Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi

Материал из УзЭнц


Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi
Ўзбекистон Совет Социалистик Республикаси
Xronologiyalik senberi
Shior:
Бутун дунё пролетарлари, бирлашингиз!

Butun dunyo proletarlari, birlashingiz!

Poytaxti Samarqand (1924–1930);
Toshkent (1930–1991)
Tashkil topdi 27-oktabr 1924
SSSR tarkibida:
  • dan
  • gacha

Maydoni 447,4 ming km²
SSSR-da 5-oʻrinda
Aholisi 19,906,000 kishi (1989)
SSSR-da 3-oʻrinda
Zichligi 44,5 kishi/km² (1989)
SSSR-da 3-oʻrinda
Madhiyasi Oʻzbekiston SSR madhiyasi

Файл:O'zbekiston Sovet Davlat Madhiyasi (vocal).ogg

Oʻzbekiston sovet sotsialistik respublikasi (OʻzSSR, Oʻzbekiston SSR) — SSSR tarkibiga kirgan milliy respublika (1925—91). 1991-yil 31-avgustda mustaqilligini eʼlon qildi va Oʻzbekiston Respublikasiga aylandi. Oʻrta Osiyoda SSSR tomonidan oʻtkazilgan milliy-hududiy chegaralanish oʻtkazilishi natijasida tashkil topgan.

Turkiston avtonom sovet sotsialistik respublikasi, Buxoro xalq sovet respublikasi va Xorazm xalq sovet respublikasi hududlarining, asosan, oʻzbeklar va qoraqalpoqlar yashaydigan qismlarida vujudga kelgan. Oʻrta Osiyoning markaziy qismida joylashgan. Maydoni 447 400 km². Aholisi 5 milliondan ortiq (1926), 6,4 million (1939), 8,3 million (1959), 11,8 million (1970), 15,4 million (1979), 20 millionga yaqin (1989) kishi.

OʻzSSRda oʻzbeklar (14 milliondan oshiq), qoraqalpoqlar (411 900), tojiklar (933 600), qozoqlar (808 200), qirgʻizlar (174 900), turkmanlar (121 600) yashagan (1989).

Poytaxti 1925-yil fevraldan to may oyigacha Buxoro, 1925-yil maydan to 1930-yil dekabrgacha Samarqand, 1930 yil oxiridan Toshkentdir.

OʻzSSR hududi shimol va shimoli-gʻarbda Qozogʻiston SSR, janubi-gʻarbda Turkmaniston SSR, janubi-sharqda Tojikiston SSR, shimoli-sharqda Qirgʻiziston SSR, janubda Afgʻoniston bilan chegaradosh boʻlgan.

Siyosiy tarixi va davlat boshqaruvi[править | править код]

Oʻrta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish oʻtkazilishi natijasida Turkiston avtonom sovet sotsialistik respublikasi tugatilib, uning hududi yangi tuzilgan OʻzSSR, Turkmaniston SSR, Tojikiston ASSR (OʻzSSR tarkibida, 1929 yildan Tojikiston SSR), shuningdek, Qoraqirgʻiz (Qirgʻiziston) muxtor viloyati (RSFSR tarkibida; Qirgʻiziston SSR), Qoraqalpoq muxtor viloyati (Qozogʻiston ASSR tarkibida; keyinchalik Qoraqalpogʻiston ASSR, 1936 yildan OʻzSSR tarkibida) tarkibiga kiritildi.

Umumoʻzbek sovetlarining Buxoroda boʻlgan 1-qurultoyi (1925 yil 13—17 fevral)da "Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasini tashkil etish toʻgʻrisida deklaratsiya" qabul qilindi. Qurultoyda respublikaning oliy organlari: OʻzSSR Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi — OʻzSSR MIK va OʻzSSR Xalq Komissarlari Soveti — OʻzSSR XKS tuzilgan. OʻzSSR maʼmuriy jihatdan 1925 yilda dastlab 15 ta viloyat (Samarqand, Toshkent, Fargʻona, Xoʻjand, Zarafshon, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm) va Tojikiston ASSR (1929 yilgacha OʻzSSR tarkibida boʻlgan), 22 uyezd va 241 volostga boʻlingan. 1926 yilda maʼmuriy-iqtisodiy r-nlashtirish amalga oshirilgan. 1987 yil da OʻzSSR tarkibiga Qoraqalpogʻiston ASSR (1936 yildan u OʻzSSR tarkibida boʻlgan), 12 ta oblast (Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Fargʻona, Xorazm, Qashqadaryo), 155 rayon, 123 shahar, 95 ta posyolka hamda Toshkent shahri kirgan. OʻzSSR Butunittifoq sovetlarining 3-syezdi (1925 yil 13 may)da SSSR tarkibiga kiritilgan. 1927, 1937, 1978 yillarda OʻzSSR Konstitutsiyalari qabul qilingan.

Respublika siyosiy hayotida Oʻzkompartiya (1925 yil fevralda Buxoroda tuzilgan) yetakchi rol oʻynagan. OʻzSSR da hokimiyatning qonun chiqaruvchi oliy organi — OʻzSSR Oliy Soveti (1937 yildan) hamda ijro qiluvchi va boshqaruvchi oliy organi — OʻzSSR Ministrlar Soveti (1946 yildan) hisoblangan. Davlat hokimiyatining mahalliy organlari — 2,5 yilga saylanadigan xalq deputatlarining oblast, rayon, shahar, posyolka, qishloq va ovul sovetlari boʻlgan. Biroq amalda hokimiyat Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi (KPSS)ning respublikadagi boʻlimi — Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasi va markaz gumashtalari qoʻlida boʻlgan. OʻzKP(b) eʼtiborini sovet hokimiyatini mustahkamlashga, bosmachilik va burjuaz mulkdorlarga qarshi kurashga, sotsialistik industrlashtirishni amalga oshirishga, qishloq xoʻjaligini kollektivlashtirishga, madaniy inqilobni oʻtkazishga qaratgan.

Oʻzbekiston SSR tashkil qilinganidan soʻng respublika davlat boshqaruvi organlari Ittifoq organlari tartibida va ulardan andoza olingan holda tuzilgan. Bu ittifoqdosh respublikalarning markazdan turib boshqarishning eng oson va oddiy, shu bilan birga mustahkam shakli edi.

Mehnat ahlining eng ommaviy tashkiloti — kasaba uyushmalari ham partiya qoʻmitalariga toʻla-toʻkis qaram boʻlib qolgan.

Sovet davrida yosh avlodni kommunistik ruhda tarbiyalashga muntazam eʼtibor qaratgan. Bu ishlar bilan Butunittifoq leninchi kommunistik yoshlar soyuzi (VLKSM) ning Oʻzbekistondagi organi — Oʻzbekiston leninchi kommunistik yoshlar soyuzi (OʻzLKSM) shugʻullangan.

Respublikadagi dehqonlarni gʻoyaviy jihatdan birlashtirib turgan tashkilotlardan biri "Qoʻshchi" ittifoqi boʻlgan (1920—33 yillarda faoliyat koʻrsatgan). 1924 yilda 200 ming kishini oʻziga birlashtirgan bu ittifoq ham asta-sekin bolsheviklarning qishloqdagi siyosati targʻibotchisiga aylangan. Qishloq kambagʻallarining eng qashshoq qismini oʻzida birlashtirgan bu tashkilot kollektivlashtirish (jamoalashtirish) va "quloqlashtirish" davrida rol oʻynadi.

OʻzSSRda bolsheviklar tomonidan amalga oshirilgan "sotsialistik tajriba" mahalliy xalq tomonidan norozilik bilan qarshi olindi. Sovet hokimiyatining dastlabki 10 yilliklarida milliy rahbar xodimlar va ziyolilar tomonidan markazning zoʻravonligiga qarshi ochiq tanqidiy fikrlar aytilgan. Muxolifat ayrim davlat va jamoat arboblari, yozuvchilar, shoirlar, maorif xodimlari va huquqshunoslarni oʻzaro birlashtirgan edi.

Sovet rejimi dastavval mavjud tuzumga muxolifatda turganlarga qarshi repressiya siyosatini amalga oshirgan boʻlsa, 30-yillardan boshlab oʻz xalqiga nisbatan ommaviy terrorni qoʻlladi.

20-asr 20-yillarining 2-yarmi va 30-yillar boshida OʻzSSRda "Oʻn sakkizlar guruhi", "inogʻomovchilik", "qosimovchilik", "badriddinovchilik", "milliy ittihodchilar", "narkompros ishi" kabi siyosiy ishlar toʻqilishi va Munavvarqori boshchiligidagi milliy ziyolilarning qamoqqa olinishi natijasida oʻzbek xalqining koʻplab asl farzandlari qatagʻon qilindi. Moskvada boʻlib oʻtgan sud majlisidan keyin Munavvarqori boshchiligidagi 15 kishi otib tashlandi, qolgan 70 kishi esa uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi (1931 yil aprel).

30-yillar oʻrtasiga kelganda butun mamlakatda boʻlgani singari OʻzSSRda ham ommaviy qatagʻonlar avj oldi.

Respublikadagi aksariyat siyosiy rahbarlar 1937—38 yillarda "millatchilik va sovet hokimiyatiga qarshi kurash olib borish"da, shuningdek, qurolli qoʻzgʻolon koʻtarishni tayyorlashda ayblandi. F.Xoʻjayev, A.Ikromov, S.Segizboyev, A.Karimov kabi siyosiy rahbarlar qatl etildi.

OʻzSSR jamiyatning barcha tabaqalariga yoyilgan hibsga olish toʻlqini ostida qoldi. Davlat va jamiyat arboblari, xoʻjalik rahbarlari va oddiy kishilar bilan bir qatorda milliy ziyolilar ommaviy ravishda qatagʻon qilindi. 20-asr oʻzbek adabiyotining arboblari; Fitrat, Choʻlpon va Abdulla Qodiriy va boshqalar otib tashlandi.

1937—39 yillarda toʻqib chiqarilgan soxta ayblovlar boʻyicha Oʻzbekistonda 41 mingdan ortiq kishi hibsga olinib, ulardan 37 mingdan ortigʻi jazolandi, 6 920 kishi esa otib oʻldirishga hukm qilindi. Umuman olganda, 1937—53 yillarda OʻzSSR Ichki ishlar xalq komissarligi (NKVD) troykasi (uchligi) tomonidan 100 mingdan ortiq kishi qatagʻon qilindi, ulardan 15 ming nafari otib tashlandi. 1936—40 yillarda faqat davlat va jamoat arboblari, yozuvchilar, shoirlar va olimlardan 5 758 kishi qamoqqa olinib, ulardan 4 811 kishi otib oʻldirishga hukm qilingan edi.

1925—29 yillarda Oʻzbekistonda yer-suv islohoti amalga oshirildi. Bu islohot joylarda shart-sharoitlar va tayyorgarlik darajasiga qarab 3 bosqichda oʻtkazildi (qarang Oʻrta Osiyoda yer-suv islohoti). Keyinchalik qishloq xoʻjaligini kollektivlashtirish amalga oshirilib, kolxoz va sovxozlar tuzildi. Biroq shoʻrolar hokimiyati oʻziga toʻq dehqon xoʻjaliklarini "quloq" ("mushtumzoʻr") sifatida tugatish siyosatini olib borgan (q. Quloqlashtirish).

Ulugʻ Vatan urushi yillarida OʻzSSRdan 1,5 million kishi frontga ketgan, ulardan 450 mingdan ortiq kishi jang maydonlarida halok boʻlgan. Fashistlar bosib olgan hududlardan Oʻzbekistonga 1 milliondan ortiq kishi, jumladan, 200 ming bola evakuatsiya qilindi. Oʻzbek xalqi yana bir bor oʻzining gumanizmi va bagʻri kengligini koʻrsatdi.

Urush yillarida milliy siyosatda kechirib boʻlmas zoʻravonlikka yoʻl qoʻyildi. 1943—44 yillarda qalmoqlar, qrim tatarlar, chechenlar, ingushlar, olmonlar, qorachoylar, yunonlar, mesxeti turklari, bolqorlar oʻz tarixiy vatani yoki doimiy yashash joylaridan mamlakatning sharqiy hududlariga koʻchirib yuborildi. Qrimdan 151 604 qrim tatarlari, Gurjistondan 110 ming mesxeti turklari, Shim. Kavkazdan 175 ming chechen, 20 mingdan ortiq ingush, 4 500 bolqor, armani va yunonlar OʻzSSRga koʻchirildi. Koʻchirib keltirilganlar orasida boshqa xalqlarning vakillari ham oz emas edi. Ularga mahalliy hokimiyat va oʻzbek xalqi tomonidan katta yordam koʻrsatildi. Jumladan, uy-joy va yer sotib olish uchun tegishli miqdorda qarz ajratildi, oziq-ovqat bilan yordam koʻrsatildi. Maxsus koʻchirib keltirilganlarning koʻpchiligi kolxoz va sovxozlarga ishga joylashdilar, keyinchalik Mirzachoʻlni oʻzlashtirishda ishtirok etdilar. Urush yillarida OʻzSSR qishloq xoʻjaligi ahli eng murakkab va ogʻir sharoitlarda mehnat qilib, davlatga 4 148 000 tonna paxta, 82 million pud gʻalla, 54 067 tonna pilla, 195 ming tonna sholi, 57 444 tonna hoʻl meva, 36 ming tonna quruq meva, 159 300 tonna goʻsht, 22 300 tonna jun va boshqa mahsulotlarni yetkazib berdilar. Bu fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga qoʻshilgan munosib hissa edi. Urushda vayron boʻlgan xalq xoʻjaligini tiklashga yordam berish uchun koʻplab oʻzbekistonliklar RSFSR, Ukraina SSR, Belorussiya SSR va boshqa respublikalarga joʻnatildi.

Urush tugagach, oradan koʻp oʻtmay OʻzSSR boʻylab yana bir yalpi qirgʻin toʻlqini yelib oʻtdi. 20-asrning 40-yillari oxiri va 50-yillari boshidagi qatagʻonlar, asosan, madaniyat va fan arboblariga qarshi qaratiddi. Oʻzbekiston Kompartiyasi MQ markazning yoʻl-yoʻriqlariga tayangan holda dunyoqarashi va ijodi partiya mafkurasidan farq qiladigan ijodiy ziyolilar vakillariga qarshi hujum boshladi. Yozuvchi va shoirlardan Said Ahmad, Shukrullo, Mirzakalon Ismoiliy, Shuhrat, Maqsud Shayxzoda, Mirkarim Osim, Hamid Sulaymonov, shuningdek, Muhiddin Qoriyoqubov 1951 yilda "sovetlarga qarshi millatchilik faoliyati" olib borganlikda ayblanib qamoqqa olindilar va 25 yil ozodlikdan mahrum etiddilar. Oʻzbek xalqining faxri xisoblangan Oybek badnom qilindi.

20-asrning 50—80-yillarida OʻzSSRda turli sanoat korxonalari qurilgan, yangi shahar va posyolkalarga asos solingan. Mirzachoʻl, Surxon-Sherobod va boshqalar choʻllarning oʻzlashtirilishi natijasida ekin maydonlari kengaygan. Xalqning turmush darajasi sezilarli darajada yaxshilangan, biroq maʼnaviyatga kuchli zarar yetkazilgan. Ayniqsa, Oʻzbekiston iqtisodiyoti markaz manfaatlariga boʻysundirilgan. SSSRning agrar respublikalaridan biriga aylangan OʻzSSRda paxta yakkahokimligi oʻrnatilgan. 20-asrning 60-yillarida Orol dengizining qurishi boshlandi va u mintaqadagi ekologik muhitga jiddiy zarar yetkazdi.

OʻzSSR Konstitutsiyasida OʻzSSR Sovet Ittifoqi tarkibidagi teng huquqli suveren respublika sifatida oʻz hududida davlat hokimiyatini mustaqil ravishda amalga oshiradi, chet davlatlar bilan aloqa bogʻlash, ular bilan shartnomalar tuzish hamda diplomatik va konsullik vakillari ayirboshlash, xalqaro tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish huquqiga ega deb belgilab qoʻyilgan edi. Yuqori lavozimdagi kadrlarni tayinlash yoki olib tashlash markazdan turib hal qilinar edi.

20-asrning 80-yillari boshlariga kelganda sovet rejimi, uning siyosiy tizimi va xoʻjalik yuritish usullari oʻzining rivojlanish imkoniyatlarini tugata boshlaydi. OʻzSSR iqtisodiyoti ham, katta xom ashyo va tabiiy boyliklar zaxirasiga ega boʻlishiga qaramasdan, SSSRning markaziy hududlaridan juda tez ortda qola boshlagan.

OʻzSSRning ijtimoiy-siyosiy hayotida 1984 yil 23 iyunda boʻlgan Oʻzbekiston Kompartiyasi MQ 16-plenumi mashʼum rol oʻynagan. Moskva tashabbusi va koʻrsatmasi bilan tashkil qilingan bu plenumda qabul qilingan hujjatlar OʻzSSRda oʻzbek xalqini asossiz badnom etish kompaniyasini boshlab berdi.

SSSR Bosh prokurori huzurida alohida muhim ishlar boʻyicha maxsus 12 kishilik tergovchilar guruhi tuzilib, 1983 yildayoq OʻzSSRga yuborilgan edi. Ular keyinchalik markazdan respublikaga kelgan "desantchilar"ga tayanib, Oʻzbekistonda navbatdagi qatagʻonni amalga oshirdi.

OʻzSSRda paxta tayyorlash va uni qayta ishlash bilan bogʻliq jarayonlardagi "qoʻshib yozish", "oʻgʻrilik", "koʻz boʻyamachilik", "poraxoʻrlik" va hokazoni (aslida ham bunday moliyaviy jinoyatlar va qingʻirliklar boʻlgan) tergov qiluvchi Gdlyan va Ivanov guruhining talabi bilan respublikadagi jamoa xoʻjaliklari raislari va sovxoz direktorlarining 60%, qishloq xoʻjaligi yetakchi mutaxassislarining 45%, paxtachilik brigada boshliqlarining 35%, shuningdek, koʻplab rahbarlar, viloyatlar va tumanlar partiya qoʻmitasi kotiblari, respublika miqyosidagi partiya, sovet va xoʻjalik rahbarlari oʻz vazifalaridan olib tashlandi va ularga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatildi.

1983—90 yillarda OʻzSSRda "paxta ishi" degan uydirma boʻyicha jami 40 ming kishi tergov qilindi, 5 ming kishi esa soxta ayblar bilan jinoiy javobgarlikka tortildi. Tergov jarayonida inson huquqlari toptalib, tutqunlarga jismoniy va ruhiy tazyiq oʻtkazildi.

OʻzSSR va oʻzbek xalqiga nisbatan qilingan ushbu qatagʻon va yovuzliklar xalq ommasini sovet rejimiga nisbatan nafratini oshirdi, tuzumga boʻlgan munosabatini keskin oʻzgartirdi. Ana shunday murakkab bir vaziyatda respublikada mustaqillik uchun kurash kuchaydi. Oʻzbek xalqi oʻzining milliy ruhi, ozodlik va kelajakka boʻlgan ishonchini yoʻqotmay, mustaqillik poydevorini qiyinchilik bilan boʻlsada, asta-sekin qoʻyib bordi. Mustaqillikka ishonch 1990 yil 20 iyunda OʻzSSR Oliy Soveti "Mustaqillik deklaratsiyasi"ni qabul qilganida yaqqol namoyon boʻldi. 1991 yil 31 avgustda "Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini eʼlon qilish toʻgʻrisida" qonun qabul qilinib, Oʻzbekiston mustaqillikka erishdi.

Iqtisodiy va madaniy hayot[править | править код]

Oʻzbekistonning sovet davri tarixi katta qurilishlar va sanoat korxonalari bunyod etilgan davrdir. Aynan shu davrda oʻzbek xalqi oʻzining fidokorona mehnati bilan OʻzSSRni Sharqdagi zamonaviy qishloq xoʻjaligi respublikasiga aylantirgan edi. Bu yillarda iqtisodiyot, madaniyat, maorif, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot sohalarida muayyan yutuqlarga erishildi.

OʻzSSRda 1925—26 yillarda ishchilar soni 11 900 kishiga yetdi. Ularning 29,3% ni mahalliy millat vakillari tashkil etardi. Oʻzbekiston uchun sanoat qurilishini keng surʼatda jadallashtirish nihoyatda zarur edi. Chunki respublika iqtisodiyoti 20-asrning 30-yillari boʻsagʻasida ham agrar xususiyatga egaligicha qolayotgan edi. 1927 yilda OʻzSSR xalq xoʻjaligida qishloq xoʻjaligining salmogʻi 62,6%, sanoatning salmogʻi 37,4% ni tashkil etar, shu bilan birga sanoat ishlab chiqarishning 90% qishloq xoʻjaligi xom ashyosini qayta ishlashga asoslangan edi.

Birinchi 5 yillik davri[править | править код]

1928—1932 yillarda OʻzSSRda 289 ta sanoat korxonasi qurildi va ishga tushirildi, 79 ta korxona qayta tashkil etildi, sanoatning asosiy ishlab chiqarish fondlari 3 baravar, neft qazib chiqarish 2,5 baravar, metall ishlash sanoati mahsulotlari 6 baravar, sement ishlab chiqarish 3,5 baravar ortdi. Yengil sanoatning koʻnchilik, poyabzal ishlab chiqarish, tikuvchilik sohalari va ipgazlama ishlab chiqarish surʼatlari oshib bordi. Ana shu davrda Oʻrta Osiyoda paxtachilik mashinasozlik sanoatining toʻngʻichi boʻlgan "Tashselmash" va Quvasoy sement zavodi barpo etildi. "Chirchiqqurilish", Toshkent toʻqimachilik kombinati qurilishi tez surʼatlar bilan olib borildi. Fargʻona toʻqimachilik fabrikasi va yogʻ zavodi, Buxoro, Toshkent va boshqalar shaharlarda tikuvchilik fabrikalari ishga tushirildi.

Sanoatning rivojlantirilishi energetika bazasini kengaytirishni talab qilardi. Fargʻona, Samarqand, Toshkent va boshqalar joylarda yangi elektr stansiyalari qurildi. 1932 yilda barcha elektr stansiyalarining soni 1928 yildagi 16 ta oʻrniga 49 taga yetdi, elektr quvvati ishlab chiqarish esa 7 baravardan ziyodroq oshdi.

Ikkinchi 5 yillik davri[править | править код]

1933—1937 yillarda OʻzSSRda barpo qilinadigan sanoat korxonalari respublikaga ancha manfaat keltirdi. Masalan, Chirchiqdagi azotli oʻgʻitlar zavodi va Toshkent toʻqimachilik kombinatini barpo etilishi Oʻrta Osiyo mintaqasida paxtachilikni rivojlantirdi. Umuman ikkinchi 5 yillik davrida 189 ta turli sanoat korxonalari va elektr stansiyalari barpo etildi. Ular orasida Fargʻonadagi yigirish-toʻqish fabrikasi, Xavdogʻ va Uchqizil neft konlari, Toshkent matbaa kombinati, Qoʻqon superfosfat zavodi, Buxorodagi issiqlik elektr stansiyalari, Qodiriya va Boʻrjar stansiyalari, Toshkent lak-boʻyoq zavodi va boshqalar bor boʻlib, ular nafaqat respublika, balkim Ittifoq ehtiyojlarini ham qondirgan.

Uchinchi 5 yillik davri[править | править код]

Urushdan oldingi uchinchi 5 yillik davri (1938—1942)da sanoat rivojlanishida siljish kuzatildi. Urushning boshlanishiga kelib, OʻzSSRda 134 ta sanoat korxonasi qoʻshimcha ravishda ishga tushirildi. Ular orasida Chirchiq elektr-kimyo kombinati, Toshkent toʻqimachilik kombinatining 2 navbati, Moʻynoqdagi yirik baliq-konserva zavodi bor edi. Chirchiq GES, Olmaliq mis eritish kombinati, Quvasoy GRESi, Tovoqsoy va Samarqand GESlarini qurish, Angrendagi koʻmir konini ishga tushirish jadal surʼatlar bilan bordi.

Urush boshlanishi vaqtiga kelib respublikaning sanoat potenniali 1445 ta yirik va oʻrta sanoat korxonalarini hamda 19 mingta mayda korxonalarni oʻz ichiga olgan. Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi urush vositalarini va isteʼmol buyumlarini ishlab chiqaradigan tarmoqlar oʻrtasidagi nisbat jiddiy ravishda oʻzgardi. Yirik sanoat salmogʻi 1928 yildagi 16,3% dan 1940 yilda 32,8% ga koʻtarildi.

Sanoatni kadrlar bilan taʼminlash jarayoni ziddiyatli xususiyatga ega boʻldi. Umuman, shiddatli industrlashtirish surʼatlari ishchilar va muhandis-texnik kadrlar bilan taʼminlashning miqdor jihatidan oʻsishiga obʼyektiv sharoit yaratdi. Masalan, yirik sanoatda ishchilar sinfining soni birinchi 5 yillikdagi 17,9 mingdan 62,4 ming kishiga yetdi yoki deyarli 3,5 baravar ortdi. 1937 yilga kelib sanoat ishchilarining umumiy miqdori 181 ming kishidan iborat boʻlgan.

Sovet davlatining siyosiy rahbariyati yuzaga kelgan yoʻqotishlar oʻrnini maʼmuriy-buyruqbozlik orqali majburlash va yuqoridan tashkil qilingan "sotsialistik musobaqa", "zarbdorlik", "staxanovchilik" va boshqalar bir qator ishchilar harakatlari vositasida "ommaning inqilobiy gʻayrat-shijoati"ni avj oldirish bilan qoplashga intildi.

OʻzSSRda bolsheviklar partiyasi tomonidan 20-asrning 20-yillar oxiri — 30 yillar boshida amalga oshirilgan "madaniy inqilob" milliy madaniyatga oʻz hissasini qoʻshdi. 1929 yilda arab imlosiga asoslangan oʻzbek yozuvi lotin, 1940 yilda esa kirill imlosiga almashtirildi. Rus tili davlat va muomala tili sifatida oʻlkada rivojlandi. Sovet davrida qilingan harakatlar madaniyat sohasida yutuqlarga erishishga olib keldi. Savodsizlikni tugatish ishlari olib borildi, pedagogik va ilmiy kadrlar tayyorlash maqsadida yangi maktablar, texnikumlar va institutlar ochildi. Oybek, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Zulfiya, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir kabi yozuvchi va shoirlar, Habib Abdullayev, Ibrohim Moʻminov, Obid Sodiqov, Yahyo Gʻulomov kabi olimlar, Olim Xoʻjayev, Razzoq Hamroyev, Shukur Burhonov, Lutfixonim Sarimsoqova, Halima Nosirova, Tamaraxonim kabi sanʼatkorlar yetishib chiqdi.

OʻzSSR Xalq Komissarlari Sovetining raislari: F.Xoʻjayev (1925—37), A.Karimov (1937), S.Segizboyev (1937— 38), A.Abdurahmonov (1938—46 yilgacha); OʻzSSR Ministrlar Sovetining raislari: A.Abdurahmonov (1946 — 50), A.Mavlonov (1950—51), N.Muhitdinov (1951-53; 1954-55), U.Yusupov (1953-54), S.Kamolov (1955-57), M.Mirzaahmedov (1957-59), O.Alimov (1959—61), R.Qurbonov (1961-71), N.Xudoyberdiyev (1971-84), Gʻ.Qodirov (1984-89), M.Mirqosimov (1989-90). OʻzSSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining raisi: I.Karimov (1990 yil 1 noyabrdan).

Oʻzbekiston Kompartiyasi MKning 1-kotiblari: V.Ivanov (1925 — 27), N.Gikalo (1929), A.Ikromov (1929—37), U.Yusupov (1937-50), A.Niyozov (1950-55), N.Muhitdinov (1955-57), S.Kamolov (1957-59), Sh.Rashidov (1959-83), N.Usmonxoʻjayev (1983-88), R.Nishonov (1988—89), I.Karimov (1989-91).

OʻzSSR Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi raisi: yil Oxunboboyev (1925—37 yilgacha);

OʻzSSR Oliy Soveti Prezidiumi raislari: yilOxunboboyev (1937—43),A.Moʻminov (1943 — 47), A.Niyozov (194750), Sh.Rashidov (195059), Yo.Nasriddinova (1959—70), N.Matchonov (1970—78), I.Usmonxoʻjayev (197883), O.Salimov (1983—86), R.Nishonov (198688), P.Habibullayev (198889), M.Ibrohimov (1989—91), OʻzSSR Oliy Soveti raisi: Sh.Yoʻldoshev (1991 yil 12 iyundan)[1].

Tarixi[править | править код]

Oʻzbek SSJ, 1-Dekabr 1938.

Oʻzbekiston XX asrning 20-40-yillarida[править | править код]

1924-yil Oʻzbekiston, respublikalardan biri sifatida tashkil etildi va Sovet Ittifoqi tarkibiga kirdi. 1927-yilning martida Oʻzbekistonning birinchi Konstitusiyasi qabul qilindi[2]. Oʻsha yillari xalq xoʻjaligi va madaniyatni rivolantirishda respublikalararo boshqaruv organlari — Oʻrta Osiyo iqtisodiy kengashi (jaligi zavodi, Quvasoy sement va ohak zavodi, Toshtekstilkombinati va boshqalar bor edi. 1925—1929 yillarda yer-suv islohoti amalga oshirildi.

Oʻzbekiston urush yillarida (1941-1945 yy.)[править | править код]

1941-yilning 22-iyunida Olmoniya hujum qilmaslik toʻgʻrisidagi bitimni buzib Sovet Ittifoqiga qoʻqisdan hamla uyushtirdi. 23-iyun kuniyoq Toshkentda koʻp ming kishilik yigʻin boʻlib oʻtdi. Unda toshkentliklar front va front ortida butun say-harakatlarini fashizm ustidan gʻalaba uchun safarbar etishga tayyorliklarini bildirishdi. Urushning dastlabki oylarida Oʻzbekistonda frontga joʻnab ketish toʻgʻrisida 32 mingdan ziyod ariza berildi. 1941-yilning noyabriga qadar respublikada 14 ta milliy brigada - 9 ta alohida oʻqchi va 5 ta otliq brigada tuzildi. 1941-1943 yillari Oʻzbekiston urush tufayli Rossiya, Ukraina va Belarussiyadan evakuasiya qilingan 1 million qochoq, shu jumladan 200 ming bolani oʻz bagʻriga qabul qildi. Harbiy holat front ortini mustahkamlash uchun favqulotda choralarni koʻrishni taqozo etardi. Oʻzbekistonga yuzdan ziyod sanoat korxonalari koʻchirildi. Ular orasida Leningrad toʻqimachilik mashinalari zavodi, Rostselmash, "Krasniy Aksay", Stalingrad kimyoviy kombinati, Moskvaning "Podemnik", "Elektrostanok" zavodlari va boshqa koʻplab korxonalar bor edi. 1941 -yilning oxiriga kelib evakuasiya qilingan 50 dan ziyod korxona ishga tushirildi. 1942-yilning oʻrtalarida Oʻzbekistonga koʻchirilgan barcha korxonalar toʻla quvvatda ishlab, front uchun harbiy texnika, oʻq-dorilar, kiyim-aslahalar yetkazib bera boshladi. Respublikaning sanoat korxonalari ham urushning dastlabki kunlaridanoq mudofaa mahsulotlarini ishlab chiqarishga qayta moslashtirildi[2]. Jumladan, Tashselmash, parovoz remont zavodi, Chirchiq elektroximiya va boshqalar. 1941-1945 urush yillari davomida Oʻzbekistonda 280 ta ishlab chiqarish korxonalari ishga tushurildi. 1943-yilda umumiy ishlab chiqarish hajmi respublikaning xalq xoʻjaligida 75% ga oshdi. 1942-yilning kuzidan Bekobod metallurgiya zavodining qurilishi boshlandi. Aniqlangan volfram, molibden va mis zahiralari asosida rangli metallurgiya sohasi tarkib topdi. Olmaliq mis konidan foydalanish yoʻlga qoʻyildi. 1940-1943 yillar davomida yangi elektrostansiyalar qurilishining hisobiga elektroenergiya ishlab chiqarish 3,5 barobarga ortdi. 1941-yildan 1945-yilgacha sanoatning hamma sohalarini qamrab oluvchi 280 ta yangi korxona qurib bitkazildi. Oʻzbekiston mamlakatning asosiy harbiy salohiyat markazidan biriga aylandi. Frontga 2000 dan ortiq samolyot, 1,7 ming dan ortiq aviamotor, shuncha minamet, 22 million minalar, 560 ming snaryad, millionga yaqin granatalar, 330 ming parashyutlar, 5 ta bronopoezd, 100 ming km dan oshiq turli xildagi simlar joʻnatildi. Oʻzbekistonga 22 ta ilmiy-tekshirish instituti, 16 ta oliy taʼlim muassasalari, 2 ta kutubxona koʻchirib keltirildi. 1943-yilning 4-noyabrida Fanlar Akademiyasining tantanali ochilishi boʻlib o‘ʻtdi. Uning birinchi Prezidenti etib T.N. Qoriniyozov saylandi. 1944-yilning oxiriga kelib Fanlar Akademiyasining tarkibiga 22 ta ilmiy muassasalar kirar edi. 1943-yilga kelib esa respublikada 41 ta oliy taʼlim muassasalari faoliyat yuritgan, jumladan 12 tasi koʻchirib keltirilgan, 52 tasi o‘rta mahsus bilim yurtlari edi. Urush yillari davrida ularda 20 mingdan ortiq mutahassislar tayyorlandi. Milliondan ortiq oʻzbekistonliklar urush frontlarida jang qilganlar. Oʻnlab milliy jangovor tuzilmalar tashkil etildi. Ulardan koʻpchiligi ordenlar bilan taqdirlandi va gvardiya unvonlarini oldilar. Oʻzbekistonlik jangchilar Brest qalʼasining (D.Abdullaev, T.Aliev, Isaev, Yusupov, Laenkov F, U. Ataev va boshqalar.) Kiyev, Smolensk, Odessa, Sevastopol va boshqa shaharlarning himoyasida mardonovor qatnashganlar.

Oʻzbekiston urushdan soʻnggi davrda (1945-1991 yy.)[править | править код]

Urushdan keyingi davrda Oʻzbekistonda rivojlangan transport va energo tizimlari bilan taʼminlangan koʻp tarmoqli sanoatning yuksalish jarayoni davom etdi. Shaharlar ilmiy va madaniy markazlarga aylanib borardi. 1947-yilda Oʻzbekiston Davlat katta akademik teatri, 1964-yilda Samarqandda opera va balet teatri ochiladi. Qishloq xoʻjaligida jadal usullar qoʻllanilib mexanizasiyalashtirildi. 1984-yilga kelib 4175 ming ga ekin maydonlari oʻzlashtirildi, ulardan 2056 ming ga paxta dalalari edi. Respublikani urushdan keyingi davrlarda, turli yillarda U.Yusupov, A.Niyozov, N.Muhiddinov, Sh. Rashidov boshqardi. 80-yillarda SSSR siyosiy va mafkuraviy inqirozga duch keldi. Markazdan qochish hollari kuchayib bormoqda edi. SSSR hududida yashovchi xalqlar bu vaqtga kelib iqtisodiy va oʻz milliy anglashining shunday darajasiga yetdiki, endi ittifoqdan iqtisodiy, davlat va siyosiy qaramlik har bir respublikaning bundan keyingi ravnaqini orqaga tortuvchi holatga aylanib qolgandi. Kutilayotgan istiqbol uchun esa yangi sharoitlar kerak edi[3].

Aholisi (1989-yil)[править | править код]

Viloyat Hududi, km² Aholisi Oʻzbeklar Ruslar Tojiklar Qozoqlar Tatarlar Qrim tatarlar Qirgʻizlar Turkmanlar Qoraqalpoqlar Koreyslar Ukrainlar Turklar
Qoraqalpogʻiston 164 900 1 212 207 397 826 19 846 128 318 739 7 769 27 60 244 389 146 9 174
Xorazm 6 300 1 012 313 957 623 12 179 255 14 155 7 829 27 5 960 910 6 434
Buxoro 142 100 1 622 484 1 226 967 133 197 50 920 91 126 36 835 9 781 8 147 15 739 3 226 12 870 1 500
Samarqand 24 500 2 281 872 1 764 872 113 522 209 161 8 185 35 044 3 368 6 504 14 226 18 495
Qashqadaryo 28 400 1 595 760 1 399 238 37 579 79 876 21 184 7 175 19 722 649
Surxondaryo 20 800 1 249 879 993 244 37 846 160 837 3 732 16 996 54 18 225 3 707
Sirdaryo 25 600 1 297 949 923 534 88 415 58 947 71 406 33 947 19 016 29 326 16 730 18 655
Toshkent shahri 400 2 060 206 910 334 701 326 14 857 30 607 129 236 13 516 3 621 43 973 59 988
Toshkent 15 200 2 143 462 1 075 486 313 855 89 625 266 365 106 160 64 880 10 086 76 178 26 558 43 168
Fargʻona 7 100 2 148 737 1 735 011 123 826 114 482 32 726 22 833 43 552 6 504 11 100 13 582
Andijon 4 200 1 721 337 1 506 993 44 658 24 509 24 870 9 781 70 446 4 707 5 000
Namangan 7 900 1 470 871 1 252 218 27 229 129 963 15 235 11 640 16 177 3 676 3 000
Jami 447 400 19 810 077 14 142 475 1 653 478 933 560 808 227 467 829 188 772 174 140 121 578 411 878 183 140 153 197 106 302

Manbalar[править | править код]

  1. Qahramon Rajabov, Bahodir Pasilov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. 2,0 2,1 Uzbekistan Regions. Statoids.com.
  3. 1936 Constitution of the USSR, Part I. Departments.bucknell.edu.

Adabiyot[править | править код]

  • Oʻzbekistonning yangi tarixi, 2-kitob [Oʻzbekiston sovet davrida], T., 2000;
  • Azizxoʻjayev A., Mustaqillik: kurashlar, iztiroblar, quvonchlar, T., 2001;
  • Alimova D. A., Golovanov A. A., Oʻzbekiston sovet tuzumi davrida: siyosiy va mafkuraviy tazyiq oqibatlari, T., 2000;
  • Tarix shohidligi va saboqlari, T., 2001;
  • Oʻzbekiston tarixi (1917—1991 yil), T., 2002;
  • Shamsutdinov R., Qishloq fojeasi: jamoalashtirish, quloqlashtirish, surgun, T., 2003.

Havolalar[править | править код]



Шаблон:Shoʻro Ittifoqi Jumhuriyatlari