Materializm

Материал из УзЭнц

Materializm (lot. materialis — moddiy, рус. Материали́зм) — falsafadagi asosiy oqimlardan biri; moddiy, tabiiy, jismoniy olamning obyektiv ravishda, yaʼni uning iroda, ruh, ongga bogʻliq boʻlmagan holda mavjudligini va ularga nisbatan birlamchiligini taʼkidlashga asoslangan falsafiy taʼlimot. Idealizmning alternativasi.

Materializm ruhiy hodisalar va qadriyatlarning mustaqil mavjudligini inkor etadi va ularni olamning birlamchi boʻlgan moddiy asosi rivojining oliy darajasida vujudga keladigan xossa va munosabatlari tarzida talqin qiladi. Materializmning gnoseologik (bilishdagi) ildizini amaliyot, insonning voqelikni oʻzgartirishga qaratilgan olamshumul tarixiy tajribasi tashkil etadi. Materializmga tabiatshunoslik fanlari, texnikaga alohida eʼtibor bilan qarash xosdir.

Materializm fransuz maʼrifatchiligi davrida (J. Lametri, P. Golbax, D. Didro va boshqalar) ravnaq topdi, ammo, Yevropa falsafiy fikriga hal qiluvchi darajada taʼsir etish mavqeiga 19-asrdagina (K. Marks, F. Engels, L. Feyerbax va boshqalar) erishdi.

Materializmning u yoki bu shakldagi namunalari, unsurlari, rivojlanish yoʻllari azaldan Sharqda ham, Gʻarbda ham mavjud boʻlgan. Biroq, materializm, asosan, Gʻarbda yaqqol shakllangan hodisa boʻlib, uning oʻziga xos shakllardagi rivojini mazkur maʼnaviy madaniyat taraqqiyotidagi deyarli barcha bosqichlarda kuzatish mumkin.

Materializm — mohiyatan oʻz maqsadlarini oʻzining mavqei (koʻp sonliligi va oʻzini muayyan jismoniy kuch, deb his etishi) tufayli roʻyobga chiqarishga umid qiluvchi, avom maʼqul koʻradigan fikrlash tarzidir.

Farqlanishi[править | править код]

Materializmning quyidagi koʻrinishlarini farqlash mumkin:

  1. Tabiiy materializm. U materiyada, xususan, uning muayyan tarkibiy tuzilishida (masalan, atomlarda) pirovard jismoniy voqelikni koʻradi (klassik mexanika); eng yangi (kvant) fizika maʼlumotlari bu materializm tamoyillariga jiddiy putur yetkazdi.
  2. Biologik yoki fiziologik materializm. U jon va ruhga nisbatan yuqoridagi qarashni tiqishtiradi hamda moddiylik va gʻayrimoddiylikning oʻzaro tub farqini inkor etadi.
  3. Axloqiy materializm foydali narsalarni yoki manfaat uchun foydalanish mumkin boʻlgan qadriyatlarnigina eʼtiborga loyiq deb hisoblaydi va mustaqil nomoddiy olamning mavjudligini inkor qiladi.
  4. Dialektik materializm — kommunistik davlatlarning rasmiy falsafasi, uning siyosati va fanining uslubiy asosi boʻlib xizmat qilgan. 19-asrda K. Marks va F. Engels tomonidan Gegel dialektikasini yaxlit materialistik dunyoqarashga aylantirish asosida shakllangan hamda oʻz ichiga tarixiy materializm — tarixni materialistik tushunish nazariyasini olgan.

Odatda, "Materializm" tushunchasi realizm (tafakkurga bogʻliq boʻlmagan va ongdan tashqarida mavjud boʻlgan reallik) maʼnosida ham qoʻllaniladi.[1]

Materializm oddiy qilib aytganda, voqelikni moddiy sababga asoslanib tushuntiruvchi taʼlimotdir.

Manbalar[править | править код]

Adabiyot[править | править код]

  • Gunnar Skirbekk, Nils Gilye, Falsafa tarixi [rus tilidan I. Soifnazarov va J. Mahkamov tarjimasi], T., 2002;
  • Горбачёв В.Г., Основы философии [Курс лекция], Материализм, 1998.