Uchtepa tumani

Материал из УзЭнц

Uchtepa tumani (avvalgi nomi Akmal Ikromov) — Toshkent shahridagi tumanlardan biri.

Tarixi[править | править код]

1977-yil 15-sentabrda Chilonzor va Oktyabr (hozirgi Shayxontohur) tumanlarini ixchamlashtirish maqsadida, ular hududida tashkil etilgan. 2005-yil 6-maygacha Akmal Ikromov tumani boʻlgan.

Joylashuvi[править | править код]

Janub va janubi-sharqdan Zargarlik va Guliston koʻchalari bilan boshlanib, gʻarb va shimoli-gʻarbda Toshkent avtomobil halqa yoʻli orqali Qoraqamish kanaliga tutashadi. Maydoni 2.400 gektar, jumladan, koʻkalamzor yerlari - 486 gektar.

Aholisi 237,6 ming kishi (2009).

Tumanda[править | править код]

Koʻchalar soni 481 ta. Asosiy koʻchalari: Lutfiy, Koʻkcha darvoza (oldingi Mannon Uyg'ur), Farhod, Istiroxat, Foziltepa, Nazarbek, Beshqayragʻoch va Kichik halqa yoʻli. Tumanda 53 ta mahalla va Chilonzor 9a, 11-15,21-26 mavzelari mavjud. Tuman hududidan Boʻzsuv va Qoraqamish kanallari oqib oʻtadi. Tumanda 2.650ta korxona va tashkilot, 2.208ta kichik korxona va mikrofirma, 97ta qoʻshma korxona roʻyxatga olingan. Zargarlik zavodi, non-qandolatchilik, sut kombinatlari, «Momiq tekstil», Toshkent sut (davlat oʻtgan oldingi «VBD-Toshkent» (Vimm-Bill-Dan) xorijiy korxonalari), «Fonon», «Toshtatra-servis», «Osiyo-Fud» korxonalari, tikuvchilik birlashmasi, «Elektroshit», «Shayxontohur-tekstil» qoʻshma korxonalari, «Hisoblash texnikasini taʼmirlash» korxonasi, 14 transport korxonasi va qurilish tashkilotlari mavjud. Tumanda Jahon tillari universiteti, Davlat soliq akademiyasi, sanʼat internat maktabi (oldingi Benkov nomidagi), 3ta akademik litsey, 6 kasb-hunar kolleji, 32 umumiy taʼlim maktabi, 2 sport maktabi, 2 oʻquvchilar ijodiyot markazi, 50 bolalar bogʻchasi va yaslisi, 3 sport majmuasi («Qoʻrgʻontepa», «Jurjoniy», «Uchtepa»), 5 oilaviy va stomatologiya poliklinikasi, koʻp tarmoqli poliklinika, 4 kasalxona va dispanser bor.

Tuman aholisiga 2.570dan ziyod savdo, 113 umumiy ovqatlanish, 431 maishiy xizmat koʻrsatish shaxobchasi, 98 dorixona xizmat koʻrsatadi. 2 madaniyat uyi, 2 tennis korti, 10 suzish havzasi, 58 sport zali, 183 sport maydonchasi, «Vatan» kinoteatri, «Bogʻishamol» madaniyat va istiroxat bogʻi, Farhod dehqon bozori bor.

Tumanda qurilish ishlari 1966-yildan boshlangan. Toshkentni rekonstruksiya qilish va rivojlantirish Bosh planiga muvofiq tumanda katta qurilish ishlari olib borilmoqda; 270-ATS, 272-ATS, stomatologiya poliklinikasi, maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, «Karvon bozori», «Oʻrikzor», «Guliston» turar joy mavzelari, bolalar bogʻchalari, maktablar qurilib foydalanishga topshirildi. Farhod va Mannon Uygʻur koʻchalari kengaytirildi. Uchtepa tumanida respublika ahamiyatidagi meʻmoriy yodgorliklardan Choʻponota majmuasi (17-asr), Foziltepa (5-10-asrlar) arxeologiya yodgorligi, mahalliy madaniy meros obyektidan Saidvaqqos masjidi va boshqalar saqlangan.