Tursunali Qoʻziyev

Материал из УзЭнц

Tursunali Karimovich Qoʻziyev (1954.18.11, Surxondaryo viloyati Surxon qishlogʻi) — grafik rassom, kandakor, foto sanʼati ustasi. Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi aʼzosi. (1997), Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi (1999). Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurti (1976) va Toshkent teatr va rassomlik sanʼati instituti (1982)ni tugatgan; badiiy kandakorlikni usta O. Azizovdan oʻrgangan. Qoʻziyev ish faoliyatini Jarqoʻrgʻon shahar bosh rassomi sifatida boshlagan. Surxondaryo viloyati madaniyat fondi raisi (1987—92), Respublika rassomlik bilim yurti direktori (1993—95), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni masʼul xodimi (1995—96), Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirining birinchi oʻrinbosari (1996—97); 1997 yildan Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi raisi, ayni bir vaqgda Oʻzbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi raisi, 1998-yildan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professori. Qoʻziyev asarlariga borliqni shoirona talqin etish, ranglar yorqinligi, nafisligi xos. "Jarqoʻrgʻonlik bogʻbon", "Ona yurtim", "Olimlar", "Naqshbandiyga bagʻishlov" uchligi (tritpixi), "Toʻli-noy", "Qiz portreti", "Munojot", "Shoira portreti" kabi rangtasvir, "Alisher Navoiy" (mis), "Tib qonunlari" (mis), "Afsona" kabi kandakorlik asarlarini yaratgan. Grafik rassom sifatida Mirtemir asarlariga hamda oʻzbek, rus, gruzin ertaklariga bezaklar, "Yoshlik qoʻshigʻi" devoriy rasm (1979, hamkorlikda, Jarqoʻrgʻonda), "Turnalar" yodgorligi (1982, Sherobod tumanida) kabi monumental asarlar ishlagan. Badiiy foto asarlari mavzu jihatidan rang-barang , ularda ona yurt madhi, jahon madaniy merosi, oʻziga xos tabiati, tarixiy obidalari, xalqning milliy urf-odati poetik talqinini topgan. "Oʻzbek fotografiyasi. 125 yil" antologiyasi, "Langar", "Ijodimiz haqida gapirsak" albomlari muallifi.

Qoʻziyev Respublika va xorijiy mamlakatlar (Hindiston, Yaponiya, Koreya, Misr, Pokiston, Fransiya, Italiya, Germaniya) koʻrgazmalarida asarlari bilan ishtirok etgan. 2-chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Bosh tahrir hayʼati aʼzosi (2000). "Doʻstlik" ordeni bilan mukofotlangan (2003). 2011-2013-yillarda - Oʻzbekiston Madaniyat va sport ishlari vaziri lavozimida ishlagan.[1]

Manbalar[править | править код]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Nafosat maktabi, T., 1995; Kompozitsiya asoslari, T., 2003; Rangtasvir (hamkorlikda), T., 2004; Kamoliddin Behzod va tamaddun, T., 2004.