Ikkinchi jahon urushi

Материал из УзЭнц

Ikkinchi jahon urushi (1939-yil 1-sentabr — 1945-yil 2-sentabr) — insoniyat tarixidagi eng katta urush. Urushni boshlagan natsistlar Germaniyasi, fashistlar Italiyasi va militaristik Yaponiya bir tomondan va bir guruh antifashistik koalitsiyaga kiruvchi davlatlar boshqa tarafdan ishtirok etishgan. Ikkinchi jahon urushi 20-asr fojiasi deb hisoblanadi.

ikkinchi jahon urushida 61 davlat, dunyoning taxminan 80% aholisi jalb qilingan. Urushda ishtirok qilgan mamlakatlarning 110 million aholisi unga safarbar etildi. Harbiy harakatlar 40 davlat hududida boʻlib oʻtdi, barcha harajatlar 4 trillion dollarni tashkil etdi. Urush davomida 62 million kishi (shu jumladan 27 million SSSR fuqarosi) halok boʻldi.

Sabablari, unga tayyorgarlik va urush boshlanishi[править | править код]

Bu urushning kelib chiqishida asosiy rolni fashistlar Germaniyasi oʻynadi. Gʻarb mamlakatlari (Angliya, Fransiya, AQSh) hukmron doiralarining Gitlerni "kelishtirish" siyosati Avstriyani (1939 yil mart), Chexoslovakiyani (1939 yil mart) Germaniyaga qoʻshib olinishiga va Myunxen bitimiga (1939 yil sentabr) yoʻl ochib berdi.

1939 yil 1 sentabrda Germaniyaning bir oʻzi Polshaga bostirib kirdi va ikkinchi jahon urushini boshlab berdi. 3 sentabrda Angliya va Fransiya Germaniyaga qarshi urush eʼlon qildi. SSSR 1939 yil 17 sentabrda Polsha hududiga qoʻshin kiritdi. Koʻp oʻtmay Brestda nemis qoʻmondoni T. Guderian va sovet generali S. M. Krivosheiy qoʻmondonligida Polshaning boʻlib olinishi munosabati bilan qoʻshma sovet-german paradi oʻtkazildi. Albatta, urush yaqinlashayotganini koʻpchilik tushunib turardi. Ammo SSSR uchun unga tayyorgarlik koʻrish uchun vaqt kerak edi. Boʻlmasa koʻriladigan talofat Ulugʻ Vatan urushidan boʻlganidan oʻtib tushishi muqarrar edi.

SSSR ikkinchi jahon urushi boshlanishidan xavotirlanib, chegaralarini mustahkamlashga kirishdi. 1939 yil noyabr - 1940 yil martda SSSR bilan Finlyandiya oʻrtasida harbiy toʻqnashuv boʻldi. Bunda Finlyandiya SSSRga hujum qilgan edi. Oʻzaro urush natijasida SSSR Finlyandiyaning Leningradga chegaradosh yerlarini qaytarib olib, shimoli-gʻarbiy chegaralarini mustahkamlab oldi.

1940 yil aprel-mayda nemis-fashist qoʻshinlari Daniya va Norvegiyani istilo qildi, 1940 yil 14 mayda — Niderlandiya, 28-mayda — Belgiya taslim boʻldi. Shundan soʻng fashist qoʻshinlari Lyuksemburg va Gollandiyani bosib olib, ular hududi orqali Fransiyaga (22 iyunda taslim boʻldi) bostirib kirdi.

1940 yil yozida SSSRning rasmiy talabi bilan Ruminiya Bessarabiya va Shimoliy Bukovinani sovetlarga berdi. 1940 yil iyunda Estoniya, Latviya va Litva SSSRga qabul qilindi. Shunday qilib SSSR oʻz hududidan urushni iloji boricha uzoqlashtirishga harakat qildi va Ittifoqga kirgan davlatlarda aholi hayotini yaxshilashga eʼtibor qaratdi.

1940 yil 27 sentabrda Germaniya, Italiya va Yaponiya davlatlari Berlinda "uchlar ittifoqi"ni tuzish haqidagi shartnomaga imzo chekishdi. 1940 yil 28 oktabrda fashistlar Italiyasi Gretsiyaga bostirib kirdi. 1940 yil 20-24 noyabrda Vengriya, Ruminiya va Slovakiya "uchlar ittifoqi"ga qoʻshildi. 1941 yil martda esa Bolgariyaning monarxiya-fashistik hukumati ham bu ittifoq safiga koʻshilishga rozilik bildirdi.

1940 yil 18 dekabrda Gitler SSSRga qarshi urush haqidagi 21-sonli direktivasi "Barbarossa" rejasiga imzo chekdi. Fashistlar Germaniyasi SSSRga qarshi urush boshlashdan oldin 1941 yil 6—17 aprelda Yugoslaviyani bosib oldi. Shu yilning 13 aprelda SSSR Yaponiya bilan betaraflik haqida kelishib oldi. 1941 yil 20 may - 1 iyunda fashistlar Germaniyasi Krit orolni egalladi. 18 iyunda esa hujum qilmaslik va hamkorlik haqida fashistlar Germaniyasi — Turkiya shartnomasi imzolandi.

Ulugʻ Vatan urushining 1-davri[править | править код]

1969 yil 22 iyunda fashistlar Germaniyasi SSSRga qoʻqqisdan hujum boshladi. Vengriya, Ruminiya, Finlyandiya, Italiya uning tomonida turib urushga kirdi. Shu kuni Angliya hukumati SSSRni Germaniyaga qarshi urushda qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi. 24 iyunda F. Ruzvelt AQSH hukumati SSSRga yordam berishga tayyor ekanligini bildirdi. SSSR Germaniyaga qarshi urushning 1-davri (1941 yil iyun — 1941 yil noyabr) da, asosan, mudofaa harakteridagi janglar olib bordi.

Fashistlar Germaniyasi va ittifoqchilarining tajovuzkorona harakatining tobora avj olishi jahon mamlakatlarini tashvishga soldi. 1941 yil yozida fashistlar Germaniyasiga qarshi koalitsiya tuzish yoʻlida dastlabki qadam qoʻyildi. 1941 yil 12 iyulda SSSR na Buyuk Britaniya hukumatlari fashistlar Germaniyasiga qarshi urushda birgalikda harakat qilish haqida kelishib olishdi. 1941 yil 24 sentabrda Sharl De Goll boshchiligida Ozod Fransiya (1942 yil iyuldan Kurashayotgan Fransiya) milliy qoʻmitasi tuzilib, fashizmga qarshi kurash boshladi. 1941 yil 5 dekabrda nemis-fashist qoʻshinlarining Moskva jangidagi magʻlubiyati Gitlerning "yashin tezligidagi urush" deb atalmish rejasini puchga chiqardi va natijada unga qarshi urushga kirgan mamlakatlar soni ortdi.

1941 yil 7 dekabrda Yaponiya Pyorl-Harborga hujum qilish bilan Buyuk Britaniya va AQShga qarshi urushni boshlab yubordi. 8 dekabrda AQSH, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlar Yaponiyaga, 11 dekabrda esa Germaniya va Italiya — AQShga, shu kuni AQSh fashistlar Germaniyasi va Italiyaga qarshi urush eʼlon qildi.

1941 yil oxiri — 1942 yil boshida Yaponiya Malayziya, Indoneziya, Filippin, Birmani bosib olib, Avstraliyaga tahdid sola boshladi. Sharqiy frontda esa nemis-fashist qoʻshinlari yozgi hujumlar natijasida Kavkaz boʻsagʻasiga, Volga boʻyiga yetib keldi.

1942 yil 1 yanvarda Vashingtonda 26 davlat ishtirokida fashizmga qarshi kurashuvchi davlatlarning harbiy ittifoqi tuzilib, Deklaratsiya qabul qilindi. 1942 yil 26 mayda SSSR va Buyuk Britaniya oʻrtasida fashistlar Germaniyasi va uning Yevropadagi tarafdorlariga qarshi urushda ittifoqchi boʻlish va urushdan keyin oʻzaro yordam va hamkorlik qilish haqida shartnoma imzolandi. 1942 yil yoziga kelib antigitlerchi davlatlar soni yanada ortdi. 1 iyunda Meksika Germaniya, Italiya va Yaponiyaga, 22 avgustda Braziliya Germaniya va Italiyaga, 14 dekabrda Efiopiya — Germaniya, Italiya va Yaponiyaga qarshi urush eʼlon qildi. Sharqda esa yapon militaristlari Gollandiya Hindistonini (12 mart), Filippin orollarini (9 iyun) qoʻlga kiritdi.

Ulugʻ Vatan urushining 2-davri[править | править код]

Sovet qoʻshinlari urushning 2-davri (1942 yil noyabr — 1943 yil oxiri) da Stalingrad jangi va Kursk jangidagi gʻalabalari natijasida Germaniya qoʻshinlari qoʻmondonligi strategik tashabbusni butunlay qoʻldan chiqardi. SSSRda va boshqa hududlarda qarshilik koʻrsatish harakati avj oldi. 1943 yil 13 yanvarda Gitler urushda tashabbusni yana qoʻlga olish maqsadida ommaviy safarbarlik eʼlon qildi, lekin shunga qaramasdan 1943 yil may oyiga kelib Shimoliy Afrika (q. Shimoliy Afrika kampaniyasi), Angliya—AQSH qoʻshinlari tomonidan ozod qilindi. 1943 yil iyul-avgust oylarida Angliya—Amerika desant qoʻshinlari Sitsiliya orolga tushirildi. 1943 yil 25 iyulda Italiyada Mussolini osib oʻldiriddi va fashistlar rejimi tugatildi. 3 sentabrda Italiya soʻzsiz taslim boʻlganligi haqidagi hujjatga imzo chekdi.

1943 yilga kelib fashizmga qarshi boʻlgan kuchlar tobora kuchayib bordi. 1943 yil 3 iyunda Jazoirda Fransiya milliy ozodlik qoʻmitasi tuzildi. 12—13 iyulda Germaniyada Ozod Germaniya milliy qoʻmitasi tashkil qilindi. Avgust — sentabr oylarida Bolgariya vatanparvarlari frontining milliy qoʻmitasi yuzaga keldi. 1943 yil sentabr—oktabr oylarida partizanlar bilan Kurashayotgan Fransiya harakati qismlari hamkorligida Korsika orol ozod etildi. 1943 yil 16 yanvarda Iroq, 7 aprel da Boliviya Germaniya, Italiya va Yaponiyaga qarshi urushga kirdi. 1943 yil 13 oktabrda Italiya oʻzining sobiq ittifoqchisi Germaniyaga qarshi urush eʼlon qildi. SSSR, Angliya va AQSH hukumatlari Italiyani "birgalikda urushayotgan mamlakat" deb tan oldi. 1943 yil 27 noyabrda Kolumbiya Germaniyaga qarshi urushga qoʻshildi. SSSR, AQSH va Angliya huqumat boshliqlari Tehron konferensiyasida Angliya — Amerika qoʻshinlarini Shimoliy Fransiyaga tushirish yoʻli bilan Yevropada ikkinchi frontni ochish gʻoyatda muhim ekanligini tan olishdi.

Fashizmga qarshi urushning 3-davri[править | править код]

Fashizmga qarshi urushning 3-davri (1944 yil yanvar— 1945 yil may) boshlarida sovet qoʻshinlari SSSR hududining deyarli hammasini ozod qildi. Ittifoqchilar 1944 yil 6 iyunga kelibgina Fransiyaga oʻz qoʻshinlarini tushirib, Yevropada ikkinchi frontni ochdilar va sentabrda Fransiya qarshilik koʻrsatish harakati kuchlarining faol ishtiro-kida Fransiya hududining deyarli ham-masi fashist bosqinchilaridan ozod qilindi. 1944 yil 27 martda sovet qoʻshinlari Ruminiya hududiga kirib bordi. 13 martda SSSR, AQSH va Buyuk Britaniya hukumatlari Germaniya tomonida turib urushayotgan Vengriya, Ruminiya, Bolgariya va Finlyandiyaga urushni toʻxtatish haqida murojaat qildi. Natijada bu mamlakatlarda fashizmga qarshi boʻlgan kuchlar harakati faollashdi. 1944 yil mayda Ruminiyada fashizmga qarshi Birlashgan ishchilar fronti, Vengriyada esa Vatanparvar kuchlar fronti, (2 dekabrdan Milliy mustaqillik fronti) yuzaga keldi. 21 iyulda Polshada Milliy ozodlik qoʻmitasi tashkil boʻldi.

1944 yil 25 iyulda Gitler mamlakatda "oʻta ommaviy safarbarlik" eʼlon qildi. Gitlerning bu tadbiri ham yordam bermadi. U bosib olgan mamlakatlarda ozodlik harakatlari avj oldi. 1944 yil avgust—2 oktabrda Varshavada, 19—25 avgustda Parijda, 23 avgustda Ruminiyada, 6— 10 sentabrda Bolgariyada fashist bosqinchilariga qarshi qurolli qoʻzgʻolonlar boʻldi. Natijada, jahon urushi maydonida kuchlar nisbati tubdan oʻzgardi. Germaniya ittifoqchilari oʻrtasida parokandalik boshlandi. 1944 yil 26 yanvarda Liberiya, 24 avgustda Ruminiya, 15 sentabrda Finlyandiya, 28 dekabrda Vengriya, 1945 yil fev.da Peru, Urugvay, Venesuela, Turkiya, Misr, Livan, Suriya, Saudiya Arabistoni, Paragvay, Ekvador, Chili kabi mamlakatlar, 27 martda esa Argentina fashistlar Germaniyasi va Yaponiyaga qarshi urush eʼlon qildilar.

Sovet qoʻshinlari 1944 yil oʻrtalarida Markaziy va Janubi-sharqiy Yevropa mamlakatlarini vatanparvar kuchlar yordamida ozod qilishga kirishdi. Shu yili ittifoqchi qoʻshinlar Shimoliy Italiyani va Gʻarbiy Germaniyaning bir qator rayonlarini ozod qildi. 1945 yil 4—11 fevralda SSSR, AQSH va Angliya davlat rahbarlari ishtirokida boʻlgan Qrim (Yalta) konferensiyasida, Germaniyani batamom tormor kilish rejalari, shuningdek, dunyoning urushdan keyingi siyosiy tuzilishi masalalari xususida kelishib olindi.

Amerika—Angliya kurolli kuchlari Tinch okeanidagi Marshall va Mariana orollarini (1944), Filippinni va Yaponiyaning Okinava orolni (1945) egalladi. 1945 yil 25 aprelda sovet va Amerika qoʻshinlari Elbada uchrashdi. 3 mayda Angliya qoʻshinlari Birma qarshilik harakati kuchlari bilan hamkorlikda poytaxt — Rangunni ozod qildi.

1945 yil 2 mayda sovet qoʻshinlari Berlinni ishgʻol qildi. A. Gitler oʻzini oʻldirdi. 8 maydan 9-mayga oʻtar kechasi Berlin yaqinidagi Karlsxorstda Germaniya oliy qoʻmondonligi vakillari fashistlar Germaniyasining 2-jahon urushida soʻzsiz taslim boʻlganligi haqidagi hujjatga imzo chekdi. Ulugʻ Vatan urushida SSSRga hujum qilgan fashist bosqinchilar Qizil Armiya va sovet xalqi tomonidan batamom tormor etildi. Shu-shu 9-may Gʻalaba kuni nishonlanadi.

9-mayda sovet qoʻshinlari, chex qarshilik harakati kuchlari ishtirokida Chexoslovakiyaning poytaxti Pragani ozod qildi.

SSSR, AQSH va Angliya hukumatlari boshliqlarining Berlin konferensiyasi, asosan, Germaniya masalasi, uning keyingi taqdiri va taraqqiyot yoʻli, uni demilitarizatsiyalash va demokratiyalash masalasi koʻrildi. Konferensiyada SSSR hukumati Yaponiyaga qarshi ittifoqchilar bilan birgalikda urushga kirishini yana bir bor taʻkidladi.

AQShning havo kuchlari harbiy zaruriyat yoʻqligiga qaramay Yaponiyaning Xirosima (1945 yil 6 avgust) va Nagasaki (9 avgust) shaharlariga atom bombalari tashladi. Buning natijasida har ikki shahar aholisidan 102 mingga yaqin kishi halok boʻldi, 16 ming kishi bedarak ketdi, 61 ming kishi yarador va 324 ming kishi kuchli radiatsiya bilan zaharlandi.

1945 yil 8 avgustda SSSR olgan majburiyatiga binoan Yaponiyaga urush eʼlon qildi va 9 avgustda unga qarshi harbiy harakatlarni boshladi. SSSR bilan birgalikda, 10 avgustda Mongoliya Xalq Respublikasi (MXR), 11 avgustda Xitoy xalq ozodlik armiyasi yapon bosqinchilariga qarshi urushga kirishdi.

Manjuriyadagi yapon qoʻshinlari sovet armiyasi tomonidan tormor qilingach, Yaponiya 1945 yil 2 sentabrda soʻzsiz taslim boʻlganligi haqidagi hujjatga qoʻl qoʻydi. Shu tariqa Ikkinchi jahon urushiga yakun yasaldi.

Nyurnberg sud jarayoni[править | править код]

Nyurnberg sud jarayoni (1945 yil 20 noyab.— 1946 yil 1 oktabr)da natsist harbiy jinoyatchilari ustidan xalqaro sud oʻtkazilib, unda 20 kishi: G. Gering (u oʻzini oʻldirdi), V. Keytel, E. Kaltenbrunner, I. Ribbentrop, G. Gess va b. adolatli jazolandi. Fashistik tashkilotlar: Natsional-sotsialistik partiya (natsistlar), Gestapo, SS, SD, butun insoniyatga qarshi qaratilgan jinoyatchi tashkilotlar deb eʼlon qilindi. Nyurnbergda boʻlib oʻtgan bu xalqaro sud ikkinchi jahon urushiga soʻnggi nuqtani qoʻydi.

Ulugʻ Vatan urushi[править | править код]

Asosiy maqola: Ulugʻ Vatan urushi

1941-yil 22-iyunda Germaniya SSSRga hujum qilgach, bizning mamlakat ham ushbu urush girdobiga tortilgan edi.

Ulugʻ Vatan urushi yillarida fashizmga qarshi qoʻlga qurol olib jang qilgan oʻzbekistonlik jangchilarning umumiy tarkibidan 263.000 dan ziyod kishi halok boʻldi, 132.670 kishi bedarak yoʻqoldi, 60.452 vatandoshimiz urushdan nogiron boʻlib qaytdi.

Oʻzbekiston Respublikasida 35 jildli Xotira kitobi tayyorlanib, nashr qilindi. Toshkentdagi Mustaqillik (oldingi Lenin) maydoni xiyobonida maxsus majmua qurildi (2000).

Shuningdek qarang[править | править код]

Adabiyot[править | править код]

  • Вторая мировая война: краткая история. Москва, 1984;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Xotira kitobi — Книга памяти Республики Узбекистан [maxsus jild], Toshkent, 1995;
  • Fashizm ustidan qozonilgan gʻalabada Oʻzbekistonning tarixiy hissasi. 1941 — 1945 [Ilmiy-nazariy konferensiya materiallari], Toshkent, 1996;