Qobul

Материал из УзЭнц

Qobul (рус. Кабул) — Afgʻonistonning poytaxti. Qobul viloyatining maʼmuriy markazi. Qobul daryosi vodiysida, oʻrtacha 1.820 m balandlikda, Asmon va Sherdarvoza togʻlari orasidagi vohada joylashgan.

Iqlimi subtropik kontinental iqlim. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 6, iyulniki 26°, yiliga 317 mm yogʻin tushadi.

Aholisi 750 ming kishi (2000).

Ptolemey asarlarida Qobul Kobur shaklida uchraydi. Yunon-Baqtriya podsholigi, Kushon podsholigi, keyinchalik eftaliylar davlati tarkibida boʻlgan. Eftaliylar davlati tanazzulga uchragach (6-asr), Qobulni buddizm dinidagi mahalliy hokimlar (Qobul shoxlari) idora qilgan. 7-asrda arablar, 9-asrda safforiylar bosib olgan. Qobul Somoniylar, Gʻaznaviylar, Temuriylar davlatlari tarkibiga kirgan. Shahar 1221 yilda Chingizxon qoʻshinlari tomonidan vayron qilindi. 1504 yil Bobur Qobulni oʻzi asos solgan davlatning poytaxtiga aylan-tirdi. 1738 yil Eron shohi Nodirshoh Afshar egalladi. Qobul 1747 yil Durroniylar davlati tarkibiga qoʻshib olindi. Temurshoh Durroniy davrida (177393) Qobul poytaxtga aylantirildi. Durroniylar davlati tugatilgach (1818), Qobul Kobul amirligining markazi boʻlib qoldi. 1825 yilda amir Doʻstmuhammad afgʻon yerlarini bir butun qilib birlashtirishga harakat qildi, bu esa keyinchalik Afgʻoniston davlatini vujudga kelishida muhim rol oʻynadi. Birinchi (1838-42) va ikkinchi (1878-80) Angliya-Afgʻoniston urushlari davrida shaharning koʻp qismi buzildi. 1992 yilda boshlangan ichki fuqarolar urushi davrida Qobul jiddiy zarar koʻrdi. Shaharni 19962002 yillarda mutaassib "tolibon" ichki muxolifat kuchlari egallab turdi. Ulardan ozod qilish uchun olib borilgan aksilterror harbiy harakatlar tufayli Qobulda yana vayronagarchiliklar boʻldi.

Qobul — mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi. Avtomobil yoʻllari tuguni. Bagrom harbiy aerodromi, xalqaro aeroport bor. Avtomobil yoʻllari orqali Pokiston, Hindiston, Eron, Oʻzbekiston va boshqa davlatlar bilan bogʻlangan. Afgʻonistonning eksport va import mollarining asosiy qismi Qobul orqali oʻtadi. Qobul va uning atrofida toʻqimachilik (ip gazlama kombinati, jun va ipak gazlamalar, trikotaj fabrikalari), oziq-ovqat, harbiy, yogʻochsozlik, mashinalarni taʼmirlash va metall buyumlar tayyorlash korxonalari, gugurt, koʻn poyabzal, gilam toʻqish fabrikalari, lak-boʻyoq, chinni, qurilish materiallari zavodlari, issiqlik elektr stansiyasi, shahar yaqinida GES bor. Mayda hunarmandchilik korxonasi koʻp. Qobul — qorakoʻl teri bilan savdo qilinadigan markaz.

Qobulda Fanlar akademiyasi, Tarix jamiyati, bir necha oliy oʻquv yurti, jumladan, universitet, bosmaxona, teatr, Qobul tarix-etnografiya muzeyi, jamoat kutubxonasi ishlab turibdi. Qobul ikki qismdan iborat: eski shahar va yangi shahar. Yangi shahar qismida koʻplab zamonaviy binolar qurilgan. Shaharning koʻhna qismi Qobul daryosining janubiy sohilida. Meʼmoriy yodgorliklaridan Bolo-Hisor qalʼasi, Bogʻi Bobur, Temurshoh maqbarasi, Chihil Sutun bogʻi va saroyi, Muhammad Nodirshoh maqbarasi (20-asr) va boshqalar saqlangan.

Manbalar[править | править код]