Turizm

Материал из УзЭнц

Turizm (frans. tour — sayr, sayohat), sayyohlik — sayohat (safar) qilish; faol dam olish turlaridan biri.

Turizm deganda jismoniy shaxsning doimiy istiqomat joyidan sogʻlomlashtirish, maʼrifiy, kasbiy-amaliy yoki boshqa maqsadlarda borilgan joyda (mamlakatda), haq toʻlanadigan faoliyat bilan shugʻullanmagan holda, uzogʻi bilan 1 yil muddatga joʻnab ketishi (sayohat qilishi) tushuniladi.

Tarixi[править | править код]

Turizmning tarixi 19-asr boshlariga borib taqaladi. Dastlab Angliyadan Fransiyaga uyushgan sayyohlik tashkil etilgan (1815 yil). Turizmning asoschisi hisoblanmish ingliz ruhoniysi Tomas Kuk 1843 yilda 1-temir yoʻl sayyohligini tashkil qildi. Shundan soʻng u oʻzining xususiy turistik korxonasini tuzdi va 1866 yil dastlabki sayyohlik guruxlari AQShga joʻnatildi. Sharqda arab sayyohi Ibn Battuta 21 yoshida sayohatini boshlab, deyarli barcha Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlarini piyoda kezib chiqdi.

Movarounnahrda ilk sayyohlarning safarlari Amir Temur va temuriylar davrida faollashgan. Amir Temur fransuz qiroli Karl VI va ingliz qiroli Genrix IV bilan doimiy aloqada boʻlgan. Uning elchisi 1403 yil Parijga kelgan. Ispaniyalik Klavixoning "Buyuk Temurning hayoti va faoliyati" kitobida Movarounnahrdagi ijtimoiy hayot va sayyoxlarning Temur davlatiga intilishi aks etgan.

Bugungi kunda[править | править код]

Hozirgi davrda turizm dunyoning juda koʻp mamlakatlarida ommaviy tus olgan. Odatda, turizm turistik tashkilotlar orqali turistik marshrutlar boʻyicha uyushtiriladi. Turizmning juda koʻp turlari va shakllari mavjud (ichki, xalqaro, havaskorlik turizmi, uyushgan turizm, yaqin joyga sayohat, uzoqqa sayohat, bilim saviyasini kengaytirish maqsadida turizm, toqqa chiqish, suv turizmi, avtoturizm, piyoda yuriladigan turizm, sport turizmi va boshqalar).

Oʻzbekistonda[править | править код]

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi[править | править код]

Oʻzbekistonda turizm sohasiga rahbarlikni Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (oldingi Oʻzbekturizm" milliy kompaniyasi) olib boradi. Qoʻmitaning asosiy vazifasi turizm infrastrukturasini rivojlantirish, chet el sarmoyasini jalb qilib zamonaviy turistik komplekslarni barpo etish, yangi turistik yoʻnalishlarni ishlab chiqish, xizmatlar doirasini kengaytirish va boshqalardan iborat.

"Oʻzbekturizm" milliy kompaniyasi sayohat qilish turiga qarab quyidagi turistik yoʻnalishlarni ishlab chiqqan edi:

  • klassik yoʻnalish (Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent; Toshkent, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Toshkent). Bu yoʻnalish eng qadimiy yodgorliklar va boshqa tarixiy-madaniy obidalarga tashrif bilan bogʻliq;
  • ekologik turizm yoʻnalishi (Chimyon, Chorvoq dam olish va davolanish oromgohi, Zomin qoʻriqxonasi, Buxoro viloyatidagi qoʻriqxonalar). Bu yoʻnalish alohida muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar va sayyohlar uchun ekologik jihatdan qulay gʻamda foydali hisoblanadigan joylarga tashrif bilan bogʻliq;
  • arxeologik turizm yoʻnalishi (Qoraqalpogʻiston, Surxondaryo, Samarqand hududlari boʻylab). Bu yoʻnalish Oʻzbekistonning eng qadimiy topilmalari va arxeologik qazishmalar olib borilayotgan joylari bilan tanishishni maqsad qilib qoʻyadi;
  • ekstremal turizm yoʻnalishi (Chimyon, Fargʻona vodiysi, Orol boʻyi, Buxoro, Navoiy viloyati hududlari boʻylab);
  • diniy turizm yoʻnalishi (Toshkent, Samarqand, Buxoro, Toshkent) — mamlakatimizdagi tarixiy diniy obidalarni ziyorat qilish bilan bogʻliq.

Huquqiy asos[править | править код]

Turizm sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish, turistik xizmatlar bozorini rivojlantirish, shuningdek, turistlar va turistik faoliyat subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining "Turizm toʻgʻrisida"gi qonuni qabul qilingan (1999 yil 20 avgustda).

Jamoat tashkilotlari[править | править код]

Turizm tashkilotlarini takomillashtirish hamda kichik va oʻrta turistik korxonalarning xizmat koʻrsatish bozorini faollashtirish, shuningdek, xorijiy sarmoyani turizm sohasiga jalb qilish maqsadida 1998 yil Oʻzbekiston Respublikasi hukumati qarori bilan Toshkentda "Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi" tashkil etildi. U 300 dan ziyod turistik korxonalar bilan yaqindan aloqada boʻlib faoliyat olib boradi.

Turistik infrastruktura[править | править код]

Oʻzbekistonda "Kumushkon" turistik bazasi va "Sanzar" kemping majmuasi mavjud boʻlib, ular "Oʻzbekturizm" milliy kompaniyasi tizimi tashkilotlari hisoblanadi. Shu bilan birga Chorvoq, Chimyon, Beldersoy dam olish oromgohlari va yuzga yaqin xususiy mehmonxonalar ishlab turibdi. Oʻzbekistonda koʻplab turistlarni qabul qilish va ularga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻlgan mehmonxonalar soni tobora oʻsib bormoqda.

Xalqaro hamkorlik[править | править код]

Oʻzbekiston 1993 yilda oʻz safiga 120 dan ortiq mamlakatni birlashtirgan Jahon turistik tashkiloti (WTO; 1975 yil tuzilgan)ga aʼzo boʻldi. Shuningdek, Oʻzbekiston WTO Yevropa komissiyasi rayosatining ham aʼzosidir. 2004 yil "Buyuk ipak yoʻli" loyihasi doirasida Samarkand viloyatida Jahon turistik tashkilotining vakolatxonasini ochish koʻzda tutilgan.

Soha OAVlari[править | править код]

Oʻzbekistonda turizm sohasiga oid "Buyuk ipak yoʻli" xalqaro turistik reklama-axborot gazetasi (1994 yildan), "Biznes Gayd" jurnali (rus va ingliz tillarida) va boshqa ommaviy nashrlar chop etiladi.[1]

Manbalar[править | править код]

  1. Тухлиев Н., Таксанов А., Экономика большого туризма, Tашкент, 2001.