqa davlatlarning tegishli organlari, shuningdek xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik toʻgʻrisida shartnomalar tuzadi;

xalqaro-huquqiy axborot masalalari boʻyicha maʼlumotlar bankini tashkil etadi;

oʻz vakolatlari doirasida xorijiy davlatlarda Oʻzbekiston Respublikasi va uning fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni taʼminlaydi;

xorijiy davlatlar sudlarida va xalqaro arbitrajlarda tomonlardan biri Oʻzbekiston Respublikasi boʻlgan nizolar koʻrib chiqilayotganda vakillik qiladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va eks-Prezidentining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini huquqiy, shu jumladan sudda himoya qilishni amalga oshiradi;

8.12. Zamonaviy talablarni hamda davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi demokratlashtirish jarayonlarini hisobga olgan holda huquqshunos kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish sohasida:

davlat organlarining yuridik kadrlarga boʻlgan ehtiyojini aniqlaydi, ularni Toshkent davlat yuridik universitetida, Toshkent yuridik kollejida, Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litseyda va Vazirlik tizimining boshqa taʼlim muassasalarida tayyorlash ishlarini tashkil etadi va rahbarlik qiladi;

huquqshunos kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni amalga oshiruvchi taʼlim muassasalarini akkreditatsiya qilishda, ularning pedagog va ilmiy xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazishda ishtirok etadi;

zamonaviy talablar hamda davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi demokratlashtirish jarayonlarini, standartlarni hisobga olgan holda huquqshunos kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etadi;

kadrlar ishini, huquqshunoslar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;

adliya organlari va muassasalarining kadrlar zaxirasini yaratadi, ularni tayyorlash va stajirovkadan oʻtishini tashkil etadi, tanlashni amalga oshiradi va belgilangan tartibda joy-joyiga qoʻyishda qatnashadi, ularni qayta tayyorlashni tashkil etadi;

8.13. Fuqarolar va tashkilotlarning murojaatlarini koʻrib chiqish sohasida:

adliya organlari va muassasalari xodimlarining noqonuniy harakatlari ustidan fuqarolarning shikoyat va arizalarini koʻrib chiqadi, ushbu masalalar boʻyicha shikoyat va arizalarning har tomonlama xolisona koʻrib chiqilishini taʼminlaydi;

qonunchilikning buzilishi holatlari yuzasidan tushgan shikoyatlar boʻyicha zarur hollarda joylarda mutasaddi tashkilotlar va mutaxassislar bilan birgalikda tekshirish oʻtkazgan holda adolatli qarorlar qabul qilinishini taʼminlaydi;

adliya organlari va muassasalarining shikoyat va arizalarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq faoliyatini oʻrganadi, bu yoʻnalishdagi ishlarni takomillashtirish boʻyicha takliflarni umumlashtiradi va kiritadi;

8.14. Huquqiy statistika sohasida:

davlat organlari va boshqa organlardan olingan huquqiy statistika maʼlumotlarini umumlashtiradi va tahlil qiladi;

adliya organlari va muassasalarida statistika hisoboti va birlamchi hisobga olish hujjatlari shakllarini ishlab chiqadi;

advokatura faoliyati toʻgʻrisidagi statistika maʼlumotlarini oʻrganadi;

fuqarolik holati dalolatnomalari va notarial harakatlarni roʻyxatga olish, shuningdek adliya organlari va muassasalari faoliyatining boshqa yoʻnalishlari boʻyicha statistikasini yuritadi;

doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudlari hisobini roʻyxatdan oʻtkazish va muvaqqat hakamlik sudlarini hisobga olishni amalga oshiradi;

8.15. Adliya organlari va muassasalarini moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlashni amalga oshirish sohasida:

adliya organlari va muassasalari xodimlarining moddiy va ijtimoiy taʼminoti toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqadi;

adliya organlari va muassasalarini moddiy-texnik taʼminlashni tashkil etadi, adliya organlari va muassasalari binolarini, shu jumladan davlat notarial idoralari, FHDYo organlari, sud ijrochilari boʻlimlarini kapital qurish va taʼmirlash choralarini koʻradi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritadi;

adliya organlari va muassasalarini belgilangan tartibda moliyalashtirishni amalga oshiradi, adliya organlari va muassasalarida buxgalteriya hisobi va hisobotini tashkil etadi va nazorat qiladi;

adliya organlari va muassasalarining moliyaviy-xoʻjalik faoliyati yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;

8.16. Sud-ekspert, ilmiy va taʼlim muassasalarini rivojlantirish sohasida::

huquqiy fanlarni rivojlantirish choralarini koʻradi, sud ekspertizasi sohasida ilmiy-tadqiqot, ekspertlik ishlarini tashkil etadi;

Oʻzbekiston Respublikasi davlat sud-ekspert muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiradi va unga ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi, shuningdek Sud ekspertizasi muammolari boʻyicha kengashni boshqaradi;

X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi, Respublika yuristlar malakasini oshirish markazi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent yuridik kolleji va boshqa adliya muassasalari faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;

9. Vazirlik oʻziga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bevosita, shuningdek adliya organlari va muassasalari orqali amalga oshiradi.

III. Vazirlikning huquqlari va javobgarligi

10. Vazirlik oʻz zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalari, boshqa tashkilotlardan, shuningdek ularning mansabdor shaxslaridan ularning vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan hujjatlarni, statistika va boshqa maʼlumotlarni, tahliliy materiallarni, xulosalar va boshqa axborotlarni soʻrash, talab qilish va olish;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa davlat organlari koʻrib chiqishi uchun qonunchilikni va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish masalalari boʻyicha belgilangan tartibda takliflar kiritish;

vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, taʼlim, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlardan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari boʻyicha xulosalar olish hamda koʻrsatib oʻtilgan organlar va tashkilotlar rahbarlari bilan kelishgan holda ushbu loyihalarni tayyorlash boʻyicha komissiyalar (ishchi guruhlari) tashkil etish;

vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarida normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, davlat roʻyxatidan oʻtkazish, eʼlon qilish va manfaatdor shaxslar eʼtiboriga etkazish boʻyicha belgilangan tartibga rioya qilinishi yuzasidan tekshirishlar oʻtkazish;

vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralarga davlat roʻyxatidan oʻtmagan normativ-huquqiy hujjatlarni bekor qilish va ijrodan chaqirib olish, buzilgan huquqlarni tiklash, etkazilgan zararlarni qoplash toʻgʻrisida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish, shuningdek tegishli organlar oldiga bunda aybdor mansabdor shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi masalani qoʻyish;

vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning qonunga zid boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarini belgilangan tartibda davlat reestridan chiqarish;

davlat boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat tuzilmalariga: ushbu organlarning norma ijodkorligi faoliyati ustidan monitoring olib borish jarayonida aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida; ishlab chiqish muddatini koʻrsatgan holda normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish zarurligi toʻgʻrisida; ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga rasmiy sharh berish zarurligi toʻgʻrisida; qonun hujjatlariga muvofiq boʻlmagan normativ-huquqiy hujjatlarni bekor qilish, yoxud ularni qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish toʻgʻrisida taqdimnomalar kiritish;

davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan inson huquqlari sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga rioya qilinishini tekshirish. Koʻrsatib oʻtilgan organlarning rahbarlariga aniqlangan qonun hujjatlari buzilishini, ularning sabablarini hamda bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish, shuningdek insonning buzilgan huquqlari va erkinliklarini tiklash choralarini koʻrish toʻgʻrisida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;

xorijiy davlatlarning sudlari va xalqaro arbitrajlarda Oʻzbekiston Respublikasining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor huquqiy nizolar boʻyicha daʼvogar va javobgarning vakili sifatida ishtirok etish;

huquqiy, shu jumladan, sud masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va eks-Prezidentining vakili sifatida ishtirok etish;

tegishli organlarga sudyalar va sud apparati mehnat sharoitlarini, moddiy va ijtimoiy taʼminotini yaxshilash yuzasidan takliflar kiritish;

advokatlarga berilgan litsenziyalarning amal qilishini belgilangan tartibda toʻxtatib turish va tugatish;

advokatlar malaka komissiyalariga advokatlarni intizomiy javobgarlikka tortish masalasini kiritish;

advokatlik tuzilmalariga aniqlangan qonun hujjatlari buzilishini bartaraf qilish toʻgʻrisida koʻrsatmalar yuborish;

davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat tashkilotlarda huquqiy ishlar ahvolini, shuningdek ularning yuridik xizmatlari faoliyatini tekshirish, ulardan amalga oshirgan ishlari toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etishlarini talab qilish, koʻrsatilgan organlarning va tashkilotlarning rahbarlariga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida belgilangan muddatlarda bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish, qonun hujjatlarini buzganlik uchun mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish yoki ularning aybi bilan davlatga yoki tashkilotga etkazilgan moddiy zararni qoplash toʻgʻrisidagi masala bilan yuqori turuvchi organlarga yoki sudga murojaat qilish;

yuridik xizmat xodimining attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini qonun hujjatlariga muvofiq tugatish;

tadbirkorlik subʼektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni javobgarlikka tortishning asosliligini zarur hujjatlar bilan tanishish yoʻli bilan oʻrganib chiqish;

tadbirkorlik subʼektlarining „ishonch telefoni“ orqali tushayotgan murojaatlarini koʻrib chiqish, barcha vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar, shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan tadbirkorlik subʼektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar huquqlariga rioya etish boʻyicha qonun hujjatlarining ogʻishmay bajarilishini tekshirish. Koʻrsatib oʻtilgan organlar va tashkilotlar rahbarlariga koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan: aniqlangan qonun hujjatlari buzishlarini, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida; tadbirkorlik subʼektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning buzilgan huquqlarini tiklash boʻyicha choralar koʻrish toʻgʻrisida taqdimnomalar kiritish;

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, qonunlarida va xalqaro shartnomalarida mustahkamlangan inson huquqlari va erkinliklari, tadbirkorlik subʼektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini mansabdor shaxslar tomonidan buzilishi holatlari aniqlanganda, shuningdek adliya organlarining qonuniy talablari mansabdor shaxslar tomonidan bajarilmaganda, aybdor mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi takliflar kiritish;

davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shu jumladan nazorat organlari va litsenziyalovchi organlar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining inson, tadbirkorlik subʼektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar huquqlarini buzuvchi qarorlarini, shuningdek ular mansabdor shaxslarining harakatlarini (harakatsizligini) toʻxtatib qoʻyish;

jinoiy, fuqarolik, xoʻjalik va maʼmuriy ishlar boʻyicha inson, tadbirkorlik subʼektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzuvchi sud hujjatlarini qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida davlat boji toʻlamasdan sud instansiyalariga takliflar kiritish;

inson, tadbirkorlik subʼektlari, xorijiy investorlar, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar huquqlariga, shuningdek shartnoma intizomiga rioya qilish boʻyicha qonun hujjatlarining buzilishi mumkin emasligi toʻgʻrisida mansabdor shaxslarni yozma ravishda ogohlantirish;

jismoniy va yuridik shaxslarning oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisida murojaatlarni tekshirishni amalga oshirish, shuningdek Vazirlik faoliyati doirasiga taalluqli boʻlgan masalalar boʻyicha axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash uchun vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, ilmiy va taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlarning vakillarini belgilangan tartibda jalb qilish;

xoʻjalik shartnomalari bajarilishi jarayoni ustidan monitoringni amalga oshirish, shartnoma intizomi buzilishi holatlari aniqlangan taqdirda, xoʻjalik yurituvchi subʼektlarga aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish, shuningdek shartnoma majburiyatlarini bajarilmaganligi (lozim darajada bajarilmaganligi) natijasida etkazilgan zararni qoplash yuzasidan belgilangan muddatlarda bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish; taqdimnomada bayon qilingan talablar belgilangan muddatda bajarilmagan taqdirda vakolatli organlar yoki sudlar oldiga shartnoma intizomini buzganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi toʻgʻrisidagi masalani qoʻyish;

nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan qonun hujjatlari va taʼsis hujjatlariga rioya qilinishi, shuningdek ularga ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanishini tekshirish, ulardan tegishli hujjatlar va maʼlumotlar taqdim etishlarini talab qilish, koʻrsatib oʻtilgan tashkilotlarning rahbarlariga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida belgilangan muddatlarda bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish, taʼsis hujjatlarini va qonun hujjatlarini buzganligi uchun mansabdor shaxslarni belgilangan javobgarlikka tortish uchun, shuningdek ularning aybi bilan davlatga yoki tashkilotga etkazilgan moddiy zararni qoplash boʻyicha yuqori turuvchi organlarga yoki sudga murojaat qilish;

nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarda (konferensiyalar, seminarlar, treninglar, yigʻilishlar, aksiyalar va shu kabilarda) ishtirok etish;

siyosiy partiyalarning ustavlarida nazarda tutilgan faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirishni toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;

nodavlat notijorat tashkilotlarning chet el fuqarolari boʻlgan xodimlarini, shuningdek ularning qaramogʻidagi oila aʼzolarini, ular tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari buzilgan hollarda akkreditatsiyadan mahrum qilish;

tegishli davlat organlari va muassasalaridan nodavlat notijorat tashkilotlarni tugatish boʻyicha tartib-taomilni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni soʻrash;

oʻz vakolatlari doirasida xorijiy davlatlar organlari va xalqaro tashkilotlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatish;

barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlardan huquqiy statistikani tashkil etish va yuritish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni olish;

davlat, yuridik va jismoniy shaxslar manfaatlarini koʻzlab sudlarga davlat boji toʻlamasdan arizalar va daʼvolar bilan murojaat qilish;

adliya organlari va muassasalari faoliyatini taʼminlash uchun zarur boʻlgan tegishli boʻlinmalar tashkil etish, ularni qayta tashkil etish va tugatish, shuningdek ularning ustavlari (nizomlari)ni tasdiqlash.

Vazirlik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.

11. Adliya organlarining xodimlari oʻz vakolati doirasida nazorat funksiyalarini amalga oshirishda:

davlat siri va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirga rioya qilish sharti bilan tekshirishni oʻtkazish uchun zarur boʻlgan hujjatlar va materiallar bilan tanishish, davlat organlarining elektron bazalaridan (banklaridan) foydalanish uchun xizmat guvohnomasini koʻrsatgan holda vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning, ularning hududiy va tarkibiy boʻlinmalarining, mahalliy davlat hokimiyat organlari, shuningdek boshqa tashkilotlarning hududlariga va binolariga kirish;

Konstitutsiya, qonunlar va boshqa qonun hujjatlariga zid boʻlgan hujjatlarni qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida takliflar kiritish maqsadida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyat organlari, nazorat tuzilmalarining qarorlari va boshqa hujjatlarini ularning qonun hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan oʻrganish uchun olish, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlarni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida maʼlumotni soʻrashga va olishga haqlidir.

12. Vazirlik oʻz vakolati doirasida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalari, boshqa tashkilotlar, notariuslar, advokatlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga haqlidir.

Vazirlik, zarur hollarda boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan birgalikda qoʻshma qarorlar va boshqa hujjatlarni chiqarishga haqlidir.

13. Vazirlik davlat organlarining huquqni qoʻllash amaliyoti va norma ijodkorligi faoliyatida qonun hujjatlari talablariga, qonuniylikka rioya qilishi ustidan taʼsirchan nazorat qilinishi, shuningdek oʻziga yuklatilgan boshqa vazifalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.

IV. Vazirlik faoliyatini tashkil etish

14. Vazirlikka Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan adliya vaziri boshchilik qiladi.

Vazirning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan toʻrt nafar oʻrinbosarlari, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻladi.

15. Vazir:

yakkaboshchilik asosida Vazirlik faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi va Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;

oʻz oʻrinbosarlari vakolatlarini belgilaydi, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi, Vazirlik tizimidagi boshqa mansabdor shaxslarning vakolatlarini, oʻz oʻrinbosarlarining va boshqa mansabdor shaxslarning Vazirlik faoliyatining alohida qismlarini boshqarishi hamda adliya organlari va muassasalarning ishi uchun javobgarligi darajasini belgilaydi;

Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻyicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo kengash va Huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari tomonidan inson huquq va erkinliklariga rioya qilinishi ahvolini oʻrganish boʻyicha idoralararo ishchi guruhiga rahbarlik qiladi;

Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini belgilangan tartibda imzolaydi;

Vazirlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni, shuningdek adliya organlari va muassasalarining nizom (ustav)larini tasdiqlaydi;

xodimlar belgilangan umumiy soni doirasida Vazirlik markaziy apparati va uning hududiy boʻlinmalari tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritadi, Vazirlik markaziy apparatining shtat jadvalini tasdiqlaydi;

Vazirlik markaziy apparatining, shuningdek adliya organlari va muassasalarining xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;

respublika davlat notarial idoralari tarmogʻi va FHDYo organlari tizimini tasdiqlaydi;

tegishli davlat organlariga adliya organlari va muassasalarini tashkil etish hamda ularning xodimlari sonini belgilash toʻgʻrisida takliflar kiritadi;

Vazirlik markaziy apparati, boshqa adliya organlari va muassasalari xodimlari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;

Vazirlik markaziy apparati xodimlarini, boshqa adliya organlari va muassasalari rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;

adliya organlari va muassasalari xodimlariga belgilangan tartibda martaba darajalari beradi, adliya organlari va muassasalari xodimlariga oliy martaba darajalari berish uchun ularni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etadi;

adliya organlari va muassasalarining xodimlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etadi, Vazirlik tizimining alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini faxriy unvonlar berishga va Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlashga taqdim etadi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

16. Adliya organlari va muassasalarining, shu jumladan Vazirlik tizimidagi ilmiy va taʼlim muassasalari xodimlariga egallab turgan lavozimiga va ish stajiga muvofiq maxsus darajali unvonlar, martaba darajalari beriladi va belgilangan xizmat muddati uchun ustama haqi toʻlab boriladi.

Martaba darajalari berish va ulardan mahrum etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Nizom bilan tartibga solinadi.

17. Vazirlikda Vazir (hayʼat raisi), uning oʻrinbosarlari (lavozimiga koʻra), shuningdek Vazirlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy boʻlinmalari rahbarlaridan iborat tarkibda hayʼat tashkil etiladi.

Hayʼatning aʼzolari soni va shaxsiy tarkibi Vazirning taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Hayʼat quyidagilar bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi:

Vazirlik faoliyatining norma ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqishni davom ettirish; inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishni taʼminlash, fuqarolik jamiyati institutlarini har tomonlama rivojlantirish; huquqiy targʻibot boʻyicha davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish; tadbirkorlikni huquqiy taʼminlash va rivojlantirish samaradorligini oshirishga, tadbirkorlik subʼektlari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga yoʻnaltirilgan kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish; shartnoma intizomini mustahkamlash, shuningdek huquqshunos kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha ushbu Nizomda belgilangan asosiy yoʻnalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish, tayyorlash va qayta tayyorlash;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash uchun Vazirlik rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish.

Hayʼat Vazirlik vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham koʻrib chiqish huquqiga ega.

Hayʼat majlisiga Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.

Hayʼat uning majlisida tarkibining yarmidan koʻpi qatnashgan taqdirda vakolatli boʻladi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.

Hayʼat qarorlari Vazirning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Vazir va hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda Vazir paydo boʻlgan kelishmovchiliklar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hayʼat aʼzolari ham oʻz fikr-mulohazalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xabar qilishlari mumkin.

Hayʼat faoliyati tartibi uning hayʼat tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.

Manbalar[править | править код]