Tovar

Материал из УзЭнц

Tovar (rus.) — 1) ishlab chiqarish, iqtisodiy faoliyatning moddiy-buyum shaklidagi har qanday mahsuloti; 2) sotuvchilar va xaridorlar oʻrtasida oldi-sotdi, bozor munosabatlari obʼyekti.

Tovar bozorda sotish, ayirboshlash uchun va shu orqali boshqalarning ehtiyojlarini qondirish uchun ishlab chiqariladigan mehnat mahsulotidir. Tovar faqat moddiy shaklga ega boʻlmay, u turli xizmatlar, maʼnaviy neʼmatlar va boshqa koʻrinishlarda ham boʻlishi mumkin. Tovar shaklini olgan mahsulot ikki yoqlama xususiyatga ega boʻlishi, yaʼni bir tomondan, u faqat sotish uchun ishlab chiqarilgan, ikkinchidan, kishilarning biron-bir ehtiyojini qondira olishi kerak. Iqtisodiyotda tovarning bu ikki yoqlama xususiyati — isteʼmol qiymati, uning mehnat mahsuli ekanligi qiymat tarzida oʻrganiladi.

Tovarlarning isteʼmol qiymati ularning boshqa tovarlar bilan almashtirish imkonini beradi. Shuning uchun tovar ishlab chiqaruvchilarni tovarning almashuv qiymati qiziqtiradi. Tovarlarni sotishdagi ularning narx koʻrsatkichi almashuv qiymatini koʻrsatadi. Tovarning almashuv qiymati — biror turdagi isteʼmol qiymatning boshqa turdagi isteʼmol qiymatga ayirbosh qilinadigan miqdoriy nisbatdir. Tovarlarning almashuv qiymatiga qarashlarda turlicha taʼlimotlar mavjud boʻlib, ulardan biri "qiymatning mehnat nazariyasi" deb nom olgan. Bu nazariya asoschilari A. Smit, D. Rikardo, U. Petti va boshqalar fikricha, tovarlarning tabiiy xususiyatlaridan birortasi — ogʻirligi, shakli, hajmi kabilar almashuv qiymatiga asos boʻla olmaydi, uning asosini tovarga sarflangan mehnat, almashishning zarur shartini esa ayirboshlanadigan tovarning har xil isteʼmol qiymatlari (xususiyatlari) tashkil etadi. Lekin har xil tovarlarning isteʼmol qiymati sifat jihatidan turlicha boʻlishi mumkin. Bu qarash tarafdorlarining fikricha, tovarlarni miqdor va sifat jihatlardan solishtirish, yaʼni barobarlashtirish asosi faqat unga sarflangan mehnat boʻlishi mumkin. Tovarda mujassamlashgan ijtimoiy mehnat uning qiymatini tashkil qiladi.

Avstriya iqtisodiyot maktabi namoyandalari fikricha, ayirboshlash mutanosib tovarlarning isteʼmol uchun qay darajada foydaliligi, yaʼni nafliligi (q. Naflshshk) bilan belgilanadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida tovarda gavdalangan mehnat va uning nafliligi tovar qiymatini vujudga keltiradi.



Шаблон:Economy-stub