Rus tili

Материал из УзЭнц
Rus tili
Milliy nomi: -{Русский язык}-
Mamlakatlar: Rossiya, AQSh, Kanada, Mongoliya, Olmoniya, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Oʻzbekiston
Mintaqalar:
Rasmiylik holati: Rossiya, Belorussiya, Qirgʻiziston, Qozogʻiston va boshqa davlatlar, hududlar va tashkilotlar
Soʻzlashuvchilarning umumiy soni: 278.000.000 ortiq
Tartiblovchi tashkilot: RFA V.V. Vinogradov nomidagi Rus tili instituti
(Moskva, Rossiya)
Oʻrni:
Holati:
Turkumlanishi
Turkum:
Hind-yevropa
Alifbosi: Kirill
Til kodlari
-{ISO 639-1 ru}-
-{ISO 639-2 rus}-
-{ISO 639-3 rus}-
Shuningdek qarang: Loyiha:Tilshunoslik

Rus tili (рус. Русский язык) — jahonda keng tarqalgan tildir. Rus tili Birlashgan millatlar tashkilotidagi 6 rasmiy tildan biridir va tashkilotning ishchi tilidan biri sanaladi. Avval SSSRda, soʻng MDHda millatlararo va davlatlararo aloqa vositasi.

Ukrain va belorus tillari bilan birgalikda hind-yevropa tillari oilasiga kiruvchi slavyan tillarining sharqiy guruhini tashkil etadi. Oʻtgan asrning 80-yillaridagi maʼlumotlarga koʻra, rus tilida soʻzlashuvchilarning umumiy soni 250 million kishidan, jumladan, hozirgi MDH mamlakatlarida 185 million kishidan iborat. Bundan tashqari, mazkur hududlardagi 60 milliondan ortiq kishi rus tilida erkin soʻzlasha oladi.

Rus tili juda uzoq va murakkab rivojlanish tarixiga ega. Eng qadimgi rus adabiy tili Kiyev Rusida shakllangan boʻlib, u 14-asrgacha sharqiy slavyanlar uchun umumiy til hisoblangan. 14—15-asrlarda qadimgi rus tili 3 tilga — velikorus (rus), ukrain va belorus tillariga boʻlinib ketadi. Shu davrdan boshlab rus tili boshqacha aytganda, velikorus tili markazi Moskva boʻlgan Rus davlati hududida rivojlana boshlaydi.

Rus tili lahja va shevalari 2 ga: shimoliy velikorus ("o" lovchi) va janubiy velikorus ("a" lovchi) guruhlariga boʻlinadi; oʻrta rus shevalari mazkur har ikkala guruh xususiyatlarini oʻzida aks ettiradi. 16—17-asrlarda shimoliy va janubiy lahjalar chegarasida boʻlgan Moskvada oʻziga xos koyne (umumiy lahja) shakllanib, u namunali tilga aylanadi.

Qadimgi rus tili xususiyatlarini saqlab qolgan adabiy til bilan soʻzlashuv tili oʻrtasida sezilarli tafovutlar paydo boʻlib, 17-asrdan boshlab rus millati va rus milliy tili shakllana boshlaydi. 17-asr oxiri — 18-asr boshidagi adabiy til boy va ifodali, koʻplab gʻarbiy yevropa oʻzlashmalariga ega esada, barqaror boʻlmagan. Uni tartibga solish va barqarorlashtirishda M.V. Lomonosovning xizmatlari katta boʻlgan. 19-asr boshlarida adabiy tilning xalqchilligi bosh muammo hisoblanib, bu muammoning yechimida I.A. Krilov, A.S. Griboyedov, ayniqsa, A.S. Pushkin ijodi alohida oʻrin tutadi. Ayni Pushkin ijodida umummilliy rus adabiy tilining shakllanishi yakun topadi. Pushkinning buyuk xizmati shundaki, uning ijodida adabiy rus tilining umummilliy meʼyorlari ishlab chiqilgan va mustahkamlangan hamda bu meʼyorlar Pushkinning zamondoshlari va undan keyingi avlod tomonidan qabul qilingan.

Adabiy tilning boyishiga 19—20-asrlardagi rus adabiyotining mumtoz vakillari ulkan hissa qoʻshdilar; 19 asrning 2-yarmidan boshlab uning rivojlanishiga yozuvchilar bilan bir qatorda jamoat arboblari, fan va madaniyat namoyandalari ham katta taʼsir koʻrsatib kelmoqdalar. Oktabr inqilobidan soʻng oʻzgacha ijtimoiy tuzum, iqtisodiyot hamda fan va texnikaning rivojlanishi tufayli rus tilida, ayniqsa, uning leksikasida sezilarli oʻzgarishlar paydo boʻldi, adabiy tilning umumiy demokratlashuvi kuchaydi.

Rus tili flektivsintetik tillardan boʻlib, unda 3 ta grammatik jins turkumsi, otlarning 3 xil turlanishi, feʼllarning 2 xil tuslanishi mavjud; koʻmakchilar predlog koʻrinishida, yaʼni oʻzi bogʻlanadigan soʻzlar oldidan joylashadi.

Hozirgi rus alifbosi Kirill yozuvi (kirillitsa)ga asoslangan (qarang Rus alifbosi). Unda bitilgan eng qadimiy yodgorliklar 11-asrga taalluqlidir.

20-asr oʻrtalaridan boshlab butun jahonda rus tilini oʻrganish keng tarqaladi. Rus tili dunyodagi 100 dan ortiq mamlakatda oʻqitiladi. 1967 yilda Rus tili va adabiyoti oʻqituvchilarining xalqaro assotsiatsiyasi, 1973 yilda A.S. Pushkin nomidagi Rus tili instituti tashkil etilgan. Sovet davrida Oʻzbekiston SSRda va ittifoqdosh respublikalarda rus tilini oʻqitish-oʻrgatishga alohida eʼtibor berilgan.. Hozirgi paytda ham Oʻzbekiston respublikasida rus tilini oʻrgatish ahamiyati katta.[1]

Adabiyot[править | править код]

  • Vinogradov V. V., Russkiy yazik. Grammaticheskoye ucheniye o yazike, 2 izd., M., 1972;
  • Russkaya grammatika, t., 1—2, M., 1980.


Rus alifbosi[править | править код]

А а Б б В в Г г Д д Е е Ё ё
Ж ж З з И и Й й К к Л л М м
Н н О о П п Р р С с Т т У у
Ф ф Х х Ц ц Ч ч Ш ш Щ щ Ъ ъ
Ы ы Ь ь Э э Ю ю Я я

Havolalar[править | править код]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil