Psixologiya

Материал из УзЭнц

Psixologiya (qad. yun. -{ψυχή}- jon, feʼ-l-atvor va qad. yun. -{λόγος}- «taʼlimot») — inson faoliyati va hayvonlar xatti-harakati jarayonida voqelikning psixik aks etishi, ruhiy jarayonlar, holatlar, hodisalar, hislatlar toʻgʻrisidagi fan.

Psixologiyaning tadqiqot predmetiga sezgilar va idrok obrazlari, tafakkur va hissiyot, faoliyat va muomala kabi psixologik jarayonlar, kategoriyalar kiradi. Psixologiyaning asosiy vazifalari — psixika qonuniyatlarini, inson ruhiy holatlari shakllanishini filogenetik va ontogenetik taraqqiyot birligida ochishdan iboratdir. Mazkur vazifalar yechimini topishda psixologiya bir tomondan, biologiya fani sohalari bilan, jumladan, fiziologiya bilan, boshqa tomondan esa, sotsiologiya, pedagogika, madaniyat tarixi, mantiq hamda ijtimoiy fanlar bilan jips aloqaga kirishadi. Psixologiya eng avvalo, psixikaning insonga xos shakli boʻlmish ong va oʻzini oʻzi anglashni tadqiq etadi.

Tarixi[править | править код]

Antik davr[править | править код]

Antik davrdan boshlab psixologik bilimlar falsafa va tibbiyot fanlari negizida rivojlanib kelgan. Yunon shifokorlari Gippokrat, Erasistrat psixikaning organi miya ekanligini bilganlar va inson jonini koinotning ashyoviy boʻlagi sifatida (Demok-/shyaning moddiyunchiligi asosida) tal-qin qilganlar. Ularning gʻoyalari Platonning jon abadiyligi toʻgʻrisidagi taʼlimotiga qaramaqarshi qoʻyilgan. Aristotel "Jon toʻgʻrisida"gi asarida psixologik tushunchalar tizimini ishlab chiqdi.

Oʻrta asrlar[править | править код]

Oʻrta asrlarda psixikaga nisbatan har xil koʻrinishdagi gʻayritabiiy qarashlar hukmronlik qildi. Shu tufayli psixologik bilimlar rivojlanmay qoldi. Ammo baʼzi faylasuflar va shifokorlar (Ibn Sino va boshqalar) asarlarida bu sohada olgʻa qadam qoʻyildi. Inson xususiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qadimiy qoʻlyozmalar, yodgorliklarda oʻz aksini topa boshladi. Turli mamlakatlarda va shaharlarda tuzilgan akademiyalarda (Xorazm, Samarqand, Kiyev, Moskva va boshqa shaharlarda) psixologiya yuzasidan tinglovchilarga saboq berilgan.

Yangi davr[править | править код]

Yevropa Uygʻonish davrida Leonardo da Vinchi, X. Vives kabilar psixologiya rivojiga oʻz hissalarini qoʻshdilar. 18-asrga kelib M. V. Lomonosov, A.N. Radishchev, G. S. Skovoroda, T. Gobbs, B. Spinoza, G. Leybnits. J. Lokk, K. A. Gelvetsii, psixologiya A. Golbax, D. Didro psixologiyada bir talay kashfiyot qildilar, uni amaliy maʼlumotlar bilan boyitdilar. psixologiya 19-asrning 2-yarmiga kelib mustaqil fan sifatida ajralib chikdi. Nemis olimi V. Vundt Leypsigda 1879 yil dastlabki eksperimental laboratoriyani jihozlashga erishdi.

19-asr[править | править код]

Psixologiya taraqqiyotida umuman 19-asrdagi eksperimentlar alohida ahamiyat kasb etdi. Bu davrda psixologik real voqelikni oʻrganish uchun metodlar majmuasi qoʻllana boshlandi: kuzatish, laboratoriya eksperimenti, tabiiy eksperiment, faoliyat natijasini tahlil qilish, ruhiy jarayonlarni modellashtirish genetik metodi, test, ekspert baholash, intervyu, anketa, soʻrovnoma, tarjimai hol va hokazolar. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida qator psixologik ilmiy maktablar, yoʻnalishlar vujudga keldi: bixeviorizm, geshtaltpsixologiya, personalizm, freydizm va hokazolar psixologiyaning rivojiga I.M. Sechenov (psixikaning reflektor tabiati), I.P. Pavlov (oliy nerv faoliyati) taʼlimotlari muhim hissa boʻlib qoʻshildi. Rossiyada V.M. Bexterev eksperimental laboratoriyasi (Qozon, 1885), Harkov universiteti va N.N. Langening Odessadagi laboratoriya, G. Chelpanovning Kiyevdagi, S. Korsakovning Moskvadagi, keyinchalik V.M. Bexterev, A. Lazurskiy, A. Nechayevlarning Peterburgdagi, V. Chijning Yuryev (Tartu, Estoniya)dagi eksperimental laboratoriyalari psixologiya taraqqiyotiga alohida taʼsir oʻtkazdi.

20-asr[править | править код]

1912 yil Moskva universitetida Psixologiya instituti ochildi. Shu yilda I.A. Sikorskiy tomonidan Kiyevda jahonda birinchi marta Bolalar psixologiyasi instituti tashkil qilindi. 20-asrning 1-yarmida Rossiyada K.N. Kornilov, psixologiya psixologiya Blonskiy va boshqa dialektikaga asoslangan ilmiy psixologiyani yaratishga kirishdilar.

Hozirgi zamon psixologiyasi koʻp tarmoqli psixologik bilimlar tizimidan iborat fan hisoblanib, oʻzining tadqiqot predmetiga ega boʻlgan koʻplab sohalardan tashkil topgan: umumiy psixologiya, aviatsiya psixologiyasi, harbiy psixologiya, differensial psixologiya, psixofiziologiya, muhandislik psixologiyasi, kosmik psixologiya, huquq psixologiyasi, tibbiyot psixologiyasi, neyropsixologiya, patopsixologiya, pedagogik psixologiya, mehnat psixologiyasi, sport psixologiyasi, maxsus psixologiya, ijodiyot psixologiyasi, menejment psixologiyasi, marketing psixologiyasi, ijtimoiy psixologiya, yosh psixologiyasi, tashkiliy psixologiya, din psixologiyasi, oila psixologiyasi, psixologiya tarixi, genetik psixologiya, amaliy psixologiya, eksperimental psixologiya, kasb psixologiyasi, psixolingvistika, siyosiy psixologiya va boshqa psixologiyaning tarmoqlarga ajralishining asosiy sababi uning tarkibida tatbiqiy sohalar vujudga kelishidir. Psixologiya sanoatda, jamiyat boshqaruvida, taʼlim tizimida, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport, transport, radio, televideniye va boshqa tuzilmalarda muhim masalalarni hal qilishda faol ishtirok qilmoqda. psixologiya erishgan yutuqlari shaxs imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish va ularni harakatga keltirishda alohida ahamiyat kasb qilmoqda hamda shu asnoda mehnat samaradorligini oshirishga taʼsir oʻtkazmoqda. Zamonaviy psixologiyada elektron-hisoblash texnikasi, elektr va kimyoviy vositalar yordami bilan psixikani chuqur oʻrganish kabilar qoʻllanilmoqda. psixologiyadaoʻzini oʻzi kuzatish (introspeksiya) metodi atrofida keskin bahslar davom etmoqda. Baʼzi yoʻnalishdagi psixologlar uni tadqiqot oʻtkazishning asosiy metodi deb taʼkidlasalar, boshqalari esa uning cheklanganligini eʼtirof qiladilar, buning oʻrniga obyektiv metodlardan foydalanishni tavsiya etadilar. Obyektiv metodlar tufayli psixikaning moddiy negizi aniqlangan, inson ichki munosabatlari bilan subyektiv holatlar sababiy bogʻliqligi yakka shaxsda, jamoada namoyon boʻlishi dalillangan. Jahon hamjamiyatida Rossiya, AQSh, Angliya, Fransiya, Germaniya, Shveytsariya mamlakatlarida ilmiy-tekshirish institutlari va markazlarida, universitetlarda psixologik izlanishlar keng koʻlamda olib borilmoqda.

Oʻzbekiston[править | править код]

Oʻzbekistonda psixologiya 1928 yildan eʼtiboran hozirgi Milliy universitetda fan sifatida oʻqitila boshlandi. 1929-yil SSSR Xalq maorifi komissarligi qoshida psixologiya laboratoriyasi ochildi. Keyinchalik pedagogika institutlarida psixologiyaning bir necha sohalari boʻyicha talabalarga bilim berila boshlandi. 20-asrning 2-yarmida M. Vohidov, M. Davletshin singari mahalliy kadrlar yetishib chikdi. Hozirgi davrda psixologiya fanlari doktorlari V. Tokareva, E. Gʻoziyev, B. Qodirov, Gʻ. Shoumarov, R. Gaynutdinov, V. Karimova, Sh. Barotov, A. Jabborov, R. Sunnatovalar psixologiyaning umumiy psixologiya, pedagogik va yosh psixologiyasi, ijtimoiy psixologiya sohalari boʻyicha tadqiqot ishlarini amalga oshirmoqdalar. Psixolog mutaxassislar tayyorlash va tadqiqot ishlari OʻzMU, SamDU, Fargʻona universiteti, Qarshi universiteti, Termiz universiteti bazalarida yoʻlga qoʻyilgan. Respublikamizda psixologik xizmat joriy qilingan va uning tarmogʻi tobora kengayib bormoqda.[1]

Adabiyot[править | править код]

  • Vohidov M., Maktabgacha tarbiya psixologiyasi, T., 1970;
  • Davletshin M., Qobiliyat va uning diagnostikasi, T., 1979;
  • Tokareva V., Talaba shaxsining axloqiy rivojlanish psixologiyasi, T., 1989;
  • Gʻoziyev E., Psixologiya fani XXI asrda, T., 2002;
  • Gʻoziyev E., Psixologiya, T., 2003;
  • Qodirov B., Layoqat psixologiyasi, T., 1989;
  • Shoumarov Gʻ., Oila psixologiyasi, T., 2000;
  • Karimova V., Ijtimoiy psixologiya, T., 1994.

Manbalar[править | править код]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil