Marks, Karl

Материал из УзЭнц
Karl Marks
Marks, Karl
Tavallud sanasi: 5-may 1818-yil(1818-05-05)
Tavallud joyi: Trir, Prussiya qirolligi
Vafot sanasi: 14-mart 1883-yil(1883-03-14)
(64 yoshda)
Vafot joyi: London, Buyuk Britaniya

Karl Marks (5-may, 1818 Trir, Prussiya – 14-mart, 1883 London, Buyuk Britaniya) — nemis faylasufi, tarixchisi, iqtisodchisi, sotsiologi, siyosiy jurnalisti va sotsial inqilobchisi. Uning gʻoyalari ommaviy fanlar yaratilishida va sotsialistik harakatning rivojlanishida muhim oʻringa ega boʻlgan.

Marks falsafada dialektik va tarixiy materializm, iqtisotda qoʻshimcha narx nazariyasi, siyosatda sinflar kurashi nazariyasining muallifidir. U hayoti davomida koʻplab asarlar yaratgan, ulardan eng taniqlilari — «Kommunistik partiya manifesti» va «Kapital».

Biografiya[править | править код]

Marks tugʻilgan uy

Yoshlik davri[править | править код]

Karl Marks Trir shahridagi advokat Geynrix Marks (yahudiy) oilasida 3-chi farzand boʻlib dunyoga keldi. Tugʻilgan uyi (hozirda muzey) Trir shahrining Bryukkergasse, 669 manzilida joylashgan. 1819-yilda Marksning oilasi Simeonshtrasse, 8 manziliga koʻchib oʻtadi.

1830-35 yillar davomida Marks Trir shahridagi gimnaziyada tahsil oladi.

17 yoshida gimnaziyani tamomlab, avval Bonn Universitetida, soʻng Berlin Universitetida tahsil oladi. Universitetda yuridik fanlarini oʻrganadi, biroq keyinchalik tarix va falsafaga qiziqishi kuchayadi.

1836-yilda Jenni fon Vestfalen (1814 - 1881) bilan unashtiriladi. Keyinchalik unga uylanadi.

1841 - 1883[править | править код]

1841-yilda Universitetni tamomlagach, Marks Bonn shahriga koʻchib oʻtadi.

1842-43 yillarda Marks "Rheinisehe Zeitung" gazetasida jurnalist va muhbir boʻlib ishlaydi. 1843-yil martida gazeta oʻz faoliyatini tamomlaydi, oqibatda Marks ham ishdan boʻshaydi. Shu yili u Jenni fon Vestfalen xonimga uylanadi va yosh oila Parijga koʻchib oʻtadi.

Parijda u Geyne va Engels bilan tanishadi. Umrining ohirigacha shu insonlar bilan doʻst va hamkasaba boʻlib yashaydi. Marksning ishchilar sinfining sharoitiga eʼtibor qaratishiga ham Engels sababchi boʻlgan.

1849-yilda Marks Londonga koʻchib oʻtadi. 1864-yilda Marks "Xalqaro ishchilar assotsiatsiyasi"ni tashkil etdi. 1867-yilda "Kapital" ning birinchi tomi nashr qilinadi. Karl Marks 1883-yilda London shahrida 64 yoshida vafot etgan. Londondagi Hengeyst mozoriga dafn etilgan.

"Kapital"ning keyingi tomlari Engels tomonidan nashr qilinadi.

OʻzMEdan[править | править код]

Karl Marks (1818-yil 5-may, Trir — 1883-yil 14-mart, London) — nemis faylasufi, iqtisodchi, jamiyatshunos, marksizm asoschisi. Advokat oilasida tugʻildi. 1835—41 yillarda Bonn va Berlin universitetlarining yuridik fakultetlarida oʻqidi. Falsafiy qarashlari yosh gegelchilar taʼsirida shakllandi. 1842-yil «Reyn gazetasi» (Kyoln)ga muharrirlik qildi. 1843 yil Parijga koʻchib keldi. Bu yerda Fridrix Engels bilan doʻstlashdi (1844) va u bilan birgalikda yozgan «Muqaddas oila» asari (1845) tuzumni oʻzgartirishga shaylangan proletariatning nazariya va taktikasiga bagʻishlandi.

Prussiya hukumatining tazyiqi tufayli Parijdan chiqarib yuborilgach, Bryusselga keldi. Bu yerda Engels bilan hamkorlikda yaratgan «Nemis mafkurasi» (1845—46) asarida dialektik va tarixiy materializmning asosiy qoidalari bayon etilgan.

Marksning «Falsafa qashshoqligi» (1847) asarida esa tarixiy materializm va proletar siyosiy iqtisodi asoslari yoritilgan. «Kommunistlar uyushmasi» xalqaro tashkilotining ishida faol qatnashgan Marks va Engels bu tashkilotning dasturi — «Kommunistik partiya manifesti»ni yozdilar (1848). Fransiyada 1848-yil inqilobi boshlangandan keyin Belgiya hukumati Marksni qamoqqa oldi va mamlakatdan chiqarib yubordi. Marks Parijga kelib, Kommunistlar uyushmasining yangi MKni tuzdi. Aprelda Marks va Engels Kyolnga joʻnadilar, bu yerda Marks «Yangi Reyn gazetasi»ga bosh muharrir boʻldi. 1849-yilning mayida Prussiya hukumati Marksni badargʻa qilib, gazetani yopdi. Marks 1849-yilning avgustida Londonga koʻchib bordi va umrining oxirigacha oʻsha yerda yashadi. Bu yerda Engelsning moddiy yordami bilan nazariyotchilik va jamoatchilik faoliyatini davom ettirdi.

Marks 1-Internatsional (1864—76)ning tashkilotchisi va yetakchisi edi. 1867-yil Marksning asosiy asari «Kapital» (1-jildi) bosilib chiqdi; Marks uning keyingi jildlarini tugata olmadi. Ularni Engels nashrga tayyorladi (2-jild, 1885; 3-jild, 1894). Bu asar marksizm iqtisodiyoti va sinfiy kurash nazariyasiga oid asosiy kitob hisoblanadi. Marksning boshqa asarlari: «Lui Bonapartning oʻn sakkizinchi bryumeri» (1852), «Siyosiy iqtisod tanqidiga doir» (1859), «Fransiyada fuqarolar urushi» (1871), «Gota dasturini tanqid» (1875).[1]

Ilmiy ishlari[править | править код]

Bolalari[править | править код]

Adabiyot[править | править код]

  • Saitxodjayev H.B. Sotsiologiya: Ma’ruzalar kursi. – T.: O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi, 2008. – 169 b.

Manbalar[править | править код]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil