Kriminologiya

Материал из УзЭнц

Kriminologiya (lot. criminis -jinoyat va yun. logos — taʼlimot, tushuncha) — jinoyatchilik, uning sabablari, jinoyatchining shaxsi, jinoyatchilikning oldini olish yoʻllari, vositalari haqidagi fan.

Mustaqil fan sifatida kriminologiya 20-asr oʻrtalarida jinoyat huquqi fanidan ajralib chikdi. Bu fanning nazariy asosi belgiyalik sotsiolog L. A. J. Ketle, italiyalik kriminalistlar Ch. Lombrozo, E. Ferri va boshqalarning taʼlimoti hisoblanadi.

Kriminologiya jinoyatchilikni kishilarning jinoyatga oid qonun talablariga (Jinoyat kodeksi) zid boʻlgan ijtimoiy xavfli qilmishlaridan iborat ijtimoiy hodisa sifatida tadqiq qiladi. Shuningdek, kriminologiya jinoyatchilikka oid maʼlumotlarni umumiy tarzda, shu bilan birga jinoyatlarning ayrim turlari va guruhlari boʻyicha hamda kriminologiyaga oid ayrim muammolar (masalan, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi, retsidiv jinoyatchilik, guruh jinoyatchiligi) boʻyicha tekshiradi. Jinoyatchilik sabablari, yaʼni umuman jinoyatchilikka va muayyan jinoyatlarni sodir qilishga taʼsir etadigan ijtimoiy omillar, hodisalar, jarayonlar ham kriminologiya predmeti hisoblanadi.

Kriminologiya jinoyatchi, yaʼni turli jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning feʼl-atvoriga biron-bir darajada taʼsir etuvchi ijtimoiy xususiyatlar hamda ijtimoiy ahamiyatga molik xususiyatlar, belgilar, sifatlar, aloqalar hamda munosabatlarni har tomonlama oʻrganadi. Jinoyatchilik va uning alohida turlarini aniq sotsiologik tadqiq qilish jinoyatchilik bilan turli ijtimoiy jarayonlar oʻrtasidagi bogʻliklikni belgilash va shu asosda uning oldini olish choralarini ishlab chiqish imkonini beradi. Hozirgi kriminologiya zavonaviy hisoblash texnikasi, shuningdek, boshqa bir-biriga bogʻliq fanlar — sotsiologiya, ijtimoiy psixologiya va shaxs psixologiyasi, pedagogika, iqtisodiyot va shahrik.ning yutuqlaridan keng foydalanadi. Kriminologiyada hozirgi demokratik jamiyatda jinoyatchilikka qarshi kurashning asosiy yoʻnalishlaridan birini tashkil qiluvchi jinoyatlarning oldini olish muammosi muhim oʻrin tutadi.

Adabiyot[править | править код]

  • Usmovaliyev M., Karaqstov Y., Jinoyatchilikni oldini olishning kriminologik choralari, T., 1995;
  • Antonyan Yu. M., Terrorizm. Kriminologicheskiye i ugolovno-pravovie issledovaniya, M., 1998.

Mamajon Usmovaliyev.[1]

Manbalar[править | править код]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil