Intelligensiya

Материал из УзЭнц

Intelligensiya, ziyolilar (рус. Интеллигенция) — aqliy mehnat bilan shugʻullanuvchi kishilar.

Intelligensiya deganda noodatiy holatlarda tezda chorasini topa oladigan, narsa-buyum yoki jarayonning mohiyatini toʻgʻri va darhol anglab oladigan, umuman, aql-farosatni ishlata olish, tez fikr yuritish va xulosa chiqarish qobiliyatiga ega boʻlgan odamlar tushuniladi.

Intelligensiya atamasi xalqaro miqyosda qoʻllanilib, OʻzRda baʼzida ziyolilar deb ham yuritilinadi. Intelligensiya atamasining oʻzagida lotincha intelligentia, intellegentia — aqlli, bilimli, idrokli kishi degan maʼno yotadi. Intelligensiya soʻzini rus yozuvchisi P.D. Boborikin (1836—1921; рус. П.Д. Боборыкин) muomalaga kiritgan. Bundan soʻng intelligensiya soʻzi rus tilidan boshqa tillarga, shuningdek oʻzbek tiliga ham kirib kelgan. Oʻzbek tilidagi ziyoli soʻzining oʻzagida ziyo, nur maʼnosi yotadi. Ziyo soʻzi ilm, maʼrifatni ifodalashda qoʻllanadi, ziyoli soʻzi ilmli, maʼrifatli, bilimdon kishi maʼnosini anglatadi. Intelligensiya yuksak axloqlilik va fidoyilik timsoli, yaxshi fazilatlarga ega boʻlgan, turli suyeveriyalardan holi insonlar hisoblanadi. Yovuzlik, tajovuzkorlik, shafqatsizlik, ochkoʻzlik singari tuban xususiyatlar ziyolilikka ziddir. Oʻzida bunday salbiy sifatlar boʻlgan intelligensiya aql-idrokni, ilmni yovuz maqsadlarga xizmat qildirishi mumkin.

Intelligensiya tarixda mehnatning jismoniy va aqliy mehnatga ajralishi tufayli vujudga kelgan. Dastlab odamlar, asosan, jismoniy mehnat bilan tirikchilik qilishgan boʻlsa, davrlar oʻtishi bilan jamiyatda aqliy mehnatga ehtiyoj paydo boʻldi. Kishilarga ilm-maʼrifat oʻrgatuvchi oʻqituvchilar, davolovchi shifokorlar, muhtojlarga taskin beruvchi ruhoniylar, kishilarni maʼnaviy-ruhiy, estetik tarbiyalovchi yozuvchi, musiqachi, rassomlardan iborat ijtimoiy qatlam shakllanib, rivojlana bordi. Shu tarzda kishilar mehnat sharoitining oʻzgarib borishi bilan aqliy mehnatning mavqei kuchayib, koʻlami kengayib bordi. Bu esa intelligensiya sonining oshishiga olib keladi. Intelligensiya koʻpaygan sari jamiyatda maʼnaviy yuksalish yuz beradi. Intelligensiya xalqni maʼnaviy yetaklab boruvchi qatlam hisoblanadi. Bu qatlam erkin fikrlovchi, oʻzining mustaqil qarashlariga ega boʻlgan kishilardan iborat. Hur fikr hamma vaqt ham jamiyatni boshqaruvchilarning manfaatlariga moye kelavermagan.

Sotsiologlar jamiyatdagi ijtimoiy qatlamlarni oʻrganishda intelligensiyani tarkibi murakkab boʻlgan ijtimoiy tabaqa sifatida taʼriflaydilar, bu tabaqa bir necha guruhlarga ajratiladi. Ularni:

  1. aholiga xizmat koʻrsatish yoʻnalishidagi intelligensiya (oʻqituvchi, vrach va boshqalar);
  2. muhandis-texnik xodimlar;
  3. ruhoniylar;
  4. madaniyat xodimlari;
  5. jamiyatni boshqaruvchi amaldorlarga ajratish mumkin.

Bundan tashqari, intelligensiyani yashash joylariga qarab qishloq intelligensiyasi, shahar Intelligensiyasi; yoshiga koʻra; jinsiga koʻra; yashaydigan mintaqasi, mamlakatiga koʻra; shugʻullanayotgan kasbining mazmuniga koʻra; qay darajadagi mulkka egaligiga koʻra; avlod-ajdodlarining tabaqasiga koʻra guruhlarga boʻlish mumkin. Soʻnggi davrdagi ijtimoiy taraqqiyot mehnatning mazmunini keskin oʻzgartirib yubordi. Aqliy mehnat talab qiluvchi yangi-yangi ish sohalari vujudga keldi. Yuksak rivojlangan texnika, ilgʻor texnologiyaning kuchayishi bunday mehnatga boʻlgan ehtiyojni har qachongidan ham oshirib borayotir. Intellektual jihatdan yuksak rivojlangan davlatlargina dunyoda ustuvor mavqeini egallamoqda. Bu hol intelligensiya va ziyolilikning mohiyatiga yangicha yondoshishni, intelligensiyaning jamiyat hayotidagi roli masalasini chuqurroq oʻrganishni taqozo qiladi.[1]

Manbalar[править | править код]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil