Slavyanlar
Slavyanlar — kelib chiqishi bir va tillari oʻzaro yaqin boʻlgan Yevropa xalqlarining eng yirik guruhi.
Uning tarkibiga:
- sharqiy slavyanlar (ruslr, ukrainlar, beloruslar);
- gʻarbiy slavyanlar (polyaklar, chexlar, slovaklar, lujichanlar);
- janubiy slavyanlar (bolgarlar, serblar, xorvatlar, slovenlar, makedonlar, bosniyaliklar, chernogoriyaliklar) kiradi.
Umumiy soni 293,5 mln. kishi (1990-yillar oʻrtalari), shu jumladan, Rossiya Federatsiyasida 125,5 million kishi slavyan tillarida soʻzlashadi.
Dindorlari — pravoslavlar, katoliklar, bir qismi protestantlar. Slavyanlar haqida qadimiy maʼlumotlarga koʻra, ular milodiy 1—2-asrlarda venedlar nomi bilan maʼlum boʻlgan. 6-asr oʻrtalarida Prokopiy, Iordan va boshqalarning asarlarida uchraydi.
Slavyanlarning ajdodlari — slavyan qabilalari hind-yevropa tillari oilasiga mansub tillarda soʻzlashgan. Ular bodrich, lyutich, polyan, severyan, krivich, ulich, duleb, tiver, xorvat, radimich, dregovich, vyatich va boshqa qabilalardan iborat. Mildiy 2—4-asrlarda german qabilalari (gotlar, gepidlar)ning janubga siljishi oqibatida slavyanlar yashagan hudud 2 qismga boʻlinib ketgan. Bu voqea slavyanlarni sharqiy va gʻarbiy guruhlarga boʻlinishida katta rol oʻynagan. 5-asr oxirida gunnlarning kuchsizlanishi oqibatida slavyanlar janubga siljiy boshlagan. Ular Dunay daryosi, Qora dengizning gʻarbiy sohillari, Vizantiyaning Bolqon yarim oorlidagi viloyatlariga kirib borgan. Shu tariqa slavyanlarning janubiy guruhi vujudga kelgan. Janubiy slavyanlarda ilk davlat — Birinchi bulgʻor podsholigi, gʻarbiy slavyanlarda Samo davlati, keyinchalik Buyuk Moraviya saltanati tashkil topgan. 10-asrda Odra va Visla oʻrtasida Polsha, 9—10-asrning 1-yarmida markazi Kiyev shahri boʻlgan Kiyev Rusi davlati vujudga kelgan. Davlatlarning paydo boʻlishi slavyan xalqlarining shakllanishiga imkon bergan.
Slavyan xalqlarining oʻz milliy davlatidan mahrum boʻlishi (janubiy va gʻarbiy slavyanlarning katta qismi Avstriya, keyinroq Avstriya-Vengriya va Usmonli turk imperiyasiga qoʻshib olingan), milliy taraqqiyotidagi qiyinchiliklar, ogʻir iqtisodiy ahvol 19-asrning oxiri — 20-asrning boshida ularning Yevropa mamlakatlari, AQSH va Kanadaga koʻchishiga sabab boʻlgan. Janubiy va gʻarbiy slavyanlar oʻrtasidagi milliy harakat, Rossiya-Turkiya urushi, Birinchi Bolqon urushi (1912)dagi Avstriya-Vengriyaning magʻlubiyati natijasida slavyanlarning etnik hududlari qaytadan birlashtirilgan.
Slavyanlar dehqonchilik, chorvachilik, ovchilik va baliq ovlash bilan shugʻullanadi.
![]() | Ушбу мақолани ёзишда Ўзбекистон миллий энциклопедияси (2000-2005) маълумотларидан фойдаланилган. |