Professor

Материал из УзЭнц

Professor (lot. professor — dars beruvchi, oʻqituvchi) — oliy oʻquv yurti oʻqituvchisi yoki ilmiy-tekshirish muassasasi xodimining ilmiy unvoni, lavozimi.

Professor atamasi dastlab Rim imperiyasi (miloddan avvalgi 1-asr oʻrtalari — milodiy 5-asr boshlari)da grammatika va voizlik maktabi oʻqituvchilariga nisbatan qoʻllangan. Oʻrta asrlarning 13-asrdan boshlab, universitetlar paydo boʻlgach, universitet oʻqituvchilari professor deb atalgan. Oʻrta asrlarda professor atamasi olimlik belgisi sifatida magistr yoki fan doktori ilmiy darajalari maʼnosini bergan. Universitetlarda kafedralar tashkil etilishi va maxsus professorlik lavozimlari joriy etilishi bilan professor oliy ilmiy daraja tushunchasidan tashqari, universitetlarning yetakchi oʻqituvchisi ilmiy unvonini anglatadigan boʻldi. Oʻzbekiston SSRda 20-asr boshlaridan dastlabki professorlik unvoni berila boshladi. Fitrat birinchi oʻzbekistonlik professor (1926-yil) hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasida professorlik unvoni oliy oʻquv yurtlari yoki ilmiy-tekshirish muassasalari ilmiy kengashining tavsiyasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) tomonidan beriladi. Professorlik unvonini berishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi OAK rayosatining 1996 yil 25 yanvardagi qarori bilan tasdiqlangan "Ilmiy unvonlar berish toʻgʻrisida nizom"ga amal qilinadi. Ushbu nizomga koʻra, professor unvoni quyidagilarga beriladi: a) tanlov yoʻli bilan kafedra mudiri, professor lavozimiga saylangan yoki shartnoma asosida shu lavozimlarda ishlayotgan yoxud oliy oʻquv yurtining rektori (oʻquv yoki ilmiy ishlar boʻyicha prorektori), malaka oshirish instituti yoki unga tenglashtirilgan oʻquv yurtining direktori (direktori oʻrinbosari) lavozimida 1 oʻquv yili muvaffaqiyatli ishlagan, kamida 5 yillik pedagogik ish stajiga ega boʻlgan fan doktorlariga; b) oliy oʻquv yurtining ilmiy-tekshirish boʻlimi (boʻlinmasi, sektori, laboratoriya) mudiri (boshligʻi), bosh ilmiy xodimi, yetakchi ilmiy xodimi lavozimiga tanlov yoʻli bilan oʻtgan yoki attestatsiya tartibida tayinlangan hamda 5 yillik ilmiy stajga ega boʻlgan va mazkur lavozimlarda kamida 1 yil yaxshi natija koʻrsatib ishlagan fan doktorlariga; v) xalq xoʻjaligining yirik mutaxassisi boʻlgan va pedagogik ishga jalb qilinib, tanlovdan oʻtgan yoki shartnoma asosida ishlayotgan oliy oʻquv yurtining kafedra mudiri, professori yoki rektori (oʻquv yoki ilmiy ishlar boʻyicha prorektori), malaka oshirish instituti yoki unga tenglashtirilgan oʻquv yurtining direktori (direktori oʻrinbosari) lavozimlarida 1 yildan beri samarali ishlayotgan fan doktorlariga; g) oliy oʻquv yurti yoki unga tenglashtirilgan oʻquv yurtining kafedra mudiri yoki professor lavozimiga tanlov boʻyicha saylanib, kamida 5 yil pedagoglik ish stajiga ega boʻlgan va shu lavozimlarda 2 yil muvaffaqiyatli ishlagan OʻzR, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq artistlari, hofizlari, rassomlari, meʼmorlari, oʻqituvchilari, yozuvchilari, shoirlari, xizmat koʻrsatgan fan va sanʼat arboblari, xizmat koʻrsatgan artistlar, rassomlar, meʼmorlar, trenerlar, madaniyat xodimlariga berilishi mumkin; d) tanlov yoʻli bilan kafedra professori lavozimiga saylangan va bu lavozimda 2 yil muvaffaqiyatli ishlagan madaniyat, meʼmorlik, sanʼatshunoslik institutlari ixtisoslashgan kafedralarining oliy maʼlumotli, dotsent ilmiy unvoni va kamida 10 yillik pedagogik ish stajiga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassislariga berilishi mumkin; e) dotsent ilmiy unvoni boʻlgan va madaniyat, meʼmorlik, sanʼat, jismoniy tarbiya, sport hamda muhandislik grafikasi (chizma geometriya) sohasida ixtisoslashgan kafedra mudiri yoki professori lavozimida ishlab turgan, oliy o'quv yurtlarida kamida 10 yillik pedagogik ish stajiga ega, shu lavozimda kamida 1 yil samarali ishlagan fan nomzodiga berilishi mumkin; yo) respublika ilmiy-tekshirish muassasalarida boʻlim (boʻlinma, sektor, laboratoriya) mudiri (boshligʻi), bosh ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim lavozimiga tanlov yoʻli bilan saylangan yoki attestatsiya tartibida tayinlangan yoxud direktor, direktor oʻrinbosari, ilmiy kotib, ilmiy raxbar, maslahatchi lavozimini egallab turgan, kamida 5 yillik ilmiy staji boʻlgan va shu lavozimda kamida 1 yil yaxshi ishlagan fan doktorlariga beriladi.

Ular pedagogik amaliyotda foydalanilayotgan ilmiy va oʻquv-metodik ishlarga ega boʻlishlari, oliy oʻquv yurti yoki malaka oshirish institutlarida yuksak metodik va ilmiy saviyada maʼruzalar kursini oʻqiy olishlari, ilmiy daraja olgan malakali mutaxassis tayyorlagan boʻlishlari, madaniyat, meʼmorlik, sanʼatshunoslik institutining mutaxassislari xalqaro va respublika tanlovlari sovrindorlarini tayyorlagan boʻlishlari kerak.

Professorlik unvoniga daʼvogar shaxsning hujjatlari unga fan doktori ilmiy darajasi berilgan sanadan 1 yil oʻtgandan keyingina oliy o'quv yurtlari hamda ilmiy-tekshirish muassasalari ilmiy kengashlari tomonidan muhokamaga qabul qilinishi va OAKga yuborilishi mumkin. Professorlik unvoniga daʼvogarning hujjatlarini OAK tomonidan koʻrib chiqish muddati 6 oydan oshmasligi kerak. professorlik unvoni OAK tomonidan umrbod beriladi. Professorlik lavozimi uchun oliy oʻquv yurti yoki ilmiy muassasada har 5 yilda 1 marta tanlovdan oʻtish lozim.

Boshka mamlakatlarning professor unvoniga ega boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolari oʻz arizalari va faoliyat yuritayotgan tashkilotlarining tavsiyasiga muvofiq belgilangan tartibda qayta attestatsiya (nostrifikatsiya)dan oʻtkazilgach, tegishli hujjat beriladi. Shuningdek, Oʻzbekistonda faoliyat yuritmoqchi boʻlgan chet el fuqarolarining professorlik ilmiy unvoni ham manfaatdor tashkilotning tavsiyasiga muvofiq belgilangan tartibda qayta attestatsiya (nostrifikatsiya)dan oʻtkazilgach, haqiqiy hisoblanadi.[1]

Manbalar[править | править код]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil