Qaqshaltov tizmasi

Материал из УзЭнц

Qaqshaltov tizmasiTyanshan togʻlari jan. dagi togʻ tizmasi. Qirgʻiziston bilan Xitoy chegarasida joylashgan. Uz. 400 km chamasida. Qaqshaltov tizmasi ning sharqiy, Sarijaz darasigacha boʻlgan qismini Boʻzqir deb ham ataydilar. Xontangri togʻ tuguni jan.gʻarbidan boshlangan. Tizma shim.da sirtlardan 1000–1500 m koʻtarilgan. Oʻrta va sharqiy qismidagi muzliklar (600 dan ortiq) maydoni 983 km². Qaqshaltov tizmasi butun Tyanshan togʻlar guruhining yirik orografik birligi hisoblanadi. Balandligi 4000–6000 m. Eng baland joyi Gʻalaba choʻqqisi (7439 m). Gilli slanets, qumtosh, ohaktoshlardan tuzilgan, ular orasidan granitlar yorib chiqqan. Sarijaz, Qaqshal, Uzengegush daryolari tizmani tor daralar hosil qilib kesib oʻtgan. Janubiy yon bagʻri dasht oʻsimliklari bilan qoplangan, baland qismlarida esa oʻsimlik siyrak, qurum va toshloq togʻ tundrasidan iborat. Shim. yon bagʻri — baland togʻ oʻtloqlari va dashtlari.