Semiotika

Материал из УзЭнц

Semiotika (yun. semeiotikos — belgilar haqidagi taʼlimot), semiologiya — 1) axborot, maʼlumotlarni saklash va uzatish uchun xizmat qiladigan belgilar va belgi tizimlarining umumiy xususiyatlarini oʻrganadigan fan sohasi; 2) u yoki bu obyektning 1-maʼnodagi semiotika nuqtai nazaridan oʻrganiladigan tizimi (masalan, muayyan film yoki badiiy asar semiotikasi, muayyan xalqdagi muomala-murojaat semiotikasi va boshqalar).

Lingvistik semiotikadagi asosiy tushuncha lisoniy belgi boʻlib, u muayyan matnlardagi va muomala vaziyatidagi shakl va mazmunning dialektik birligi sifatida namoyon boʻladi. Belgi oʻzi shartli ravishda aloqador boʻlgan narsa haqida muayyan jamiyat vakillariga xabar beradi. Belgilarning eng muhim va murakkab tizimi tilshunoslik oʻrganadigan tildir. Belgi tizimlari tabiiy (inson tili, xayvonlarning belgi tizimlari) va sunʼiy (yasama, sunʼiy tillar, dasturlash tili, fizika, kimyo, matematika va mantiqdagi ramzlar tizimi) boʻladi. Belgilar va belgi tizimlarini oʻrganishda sintaktika, semantika va pragmatika oʻzaro ajratiladi. Sintaktika nutqzanjirida yoki muayyan matnda ketma-ket, izchil qoʻllanadigan til birliklari oʻrtasidagi oʻziga xos munosabatlarni oʻrganadi. Semantika belgilarning ular ifodalaydigan obyektlar bilan munosabatini oʻrganadi. Pragmatika esa belgilar, ular ifodalaydigan obyektlar hamda belgilar tizimidan foydalanuvchilar oʻrtasidagi munosabatni oʻrganadi.

Semiotikaning "belgilar haqidagi fan" sifatida umumiy kridalari, xususiyatlari dastlab amerikalik mantiqshunos Ch.S. Pirs va shveytsariyalik tilshunos F. de Sossyur asarlarida bir vaqtning oʻzida va mustaqil ravishda qayd etilgan. Ushbu tushuncha uchun Ch.S. Pirs "Semiotika" terminini. F. de Sossyur esa "semiologiya" terminini, qoʻllagan. S. goyasi keyinchalik amerikalik faylasuf Ch. U. Morris tomonidan tartibga solinib rivojlantirildi. Bir qancha yevropa va rus olimlari ham semiotikaning rivojiga hissa qoʻshganlar. Falsafiy fanlardan hisoblanadigan umumiy semiotika va maxsus semiotik fanlar, jumladan, til semiotikasi (glottosemiotika yoki lingvosemiotika) farqlanadi. Semiotika taraqqiyoti funksional struktur tilshunoslik taraqqiyoti bilan uzviy boglikdir. Semiotika muammolarini ishlab chiqish matematik mantiq, matematik lingvistika, informatika va boshqa uchun ham muhim ahamiyatga ega.[1]

Adabiyot[править | править код]

  • Степанов Ю.С., Семиотика, М., 1971.

Manbalar[править | править код]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil