Konstitutsiya

Материал из УзЭнц

Konstitutsiya (lot. constitutio — tuzilish, tuzuk) — davlatning asosiy qonuni.

U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, shuningdek, sud tizimini belgilab beradi. Konstitutsiya barcha joriy qonunlarning asosi hisoblanadi.

Konstitutsiya davlatchilik belgisidir. Bir-biridan farqlanuvchi yuridik va haqiqiy (faktik) konstitutsiya tushunchalari bor. Yuridik konstitutsiya ijtimoiy munosabatlar doirasini tartibga soluvchi maʼlum huquqiy normalar tizimi. Haqiqiy konstitutsiya esa — shunday munosabatlarning oʻzi, yaʼni real mavjud munosabatlardir.

Turlari[править | править код]

Konstitutsiya oʻz shakliga koʻra, kodekslashtirilgan, kodekslashtirilmagan va aralash turlarga boʻlinadi.

  • Kodekslashtirilgan konstitutsiya — konstitutsiyaviy xususiyatga ega barcha asosiy masalalarni tartibga soluvchi bir butun yozma hujjat hisoblanadi.
  • Agar ayni oʻsha masalalar bir necha yozilgan hujjatlar bilan tartibga solinsa, u holda konstitutsiya kodekslashtirilmagan hisoblanadi.
  • Aralash turdagi konstitutsiya parlament tomonidan qabul qilingan qonunlar va sud pretsedentlari bilan birga, odatlar va nazariy sharxlarni ham oʻz ichiga oladi, yaʼni qisman yozilgan boʻladi.

Oʻzgartirish kiritish usuli boʻyicha konstitutsiya yumshoq va qattiq turlarga boʻlinadi.

  • Ularning birinchisi oddiy qonun qabul qilish yoʻli bilan oʻzgartirilishi mumkin.
  • Ikkinchisi maxsus takomillashtirilgan tartibda (parlament aʼzolari ovozining malakali koʻpchiligi, baʼzan esa referendum oʻtkazish, tuzatishlarni muayyan miqdordagi federatsiya subyektlari tomonidan ratifikatsiyalash) oʻzgartirilishi mumkin.

Amal qilish muddatlari boʻyicha konstitutsiyalar doimiy va muvaqqat turlarga boʻlinadi.

Tarixi[править | править код]

Davlat faoliyatining turli sohalarida konstitutsiyaga rioya qilinishini nazorat etish Oliy sud yoki Konstitutsiyaviy sud zimmasiga yuklanadi. "Konstitutsiya" atamasi Qadimiy Rimdayoq bor edi (imperator konstitutsiyasi deb atalgan qonun).

Yevropadagi tarixiy taraqqiyot hozirgi kunda amalda boʻlgan konstitutsiyalarning 2 guruhini vujudga keltirdi.

  • 1-guruh — hozirgi zamon sharoitlaridan keskin farq qiluvchi sharoitlarda qabul qilingan eski konstitutsiyalar. Bu xildagi konstitutsiyalarga 1787 yilgi AQSH Konstitutsiyasi, 1831 yilgi Belgiya konstitutsiyasi, 1874 yilgi Shveytsariya konstitutsiyasi misol boʻla oladi.
  • 2-guruhga 20-asrning 2-yarmida qabul qilingan "yangi avlod" konstitutsiyalari kiradi. Ular dastlabki konstitutsiyalardan xuquq va erkinliklar institutining, konstitutsiyaning himoya qilish mexanizmlari va ijtimoiy muammolarga murojaat qilish mexanizmlarining kengayishi natijasida konstitutsiyaviy tartibga solish hajmining koʻpayishi bilan farq qiladi.

Xalqaro konstitutsiyaviy tajribalarni oʻrganish, xalqaro hujjat qoidalarini inobatga olish, milliy davlatchilik anʼanalardan kelib chiqish natijasida yaratilgan OʻzR Konstitutsiyasi (1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan) jahon andozalariga mos boʻlib, xalqaro talablarga javob beradi (q. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi).

Mihail Aleksandrov.[1]

Manbalar[править | править код]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil