Sauna

Материал из УзЭнц

Sauna (fin -{sauna}-), fin hammomi — hammomning quruq issiq havoli turi.

Qadimdan Finlyandiyada mavjud boʻlgan; Sauna qurish 20-asrning 70-yillaridan Yevropada, keyinroq boshqa mintaqalarda, SSSR hududida jumladan, Rossiya va Oʻzbekistonda ham rasm boʻldi.

Saunaning odam organizmiga taʼsiri tempuraturalar farqiga asoslangan: issiqxonadagi qaynoq quruq havo (temperatura 90—140°, havo namligi 5 — 15%) sunʼiy hovuz yoki tabiiy suv havzasi (koʻl yoki daryo) suvining sovuq havosi bilan almashinadi. Issiqxonada yaxshigina qizib terlagan kishi birdaniga sovuq suvga tushgach, temperaturalar farqi hisobiga kapillyarlardan organizmdagi zararli moddalar tirsillab chiqib ketadi. Shunda odam yengil nafas ola boshlaydi. Saunada yuvinish kishi organizmini chiniqtiradi va maʼlum darajada davolaydi. Saunada yuvinish kishi organizmi uchun juda foydali va yoqimli muolaja, lekin uning ham oʻz meʼyori bor: yuvinish mobaynida issiqxonaga 2—3 martadan ortiq kirmaslik kerak: har bir kirish oldidan kamida 15 minut tanaffus qilish lozim. Ayniqsa, sogʻligi uncha yaxshi boʻlmaganlar: oshqozon yarasi borlar, yuragi xastalar, qon bosimi baland yoki past kishilar, astma xastaligiga duchor boʻlganlar, semiz va qari kishilar juda ehtiyot boʻlishlari lozim. Ogʻiroyoq ayollar va bolalar saunada yuvinishi mumkin emas.

Sauna issiqxonasining devorlari va terlash supalari igna bargli daraxt yogʻochidan qilinadi. Shuning uchun saunada oʻziga xos oʻrmon havosining hidi ufurib turadi. Sauna gaz, oʻtin, koʻmir va, asosan, elektr pech bilan qizdiriladi. Pech ustiga oʻrtacha kattalikdagi qora toshlar terib qoʻyiladi. Toshlar qizigach, chatnab kishini shikastlamasligi uchun ularning ustiga sim toʻr oʻrab qoʻyiladi. Saunada bir haftada bir marta yuvinish yaxshi samara beradi.

Oʻrta Osiyo, shu jumladan, Oʻzbekistondagi qadimiy hammomlarda ham xuddi saunadagidek quruq havoli issiqxona boʻlgan, lekin suvli hovuz boʻlmagan (yana qarang Hammom).[1]

Manbalar[править | править код]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil