Nikita Xrushchyov

Материал из УзЭнц

Nikita Sergeyevich Xrushchyov [1894. 5(17)4, Kursk gubernyasi Kalinovka qishlogʻi — 1971.11.9, Moskva] — KPSS MK 1-kotibi (1953-64), ayni vaqtda sobiq Ittifoq Ministrlar Soveti raisi (1958—64).

1931-yildan Moskvada partiya ishida, 1935—38 yillarda VKP (b) Moskva viloyati va shahar komiteti 1-kotibi. 1938 yil—1947 yil mart va 1947 yildek. —49 yil Ukraina KP(b) MK 1-kotibi, ayni vaqtda 1944-47 yil Ukraina XKS (MS) raisi. 1941—45 yillardagi Ulugʻ Vatan urushida bir necha frontlar Harbiy Kengashi aʼzosi. 1949 yildan VKP (b) MK kotibi va ayni vaqtda (1949—53) VKP (b) Moskva komiteti 1-kotibi. 1939—64 yillarda MK Siyosiy byurosi (Prezidiumi) aʼzosi.

Ichki va tashki siyosatni "yumshatish", qatagʻon qurbonlarini oqlash tashabbuskorlaridan biri; partiya-davlat tizimini zamonga muvofiqlashtirishga urindi. KPSSning 20 (1956) va 22 (1961) sʼyezdlarida I.V.Stalin shaxsiga sigʻinishni va uning faoliyatini keskin tanqid qildi. Biroq mamlakatda yakka partiya hukmronligining saqlanishi, oʻzgacha fikrlovchilarga yoʻl bermaslik, namoyishchi ishchilarning otilishi (1962 yil Novocherkasekda va boshqalar), ziyolilarga zugʻum qilish, boshqa davlatlarning ishiga aralashish (1956 yilda Vengriyaga qurolli intervensiya va boshqalar), Gʻarbga nisbatan harbiy qarama-qarshilikning kuchayishi (1961 yildagi Berlin va 1962 yildagi Karib tangliklari va boshqalar), shuningdek, siyosiy va iqtisodiy xom-xayollik ("Amerikani quvib yetish va undan oʻzib ketish" kabi shiorlar), 1980 yilga kommunizm qurish vaʼdalari uning siyosatida ziddiyatlar va poymapoylikka olib keldi. Oliy davlat va partiya apparatidagi norozilik Xrushchyovni egallab turgan barcha lavozimlaridan olinishiga sababchi boʻldi.

Xrushchyov xotiralar yozgan. Ular 1981 AQShda, 1997 yil Rossiyada, toʻliq matni 1999 yilda eʼlon qilingan.




Шаблон:Ukraina Bosh vazirlari Шаблон:Yil kishisi (Time), 1951-1975