Chebishyov, Pafnutiy Lvovich

Материал из УзЭнц

Pafnutiy Lvovich Chebishyov [1821-yil 14(26)-may, Kaluga gubernyasi, Okatovo qishlogʻi — 1894-yil 26-noyabr (8-dekabr), Peterburg] — rus matematigi va mexanigi, ehtimollar nazariyasi rus maktabining asoschilaridan biri.

Peterburg Fanlar akademiyasi akademigi (1856). Moskva universitetini tugatgan (1841), professor (1850).

Ilmiy ishlari ehtimollar nazariyasi, sonlar nazariyasi, matematik analiz, mexanizmlar nazariyasiga oid. Chebishyov tasodifiy miqdor tushunchasini ehtimollar nazariyasiga tatbiq qilgan; ehtimollar nazariyasining limit teoremalarini isbotlashning yangi usuli — momentlar usulini yaratdi; katta sonlar qonunini umumiy holda isbotladi. Sonlar nazariyasida tub sonlar taqsimotining asimptotik qonuni va boshqalarni umumiy shaklda isbotladi. Ortogonal koʻphadlar, funksiyalarni eng yaxshi yaqinlashtirish muammolari bilan shugʻullandi. Differensial binomni elementar funksiyalarda integrallash shartlarini topdi.

Chebishyovning koʻp (asosan, mexanizmlar nazariyasi sohasidagi) kashfiyotlari amaliy tadqiqotlar rivojiga sabab boʻldi.

Manbalar[править | править код]