Yangi Zelandiya

Материал из УзЭнц

Шаблон:Yangi Zelandiya info

Yangi Zelandiya (рус. Но́вая Зела́ндия) — Tinch okeanining janubi-gʻarbiy qismidagi davlat. Maydoni 268,7 ming kilometr². Aholisi 3,994 million kishi (2004). Poytaxti — Vellington shahri. Maʼmuriy jihatdan 10 provinsiya (rgoutse)ga boʻlinadi.

Davlat tuzumi[править | править код]

Yangi Zelandiya — Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik tarkibiga kiruvchi parlamentar monarxiya. Buyuk Britaniya parlamenti va asosan, Yangi Zelandiya parlamenti tomonidan qabul qilingan qonun hujjatlariga amal qilinadi. Davlat boshligʻi — Buyuk Britaniya qirolichasi, uning nomidan general-gubernator davlatni boshqaradi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni 1 palatali parlament — vakillar palatasi, ijrochi hokimiyatni general-gubernator tomonidan tayinlanadigan bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.

Tabiati[править | править код]

Yangi Zelandiya Kuk boʻgʻozi orqali ajralib turgan Shimoliy va Janubiy orollarda joylashgan. Yangi Zelandiyaga Tinch okeandagi bir qancha mayda orollar ham kiradi. Mamlakatning 3/4 qismi togʻ, qir va tepaliklar bilan band. Sohili va daryo vodiylari pasttekislik. Shimoliy orolda tez-tez zilzila boʻlib turadi, soʻnmagan vulkanlar, geyzerlar, qaynoq mineral buloqlar bor. Janubiy orolda Janubiy Alp togʻlari joylashgan (eng baland joyi 3764 metr — Kuk togʻi; choʻqqilarda abadiy qor va muzliklar bor). Shimoliy orol qirgʻogʻi yaqinidagi shelfda neft, gaz, temir, mis, polimetall rudalari, oltin, koʻmir konlari bor. Iqlimi subtropik dengiz iqlimi, chekka janubda moʻtadil iqlim. Iyulning oʻrtacha temperaturasi shimolida 12°, janubida 5°, yanvarniki shimolida 19°, janubida 14°. Oʻrtacha yillik yogʻin 400–700 mm, togʻ yon bagʻirlarida 2000–5000 mm. Daryolari sersuv, gidroenergiya zaxirasiga boy. Eng yirik daryosi — Uaikato (uzunligi 354 kilometr). Koʻl koʻp: eng yirigi — Taupo (mayd. 612 kilometr²). Yangi Zelandiyada sariq, qoramtir va kashtan tuproq, togʻlarda togʻoʻrmon, togʻoʻtloqi tuproqlar tarqalgan. Oʻrmon, asosan, baland togʻlarda saqlanib qolgan (mamlakat hududining 23%). Oʻsimlik turlarining 75% dan ziyodi endemik. Paporotnik, daraxtsimon epifit va lianalar, mahalliy daraxt turlari (kauri, namaki, rimu, tarairo va boshqalar) koʻp. Hayvonot dunyosi kambagʻal. Sut emizuvchilardan kalamush, it, koʻrshapalaklar, sudralib yuruvchilardan tuatara, qushlardan pingvin, nayburun, chagʻalay va boshqalar koʻp. Uchmaydigan qushlardan kivi, ueka, moa va uchadigan moyqut, chittak, chugʻurchiq bor. Soʻnggi 100 yil davomida hayvonot dunyosi bugʻu, serna, tulki, quyon va boshqalar hisobiga ancha boyidi. Yangi Zelandiyada 10 milliy bogʻ (MauntKuk, Tongariro, Fordlend va boshqalar), 2 dengiz parki, koʻplab rezervatlar bor.

Aholisining asosiy qismi yangi zelandiyaliklar; ular yangi zelandiyalik inglizlar va maorilar (15%) ga boʻlinadi. Bundan tashqari, polineziyaliklar, ingliz, shotland, irland, xitoy, hind va boshqa xalqlar ham yashaydi. Rasmiy tillar — ingliz va maori tillari. Dindorlarning aksariyati — protestantlar. Shahar aholisi 85%. Yirik shaharlari: Vellington, Oklend, Kraystcherch.

Tarixi[править | править код]

Yangi Zelandiyaga 10—14-asrlarda maorilar kelib joylashgan. Yevropaliklardan birinchi marta 1642 yil gollandiyalik dengizchi A.Tasman borgan. 1769—70 yillarda ingliz dengizchi sayyohi J.Kuk orollarni tadqiq qilgan. 19-asrning boshlarida yevropaliklarning dastlabki aholi punktlari paydo boʻldi. Ayni vaqtda maorilarga tegishli yerlarni bosib olish jarayoni boshlandi. 1840 yil dastlabki ingliz muhojirlari Vellington shahrini barpo etdilar. 1840 yildan Angliya Yangi Zelandiya ni oʻz mustamlakasiga aylantirdi. 1843 yil maorilarning ingliz mustamlakachilariga qarshi qurolli qoʻzgʻoloni boshlandi. 1872 yilga kelib maorilarning qarshiligi toʻla bostirildi. 1907 yil Yangi Zelandiya dominion maqomini oldi. Birinchi jahon urushi (1914—18)da Yangi Zelandiya Buyuk Britaniya tomonida boʻldi. Urushdan soʻng Yangi Zelandiya Germaniyaning sobiq mustamlakalari boʻlgan Gʻarbiy Samoa va Nauruni Buyuk Britaniya va Avstraliya bilan birgalikda boshqarish uchun mandat oldi. 1926 yilgi imperiya konferensiyasi va 1931 yilgi Vestminster statuti bilan tasdiqlangan qarorlar asosida Yangi Zelandiya tashqi va ichki ishlarda toʻla mustaqillikka ega boʻldi. Ammo Ikkinchi jahon urushi (1939—45) gacha Buyuk Britaniya Yangi Zelandiyaning barcha tashqi aloqalarini nazorat qilib turdi. Ikkinchi jahon urushida Yangi Zelandiya antifashistik koalitsiya tomonida boʻldi. 1930-yillardan hokimiyatni navbatmanavbat Milliy partiya va Leyboristlar partiyasi egallab kelmoqda. Yangi Zelandiya 1945 yildan BMTaʼzosi. 1992 yil 19 martda Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetini tan olgan va diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Milliy bayrami — 6 fevral — Vaytanga kuni (1840).

Asosiy siyosiy partiya va kasaba uyushmalari[править | править код]

Umumiy kelajak partiyasi, 2002 yil tuzilgan; Leyboristlar partiyasi, 1916 yil asos solingan; Yangi Zelandiya milliy partiyasi, 1936 yil tashkil etilgan; Yangi Zelandiya demokratik partiyasi, 1954 yil tuzilgan; Sotsialistik birlik partiyasi, 1993 yil tashkil etilgan; Taraqqiyparvar koalitsiya, 2002 yil tuzilgan. Yangi Zelandiya kasaba uyushmalari kengashi, 1987 yil asos solingan.

Xoʻjaligi[править | править код]

Yangi Zelandiya — qishloq xoʻjaligi yuksak darajada rivojlangan industrial-agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xoʻjaligi 9%, sanoat 25%, xizmat koʻrsatish tarmogʻi 66%ni tashkil etadi.

Qishloq xoʻjaligining asosi — sut, goʻsht va goʻsht-jun chorvachiligi. 47,5 million qoʻy, 9 million qoramol boqiladi. Yangi Zelandiya sariyogʻ, goʻsht, jun va pishloq eksport qilish boʻyicha dunyoda oldingi oʻrinlarda turadi. Yem-xashak ekinlari, bugʻdoy, arpa, suli, dukkakli don ekinlari, sabzavot ekinlari ekiladi. Meva, jumladan, kivi yetishtiriladi. Bogʻdorchilik (sitrus mevalar, olma, nok, shaftoli, gilos) tokchilik rivojlangan. Baliq va kit ovlanadi. Oʻrmonda yogʻoch tayyorlanadi.

Sanoatida oziq-ovqat va yengil sanoat rivojlangan. Qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik, yogʻochsozlik va sellyuloza-qogʻoz, kimyo, toʻqimachilik sanoati korxonalari mavjud. Alyuminiy, plastmassa, oʻgʻit, sement, chinni zavodlari bor. Kon sanoatida tabiiy gaz, temir rudasi, mis, qoʻrgʻoshin, rux, oltin, kumush, qoʻngʻir va toshkoʻmir, titanmagnetit qumi qazib olinadi. Yiliga oʻrtacha 32,4 milliard kVt/soat elektr energiyasi hosil qilinadi.

Transportida dengiz transportining ahamiyati katta. Yirik portlari: Vellington, Oklend, Littelton. Yangi Zelandiyalar uzunligi 3,9 ming kilometr, avtomobil yoʻllari uzunligi 92 ming kilometr. Vellingtonda xalqaro aeroport bor. Tashqi savdoda Yaponiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Janubiy Koreya, Xitoy bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — Yangi Zelandiya dollari.

Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari[править | править код]

Vrachlar universitetlarning tibbiyot fakultetlarida tayyorlanadi. Taʼlim 6 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun majburiy va bepul. Davlat maktablari bilan birga xususiy maktablar ham bor. Oʻqish muddati boshlangʻich maktablarda 6 yil, oraliq maktablarda 2 yil, 8 yillik maktab (boshlangʻich va oraliq)dan keyingi bosqich oʻrta maktab (oʻqish muddati 3 yil). Kollej va oliy oʻquv yurtlarida oʻqish pulli. Mamlakatda 7 universitet va texnika institutlari bor. Universitetlar Oklend, Kraystcherch, Palmerston-Nort, Danidin, Vellington, Gamiltonda joylashgan. Yangi Zelandiyalar mamlakatning oliy ilmiy muassasasi — Yangi Zelandiya qirollik jamiyati (1867 yil tashkil etilgan, turli shaharlarda 50ga yaqin boʻlim va filiallari bor), ilmiy va industrial tadqiqotlar departamenti (1926), pedagogik tadqiqotlar kengashi (1933), Yangi Zelandiya nafis sanʼat akademiyasi, Karterov rasadxonasi, hammasi — Velington shahrida, Danidin shahridagi tibbiy tadqiqotlar kengashi (1950), Vellingtondagi iqtisodiy tadqiqotlar instituti (1958), Kraystcherchdagi geofizika va astronomiya rasadxonasida olib boriladi. Vellingtonda Milliy kutubxona (1966), Oklend (1880), Kraystcherch (1859), Vellington (1893) shaharlarida kutubxonalar, Milliy muzey kutubxonasi bor.

Muzeylari: Vellingtondagi milliy muzey (1865), Milliy badiiy galereya (1936), Danidin, Kraystcherch, Oklend shahrilaridagi muzeylar, Oklenddagi badiiy galereya, Transport va texnika muzeyi va boshqalar.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi[править | править код]

Yangi Zelandiyada bir qancha gazeta va jurnal nashr etiladi. Yiriklari: "Dominion" (kundalik gazeta, 1907 yildan), "Ivning post" ("Kechki pochta", kechki kundalik gazeta, 1865 yildan), "Nyu Zilend gerald" ("Yangi Zelandiya xabarchisi", kundalik gazeta, 1863 yildan), "Nyu trus" ("Yangi haqiqat", haftalik gazeta, 1904 yildan), "Otago deyli tayms" ("Otago provinsiyasi kundalik vaqti", kundalik gazeta, 1861 yildan), "Press" ("Matbuot", kundalik gazeta, 1861 yildan), "Soushelist politiks" (jurnal). Nyu Zilend Press Assoshieyshn, Yangi Zelandiya kundalik gazetalarning kooperativ birlashmasi, 1879 yil asos solingan. "Radio Nyu Zilend" radiosi 1936 yil, "Televiji Nyu Zilend" televideniyesi 1960 yil tashkil etilgan.

Adabiyoti[править | править код]

19-asr oʻrtalaridan ingliz tilida rivojlanmoqda. 19-asr oʻrtalarida va undan keyingivaqtlardagi yozuvlarda maorilarning boy folklori (afsona, rivoyat, qoʻshiq, maqol) saqlangan. Dastlabki yangi zeland adabiyoti asarlari ingliz adabiyoti anʼanalari asosida barpo etildi. 19-asrning 50— 80-yillaridagi shoirlar A.Domett va T.Brekken asarlari romantik yoʻnalishda yaratiddi, U.Golder va J.Barr sheʼriyatida erksevarlik ruhi namoyon boʻldi. M.E.Barker, J.Uayt, J.G.Uilson kabi adiblar oʻz asarlarida mustamlakachilik davrini aks ettirdilar. 19-asrning 90-yillari oxiri — 20-asr boshlarida adabiyotda milliylikning oʻziga xos belgilari paydo boʻldi. Bunda Yangi Zelandiya hayotidagi ijtimoiy va irqiy masalalar oʻz aksini topdi. 19-asrning 90-yillaridan U.Pember, J.Makkey va boshqalarning ijtimoiy adolatsizlikka qarshi qaratilgan sheʼrlari, J.Veston, G.V.Vogel, J.Shamyer, U.Satchell romanlari, A.A.Greys, U.Bok va boshqalarning hikoyalari, 20-asr boshlarida K.Mensfildning ruhiy novellasi yaratildi. 20-asrning 30—40-yillarida adabiyot jahon iqtisodiy boʻhronini, mehnatkashlarning oʻz huquqlari uchun kurashini aks ettirdi. J.A.Li, R.Xayd, F.Sarjeson romanlari, R.A.K.Meyson, D.Glover, A.Kernou sheʼrlari shu mavzuga bagʻishlandi. 50-yillardan sheʼriyatda axloqiy-falsafiy muammolar yetakchi oʻringa chiqdi (J.Bakster, A.Kempbell va boshqalar). 1940—60-yillarda D.Ballantayn, L.Devin, N.Xilliard va boshqalarning realistik romanlari paydo boʻldi. Bu davrda M.Shedbolt, B.Mitkaf va boshqalar novella janrida ijod qildilar. Ayrim yozuvchilar ijodida (J.Freym romanlarida) modernizm taʼsiri yaqqol namoyon boʻldi. 1970-yillarda adabiyotga maori yozuvchilari — V.Iximaer va X.Tuvare kirib keldilar. Yangi Zelandiyada K.Mensfild romanlari, A.P.Gaskell, M.Daggan, X.Shouning psixologik novellalari mashhur.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati[править | править код]

Ingliz mustamlakachilari kelgunga qadar maorilar toʻgʻri burchakli, ikki nishabli tomi oʻtlar bilan yopiladigan yogʻoch uylardan iborat qishloqlarda yashagan. 19-asrning 2-yarmidan aniq reja bilan (Kraystcherch, Oklend) yoki tabiat manzarasi bilan uygʻunlashtirib qurilgan (Vellington) shaharlar qad koʻtara boshladi. Maʼmuriy bino va ibodatxonalar avval neoklassitsizm va neogotika uslubida, 20-asrning 20—30-yillari zamonaviy shakllarda qurildi. 1960—70 yillardan yangi qurilish materiallari va konstruksiyalar qoʻllanila boshladi. Bir qavatli uylar inglizlarnikiga oʻxshatib qurilsa ham, oʻziga xos mahalliy xususiyatlarga ega.

Maorilar sanʼatining qadimiy yodgorliklari — tosh va suyak oʻymakorligi, naqqoshlik va devoriy yezuvlardir. 19asr oxiri — 20-asr boshlarida mahalliy rassomlik maktabi shakllandi (rassomlar G.Lindauer, Ch.F.Goldi, P. van der Velden, J.Neyrn, A.F. Nikoll, L.Mitchell, haykaltarosh R.O.Gross, fafik E.Mervin Teylor va boshqalar). Rassomlar maorilar turmushi va mamlakat tabiatini tasvirladilar. Monumental rassomlik, haykaltaroshlik, shahar va industrial manzara rivojlanmoqda. Musiqasi. Maori xalqlarida marosim qoʻshiq va raqslari rasm boʻlgan; epik, lirik, mehnat qoʻshiqlari har doim nafosat bilan ijro etilgan. Musiqa asboblari: truba (pu; chigʻanoq, yogʻoch, qovoqdan yasaladi), fleyta turlari (porutu, uio, koauau), shaqildoq, hushtak, gong, kastanyet (tokere). Qoʻshiqraqs sanʼatida tabiatdagi tovushlarga taqlid qilish keng tarqalgan. 19-asr boshlarida Yevropadan koʻchib kelgan (asosan, ingliz)lar sanʼati rivojlandi. 19-asrda mahalliy va Gʻarbiy Yevropa musiqa anʼanalari negizida professional musiqa paydo boʻldi. 19-asr oxirida dastlabki simfonik orkestrlar tuzildi. 20-asrda mahalliy sanʼatga qiziqish ortdi (A.Ngata boshchiligidagi yosh maorilar deb nomlangan harakat). Bir qancha folklor ansambllari, jumladan, Vellingtonda "Ngati Poneke" (maori musiqachilari V.Guata, T.R.Karepa) ansambli tashkil etildi. 20-asr mamlakatdagi professional jamoalar orasida Yangi Zelandiya radiosi simfonik orkestri (1947), Yoshlar orkestri (1959), Milliy opera (1954) va Milliy balet (1955) truppalari, kompozitorlardan G.Xill, D.Lilbyorn, D.Farkuaer, K.Smol, E.Lokvud mashhur.

Teatri[править | править код]

1930-yillarda opera va drama havaskorlari truppalari, 1950 yillarning boshida koʻchma professional truppalar ("Nyu Zilend pleyers", "Sautern komedi pleyers", "Daunsteyj", "Komyuniti arts servis tietr") paydo boʻldi. 1960 yil professional yangi zeland baleti vujudga keldi. Oklend shahrida yarim professional "Sentral tietr", Danidinda xususiy "Glob tietr" teatrlari ishlaydi. Rejissyorlar S.Birn, R.Barker, K.Ketkart, aktyorlar R.Stoun, D.Fermeyd, dramaturglar J.Bakster, J.Koppard, A.Kernou mashhur.

Kinosi[править | править код]

1898 yil dastlabki qisqa metrajli hujjatli film suratga olingan. 1912 yil Vellingtonda "Neeshenal film yunit" davlat kinostudiyasi tashkil etildi. Birinchi jahon urushi yillari (1914—18) harbiy xronika, 20-asrlarda, asosan, qisqa metrajli filmlar yaratildi. Badiiy kinematografiyaning asoschisi rejissyor R.Xeyuorddir ("Doʻstlik yoʻllari boʻylab" (1936), "Maorilarni sevish" (1972) filmlari). 1936 yil ingliz kinorejissori J.Grirson yordami bilan bir qancha hujjatli filmlar yaratildi. Badiiy filmlardan "Bardosh bera olmagan toʻsiq" (rejissorlar R.Mayrams va J.O’shi), "Testlar uchun suratchalar" (rejissyor D.Stivens), "Farzandlar qaytmoqda" (1980, rejissyor P.Monder) kabi filmlar diqqatga sazovor.

Oʻzbekiston — Yangi Zelandiya munosabatlari[править | править код]

Ikki davlat oʻrtasida diplomatiya munosabatlari 1992 yil 19 martda oʻrnatilgan boʻlishiga qaramay, Yangi Zelandiyaning geografik jihatdan uzoqda joylashganligi mamlakatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarga oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda. 2004 yil yanvar — noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi bilan boʻlgan tovar aylanmasi 210,2 ming AQSh dollarini, undan eksport 20,3 ming, import 189,9 ming AQSh dollarini tashkil etdi. Oʻzbekistonda Oʻzbekiston — Yangi Zelandiya qoʻshma korxonasi bor. Yangi Zelandiya hukumati oʻz mamlakatidagi oliy oʻquv yurtlari magistraturasida taʼlim olish uchun oʻzbekistonlik 4 talabaga moliyaviy yordam koʻrsatdi. Shuningdek, kam taʼminlangan oila ayollari taʼlimi uchun Samarqand tadbirkor ayollar assotsiatsiyasiga 5 ming AQSh dollari miqdorida grant ajratdi.

Manbalar[править | править код]