Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi

Материал из УзЭнц

Sovet ittifoqi Kommunistik partiyasi (KPSS, Коммунистическая партия Советского союза) — 1898-1991 yillarda Rossiya, RSFSR, SSSRda faoliyat koʻrsatgan siyosiy partiya.

1898 yil martdan — RSDRP, 1917 yil apreldan — RSDRP(b), 1918 yil martdan — RKP(b), 1925 yil dekabrdan VKP(b), 1952 yil oktabrdan — KPSS.

Dastlab sotsial-demokratik ishchilar partiyasi sifatida tashkil topdi. 1903 yil iyul—avgustda boʻlgan partiyaning 2-syezdida u bolsheviklar va mensheviklarta ajraldi. Bolsheviklarga Vladimir Lenin, mensheviklarga L. Martov va Georgiy Plexanov yetakchilik qilgan.

1917 yilgi Oktyabr inqilobi natijasida bolsheviklar Rossiyada hokimiyat tepasiga keldi va avval Vladimir Lenin, keyinchalik (1920 yillardan) Iosif Stalin boshchiligida davlat rejimining tayanchi boʻlib qoldi. KPSS aʼzolari soni 1917 yil taxminan 40 ming kishini tashkil etgan boʻlsa, 80-yillarning oʻrtalarida 19 million kishigacha yetdi.

Partiyaning 8-syezdida (1919) qabul qilingan dastur kapitalizmdan sotsializmga oʻtish prinsiplarini umumiy tarzda eʼlon qildi. 1920-yillar boshiga kelib bolshevik rahbarlar mamlakatdagi boshqa barcha siyosiy partiyalar faoliyatini man qildi. Kommunistik partiya markazda ham, joylarda ham hokimiyatning barcha dastaklarini oʻz qoʻliga olgan yagona siyosiy partiya boʻlib qoldi. 1922-yildan partiya MK bosh kotibi lavozimini egallab kelgan Iosif Stalin guruxi partiyaning Trotskiy va Zinovyev, Buharin va Rikov singari boshqa rahbarlari ustidan keskin kurashlarda gʻalaba qozonishi (20-yillarning oxiri — 30-yillarning boshi) oqibatida bir partiyalik tizim mustahkamlandi. Ijtimoiy jarayonlarga KPSS rahnamolik qildi.

20-syezd (1956)da Nikita Xrushchyov boshliq partiya rahbarligining bir qismi Stalin shaxsiga sigʻinishni, nohaq qatagʻonlar va rahbarlikning avtoritar usullarini fosh qilib chiqdi.

KPSSning 22-syezdida (1961) qabul qilintan partiyaning yangi dasturida SSSRda sotsializm "toʻla va uzilkesil" gʻalaba qozonganligidan kelib chiqib, mamlakat "kommunizm qurilishi avj oldirilgan" davrga kirganligi eʼlon qilindi. Ammo keyingi voqealar bu dasturdagi asosiy qoidalar xomxayolligini koʻrsatdi. 60-yillarning oxiridan boshlab partiya va u boshchilik qilayotgan siyosiy tizim turgʻunlik (zastoy) bosqichiga kirdi, partiya rahbarligida Leonid Brejnev boshchiligidagi konservativ kuchlar ustunlik qildi; mamlakatning iqtisodiy rivojlanish surʼatlari keskin pasaydi. SSSR Konstitutsiyasi (1977) KPSSning sovet jamiyatining raxbar va yoʻnaltiruvchi kuchi sifatidagi mavqeini huquqiy jihatdan mustahkamlab koʻydi.

1985-yildan Mixail Gorbachov boshchiligidagi partiyaning oliy rahbarligi sovet jamiyatini qayta qurish va demokratiyalashtirishga urindi. KPSSning 27-syezdi (1986) "Yangi tahrir"dagi dasturni qabul qildi. Unda "kommunizm qurilishi" toʻgʻrisidagi qoida "sotsializmni takomillashtirish" toʻgʻrisidagi tezis bilan almashtiriddi. 28-syezd (1990) keskin bahslardan soʻng 1986-yilgi dasturni amalda bekor qilgan va KPSSning asta-sekin "demokratik sotsializm" pozitsiyalariga oʻtishini eʼlon qilgan partiya "platformasi"ni tasdiqladi. Bu paytga kelib KPSS ichida bir-biriga qarshi turgan bir qancha oqimlar paydo boʻldi. KPSS va sovet jamiyatidagi tanazzul tobora kuchaydi.

1991-yil Rossiya Federatsiyasining Prezidenti Boris Yeltsin farmoni bilan KPSS faoliyati Rossiya hududida toʻxtatildi va partiyaning tashkiliy tuzilmalari tarqatib yuborildi. 1992-yil va undan keyingi yillar Rossiyada bir kancha kommunistik partiyalar va tashkilotlar tuzildi. Ularning eng yirigi Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasi (KPRF) hisoblanadi.

KPSS rahbarligi davrida butun jamiyat, aslida, "kommunist — komsomol — pioner — oktyabryata" zanjiriga birlashtirilgan edi. Barcha kommunistik gʻoyani qabul qilishga undaldi. Ammo reallikda mamlakatda xalqdan ajralib qolgan, ishi bilan soʻzi mos kelmaydigan, faqat oʻz manfaatini oʻylaydigan, jamiyatda boshqalardan koʻra yaxshiroq yashaydigan oʻziga xos siyosiy qatlam vujudga keldi.

KPSS baynalmilal siyosatga amal qilish bahonasida oʻz gʻoyasi va taʼsirini jahonga tarqatishga, xalqaro kommunistik harakatni kuchaytirishga urindi. Shu asosda 2-jahon urushidan keyin Sharqiy Yevropa davlatlari, keyinroq Osiyo va Afrikadagi ayrim mamlakatlarga, Kubaga markscha-lenincha gʻoya katta rol oʻynay boshladi. Natijada dunyoda mafkuraviy-siyosiy qarama-qarshiliklar kuchaydi.

Oʻzbekiston Kommunistik partiyasi (OʻzKP) KPSSning tarkibiy qismi boʻlgan edi. 1918-yil Turkiston kommunistik partiyasi, Buxoro kompartiyasi va 1920-yilda Xorazm kompartiyasi tuzilgan. Bu partiya tashkilotlari asosida OʻzKP oʻzining 1925 yil 6—12 fevralda Buxoroda boʻlgan 1-syezdida tashkiliy jihatdan rasmiylashgan. Oʻsha paytda tarkibida 8350 nafar partiya aʼzosi bor edi. 1988 yil boshlarida Oʻzbekiston kommunistlari 640 ming 677 kishi boʻlgan. Oʻzbek xalqi tarixida 20-asrda yuz bergan koʻplab sahifalar kommunistik partiya faoliyati bilan bogʻliqdir. Bu partiyaning mutlaq hukmronligi butun ittifoqda boʻlgani kabi Oʻzbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotiga ham taʼsir koʻrsatdi. Oʻzbekiston partiya tashkiloti respublika manfaatlarini hisobga olmasdan (koʻpincha bu manfaatlarga zid keladigan) markazda ishlab chiqilgan qarorlarni bajarib keldi. Maʼmuriy-buyruqbozlik usullari bilan ish olib borgan partiya qoʻmitalari joylardagi har qanday mustaqil fikr va tashabbuslarni boʻgʻar, demokratik asoslarni yoʻqqa chiqarardi. Markaz VKP(b) MK Oʻrta Osiyo byurosi orqali Oʻzbekistondagi vaziyatni boshqarib turgan. Keyinchalik respublikalarni boshqarish uchun "ikkinchi kotib" tartiboti shakllantirildi. Oʻzbekiston KP MK va viloyatlarning partiya qoʻmitalarida 2-kotiblar qoʻlida nazorat hokimiyati toʻplangan. Hukmron kompartiya rejimiga qarshi chiqqan barcha kishilar, ularni himoya qilganlar qatagʻonga uchradi (q. Repressiya). Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach kommunistik partiya Oʻzbekiston xalq demokratik partiyasiga aylantirildi.

Adabiyot[править | править код]