Davlat huquqi

Материал из УзЭнц

Davlat huquqi — muayyan davlatning ijtimoiy tuzumi, davlat tuzilishi asoslari va davlat hokimiyati organlarining tashkil etilishini, inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlarini hamda saylov tizimini belgilovchi va tartibga solib turuvchi huquqiy normalar yigʻindisi. "Davlat huquqi" atamasi bilan bir qatorda konstitutsiyaviy huquq atamasi qoʻllanilib kelinmoqda, ularning predmeti va tadqiqot obyektlari bir xil boʻlganligi bois sinonim sifatida tushunmoq kerak. Bundan tashqari davlat huquqi uch maʼnoda: huquq tarmogʻi, fan va oʻquv kursi sifatida qoʻllaniladi.

Oʻzbekiston Respublikasi davlat huquqi[править | править код]

Oʻzbekiston Respublikasi huquq tizimining yetakchi tarmogʻi hisoblanadi; uning normalari davlat va jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy asoslarini, davlat hokimiyatini amalga oshirish hamda jamiyat, davlat va shaxs orasidagi munosabatlarni tashkil etuvchi ijtimoiy munosabatlarni oʻrnatadi, rivojlantiradi va huquqiy tartibga solib turadi. Shu bois davlat huquqining asosiy prinsiplari, qoidalari va normalari huquq tizimining boshqa tarmoqlari (jinoyat, jinoyat-protsessual, fuqarolik, fuqarolik-protsessual, maʼmuriy, xoʻjalik, mehnat huquqi va shu kabilar)ni belgilab beradi. Oʻzbekiston Respublikasi davlat huquqining bosh manbai Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hisoblanadi. Davlat huquqi manbalarini Qoraqalpogʻiston Respublikasining Konstitutsiyasi, shuningdek, davlat-huquqiy mazmunga ega boʻlgan yoki davlat-huquqiy munosabatlarni tartibga soladigan normalarni oʻz ichiga olgan konstitutsiyaviy va oddiy qonunlar, Prezident farmonlari va qarorlari, Oliy Majlis reglamenti, nizomlar, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, mahalliy hokimiyatning qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan tuzgan bitim va shartnomalari tashkil etishi mumkin. Jamiyatdagi munosabatlarni davlat huquqi normalari bilan tartibga solish natijasida kelib chiqadigan munosabatlarni davlat-huquqiy munosabatlar deb ataladi . Davlat-huquqiy munosabatlarning ishtirokchilari davlat-huquqiy munosabat subyektlari deb ataladi. Oʻzbekiston Respublikasida davlat-huquqiy munosabatlarning asosiy subyektlari quyidagilardan iborat: davlat sifatida Oʻzbekiston Respublikasi; Oʻzbekiston Respublikasining xalqi; Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar; Qoraqalpogʻiston Respublikasi; Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi, sudlov organlari, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, barcha pogʻonadagi xalq deputatlari Kengashlari va hokimliklar); deputatlar va ularning uyushmalari; saylov komissiyalari; jamoat birlashmalari; fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqalar.

Mamlakatimizda davlat huquqi fanining rivojlanishi asosan 20-asrning 20-yillarida Oʻzbekiston SSRning tashkil topishidan boshlandi va keng qamrov oldi. Oʻzbekiston Respublikasida huquqiy demokratik davlat qurilishi va fuqarolik jamiyati shakllantirilishi, davlat hokimiyatining tashkil etilishi va faoliyatining takomillashtirilishi, inson huquqlari va erkinliklarining taʼminlanishi, siyosiy tizimning erkinlashtirilishiga doir huquqshunos olimlarning ishlari eʼtiborga loyiqdir.

Adabiyot[править | править код]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil