Navroʻz bayrami

Материал из УзЭнц
(перенаправлено с «Navroʻz»)

Navroʻz bayramiOʻrta Osiyo va Sharq mamlakatlarida yashovchi xalqlarning qadimiy anʼanaviy bayrami. Navroʻz (forscha — yangi kun) — quyosh yil hisobida yilning birinchi kuni (qarang Kalendar).

Bahorgi teng kunlikka (21 yoki 22 mart), yaʼni Quyoshning Hamal burjiga kirishiga toʻgʻri keladi. Navroʻz dehqonchilik ishlarini boshlash bayrami ham hisoblanadi. Navroʻz bayramida ommaviy xalq sayillari uyushtirilgan, yangi ungan koʻkatlardan tansiq taomlar pishirilgan, baʼzi ekinlarni ekish boshlangan. Dastlab, Navroʻz bayramini oʻtkazish oʻtroq dehqonlarda rasm boʻlgan, keyinchalik ular orqali yarim oʻtroq va koʻchmanchi turkiy xalqlarning ham urf-odatlariga aylangan. Asrlar oʻtishi bilan turli xalqlarda Navroʻz bayramini oʻtkazish marosimlari ularning turmush tarziga, mafkurasiga moslashgan.

Tarixiy manbalarga koʻra, Navroʻzni bayram qilish Axomaniylar davridan boshlangan va Oʻrta Osiyo, Eron, Afgʻoniston xalqlarida eng katta bayramlardan biri hisoblangan. Bu oʻlkalarga islom dini singdirilgan keyin Navroʻz bayrami arablar tomonidan maʼn qilingan, ammo xalq oʻz sevgan bayramini nishonlashda davom etgan. Oʻrta Osiyo va Eron xalqlari Arab xalifaligi hukmronligidan qutulgan davr (9-10 - asrlar)dan boshlab, Navroʻz bayramini o'tkazish yana rasmiy tus olgan.

Qadimiy paxlaviy kitoblardagi maʼlumotlarga asoslanib, Abulqosim Firdavsiy o'zining "Shohnoma" asarida Navroʻz bayramining paydo bo'lishini afsonaviy shoh Jamshid nomi bilan bogʻlaydi. Navroʻz bayrami haqidagi maʼlumotlar Abu Rayhon Beruniyning "qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar" va boshqa asarlarida, Umar Xayyomning "Navroʻznoma" asarida uchraydi. Mahmud Qoshgʻariyning "Devonu lugʻotit-turk" asarida Navroʻzga bagʻishlangan xalq qoʻshiqlari keltirilgan. Oʻrta osiyolik tarixchi olim Abu Bakr al-Narshaxiy (899— 959) oʻzining "Buxoro tarixi" asarida Navroʻz kuni Siyovush qabri boshida odamlar xoʻroz soʻyishlarini va bunga uch ming yildan ortiqroq vaqt oʻtganini yozgan ("Buxoro tarixi", Toshkent, 1966). O'rta Osiyo hududida Navroʻz bayrami nishonlanganligi toʻgʻrisida boshqa manbalarda ham maʼlumotlar bor. Hozir Oʻzbekiston hududida yashagan xalqlar ham bu kunni yangi yilning boshlanishi deb quvonch bilan kutib olganlar. Bir necha kun ilgari tayyorgarlik ishlari boshlangan. Bugʻdoyni undirishga qoʻyilgan va uning maysasidan sumalak tayyorlangan, koʻkat chuchvara, yalpiz somsa kabi taomlar pishirilgan, Otchopar, uloq, kurash singari xalq oʻyinlari, sayillar oʻtkazilgan, bahor haqida qoʻshiqlar kuylangan. Navroʻzning birinchi kuni qishloq joylarida bolalar toʻp-toʻp boʻlib xonadonlar eshigi oldida Navroʻzga bagʻishlangan qoʻshiq aytishgan. Xonadon egasi ularni sovgʻa-salom va yeguliklar bilan siylagan. Bolalar yeguliklarning bir qismini qishloqdagi beva-bechoralarga ulashishgan. Bu udum hozir ham Samarqand va Jizzax viloyatlarining ayrim qishloqlarida saqlangan. Navroʻz yangi yil bayramigina boʻlib qolmay, mehnat bayrami ham hisoblangan.

Keltirilgan ma'lumotlardan ko'rinib turibdiki, O'rta Osiyoda ham Navroʻz bayrami islom dini singdirilishidan ancha ilgari rasm boʻlgan. Lekin, 20-asrning 80-yillari oʻrtalaridan asossiz ravishda Navroʻz diniy bayram va marosimlar qatorida maʼn qilindi. Oʻzbekiston va Oʻrta Osiyodagi boshqa mamlakatlar 90-yillarning boshida, boshqa qadriyatlar qatorida Navroʻz bayrami yana tiklandi. Hozir Oʻzbekistonda ham Navroʻz umumxalq bayramlaridan biri sifatida nishonlanadi, 21 mart dam olish kuni deb eʼlon qilingan. Har yili shu kuni respublikaning barcha viloyatlaridagi xiyobon va maydonlarda bayram sayillari tashkil qilinadi, konsertlar beriladi. Bir necha kun mobaynida mahallalarda Navroʻzga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkaziladi, sumalak, halim va boshqa tansiq taomlar pishiriladi. Navroʻz kunlari hokimliklar, mahallalarning faollari, xayr-ehson tashkilotlari — mexribonlik uylari bolalari, urush (shu jumladan Ulugʻ Vatan urushi) va mehnat faxriylari, yolgʻiz keksalar huzuriga tashrif buyurib, ularni qutlab, sovgʻa-salomlar ulashadi.

Adabiyot[править | править код]

  • Oʻzbekiston yuksalish yoʻlida, T., 2001;
  • Qoraboev U., Oʻzbek xalq bayramlari, T., 2002.
  • С. В. Лахути (2020). НОУРУ́З - Большая российская энциклопедия.