Ensiklopediya

UzEnc dan olingan
Jump to navigation Jump to search

Ensiklopediya (yunon. ἐγκύκλιος παιδεία — barcha bilimlar doirasida taʼlim olish) yoki qomus ilmiy yoki ilmiy-ommabop nashrdir. Oʻzida barcha (universal ensiklopediya) yoki baʼzi (soha ensiklopediyasi) sohalar boʻyicha nazariy hamda amaliy bilimlarni saqlaydi. Ensiklopediya ensiklopedik maqolalardan iborat boʻlib, har bir maqola biror narsa-buyum, shaxsiyat yoki hodisaga taʼrif beradi. Odatda bunday maqolalar alifbo tartibida saralangan boʻladi.

Oʻzbekistonda sovet davrida 14 jildli Oʻzbek Sovet Ensiklopediyasi, mustaqillik davrida esa 12 jildli Oʻzbekiston Milliy Ensiklopediyasi nashr etildi.

Ensiklopediya (yun.— bilimlar doirasi), qomus — muayyan tizimga solingan keng qamrovli bilimlar toʻplami, ilmiy yoki ilmiy ommabop nashr. "Ensiklopediya" terminining maʼnosi tarixan oʻzgarib turgan. Antik davrda u "erkin sanʼat" deb atalgan 7 ilm (grammatika, ritorika, dialektika yoki logika, geometriya, arifmetika, musiqa va astronomiya)ni anglatgan. 16-asrda Gʻarbiy Yevropada ensiklopediya yangi maʼnoda — turli bilimlar majmui maʼnosida ishlatilgan. Ayni vaqtda bilimlar tasnifi maʼnosini ham bildirgan; bu maʼnoda "Ensiklopediya" termini 18-asrda ham qoʻllangan. Hozirgi paytda "Ensiklopediya" termini fanning barcha sohalari boʻyicha (universal ensiklopediya) yoki biror tarmogʻi (soha ensiklopediyasi) yoxud amaliy faoliyat boʻyicha eng muhim maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi nashrni anglatadi.

Ensiklopediya materiallari, asosan, alifbo tartibida yoki mavzusi boʻyicha beriladi. Universal ensiklopediya, odatda, muayyan davlat miqyosida tuzilib, shu davlatda erishilgan fan-texnika, madaniyat yutuqlari darajasini koʻrsatadi. Unda oʻsha davlatning mafkurasi ozmi-koʻpmi aks etadi. Shu maʼnoda ham universal ensiklopediya milliy ensiklopediya hisoblanib, unga "davlatning shahodatnomasi", "maʼnaviy koʻzgusi" degan sifatlar ham beriladi. Universal ensiklopediyalarda turli fan sohalaridagi muhim tushunchalar bilan bir qatorda tarixiy voqea va jarayonlar, insoniyat sivilizatsiyasining muhim yutuqlari aks etadi. Soha ensiklopediyasi muayyan fan sohasidagi tushuncha va boshqalar maʼlumotlarni universal ensiklopediyaga qaraganda batafsilroq yoritadi. Hajmiga koʻra, ensiklopediyalar koʻp jildli va 1—2 jildli boʻlishi mumkin.

Ensiklopediya maqolalarida soʻzlarning etimologiyasi, transkripsiyasi, definitsiyasi muayyan tartib bilan beriladi. Yoritilayotgan tushuncha haqida koʻproq maʼlumot olish uchun muhim adabiyotlar roʻyxati (bibliografiya) koʻrsatiladi. Ensiklopediya hajmining muayyan qismini bezak materiallar (oq-qora, rangli suratlar, xarita, chizma-sxemalar va boshqalar) tashkil etadi. Ensiklopediya maqolalarida ortiqcha tafsilotlarga, qaytariqlarga yoʻl qoʻyilmaydi (buning uchun tegishli maqolaga havola qilishdan foydalaniladi). Ensiklopediya tayyorlashda fakt va maʼlumotlar aniqligiga, atama va terminlar oʻz oʻrnida, toʻgʻri ishlatilishiga ahamiyat beriladi. Uning bayonida ilmiylik, ommaboplik, qisqalik, loʻndalikka eʼtibor beriladi.

Ensiklopedik tarzdagi asarlar qadimiy Shumer davlatida, Xitoy, Yunoniston, qadimiy Rimda, keyinchalik arab yozuvidagi mamlakatlarda, xususan, Movarounnahrda paydo boʻlgan. Yunonistonda Demokrit va Aristotel asarlari ensiklopedik asarlar hisoblangan. Oʻrta Osiyo mutafakkirlari — Muhammad Muso Xorazmiy, Ahmad al-Fargʻoniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari ham oʻz davridagi bilimlarni atroflicha qamrab olgan. Imom Buxoriyning "Sahihi Buxoriy"si, Forobiyning "Fanlar tasnifi", Beruniyning "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar", Ibn Sinoning "Tib qonunlari", "Donishnoma"si, Yusuf Xos Hojibning "Qutadgʻu bilig", Mahmud Koshgʻariyning "Devonu lugʻotit turk", Alisher Navoiyning "Majolis unnafois", Davlatshoh Samarqandiyning "Tazkirat ushshuaro", Zahiriddin Muhammad Boburning "Boburnoma" asarlari qomuschilik tarixiga qimmatbaho hissa boʻlib qoʻshilgan.

Vizantiya tilshunosi Svidaning "Leksikon"i (10-asr) dan boshlab muayyan tizimga solingan bilimlar lugʻatlart ifodalana boshladi. 17-asr oxiri va 18-asrda Angliyada P. Beylning "Tarixiy va tanqidiy lugʻat"i katta ahamiyatga ega boʻlgan. 1704 yil J. Xarris "Texnik leksikon yoki Umumiy ingliz sanʼat va fan lugʻati"ning birinchi nashrini chiqargan. "Ensiklopediya yoki fan, sanʼat va kasb-hunarlarning izohli lugʻati" (1751—80 yillar, 35 j.)ning yuzaga kelishi Fransiya tarixida yirik ijtimoiy-siyosiy voqea boʻldi. Bu ensiklopediyani tayyorlashda mashhur faylasuf D. Didro asosiy rol oʻynadi; uni nashr etishda Sh.L. Monteskyo, Volter, J.J. Russo, J.D. Alamber ham qatnashgan. 1768—71 yillarda shotland matbaachisi U. Smelli 3 jildli "Britaniya ensiklopediyasi"ni chiqardi. Bir necha marta qayta nashr etilgan ushbu ensiklopediya Angliyaning eng yirik milliy ensiklopediyasi boʻlib qoldi.

19-asr va 20-asrning 1-yarmida Fransiya, Rossiya, AQSH, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Turkiya va boshqalar mamlakatlarda ham universal va soha ensiklopediyalari chiqarildi. Bular ichida "Amerika ensiklopediyasi", "Katta Brokgauz" (Germaniya), "Katta Laruss" (Fransiya), "Islom ensiklopediyasi", Brokgauz va Yefron ensiklopedik lugʻati, Granatlar ensiklopedik lugʻati alohida oʻrin egallaydi.

SSSRda 1925 yildan Katta Sovet Ensiklopediyasi uch nashri, 1928 yildan Kichik Sovet Ensiklopediyasining uch nashri, "Ensiklopedik lugʻat"ning bir necha nashri chiqdi. Ushbu universal ensiklopediyalardan tashqari, turli davrlarda bir necha fan tarmoqlaridan va amaliyotdan soha ensiklopediyalari nashr etildi.

60-yillarning oxiridan sobiq ittifoqdosh respublikalarda universal ensiklopediyalar nashr etishga kirishildi. Jumladan, Oʻzbekistonda 1971—80 yillarda 14 jildli "Oʻzbek sovet ensiklopediyasi" (OʻzSE)nashr etildi. 1bosh muharriri akad. I.M.Moʻminov; 10-jilddan akademik KA.Zufarov. Unda jami 40000 dan ortiq maqola berilgan. OʻzSE maqolalarining ilmiy-nazariy va gʻoyaviy-siyosiy yoʻnalishi markscha-lenincha mafkura bilan belgilangan.

SSSR parchalanib ketgandan keyin undan ajralib chiqqan mustaqil mamlakatlar ichida birinchilardan boʻlib Oʻzbekiston Respublikasida universal milliy ensiklopediya tayyorlashga kirishildi. 1997 yil 20 martda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi "Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi" Davlat ilmiy nashriyotini tashkil etish toʻgʻrisida" qaror qabul qilib, nashriyot zimmasiga 12 jildli "Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi"ni tayyorlash va nashr etishni topshirdi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda, shuningdek, "Toshkent" ensiklopediyasi, 1 jildli Bolalar ensiklopediyasi, Xotin-qizlar ensiklopediyasi, "Islom" ensiklopediyasi va baʼzi fan tarmoqlaridan soha ensiklopediyalari nashr etildi.

Murodjon Aminov.