Bilingvizm

Материал из УзЭнц

Bilingvizm, Ikki tillilik — 2 tilni yoki muayyan adabiy til va uning dialektini mukammal bilish.

Bu ijtimoiy talab yoki biror sabab bilan yuzaga keladi. Uning tabiiy vujudga kelishiga bir davlat hududida ikki va undan ortiq xalq vakillarining jips yashashi ham sabab boʻladi.

Bilingvist odam miyasi bir nechta sezilarli afzalliklarga ega boʻladi. Baʼzilarini hattoki koʻrish mumkin: kulrang moddaning koʻproq zichlikga ega boʻlishidir. Bundan tashqari ikkinchi tilni ishlatganda miyaning baʼzi bir qismlarining faollanishining koʻpayishi kuzatiladi. Buni miyani charxlash deb aytishimiz mumkin.

Hozirgi kunda bilingvizmning kognitiv afzalligi juda tushunarli koʻrinadi. Ammo oʻz vaqtida bu ekspertlarni lol qoldirgan. XX asrning 60-yillarigacha ikki tillilik, tillar orasida doimiy oʻtishga kerak boʻlgan energiyani sarflagani uchun, bola rivojlanishni sekinlashtiradigan toʻsiq deb hisoblangan. Ushbu nuqtai nazar birinchi navbatda notoʻgʻri boʻlgan ilmiy ishlarga asoslangan edi. Oxirgi paytdagi tadqiqotlar bir necha til bilish insonning qaror qabul qilish, vazifalar oʻrtasida oʻtish, eʼtiborni jamlash kabi fazilatlarini rivojlanishiga olib kelishini tasdiqlab berdi.

Oʻzbek mumtoz adabiyotining (Oʻrta asrlar) koʻpgina vakillari ham oʻzbek, ham fors tilini yaxshi bilganlar. Masalan, Alisher Navoiy oʻz ona tili — turkiy til bilan bir qatorda fors tilini ham juda yaxshi bilgan. Bu tildagi asarlarini toʻplab devon ("Devoni Foniy") tuzgan. Bu devoni forsiy til shoirlar, xususan, Jomiy tomonidan yuksak baholangan.

Ikki tilda ijod qiladigan adiblar hozir ham uchraydi. Jumladan, mashhur qirgʻiz yozuvchisi Chingiz Aytmatov qirgʻiz va rus tillarida erkin ijod qiladigan yozuvchidir. Umuman ikki tillilik ijtimoiy hodisa sifatida tillarning boyishi, rivojlanishi, umumbashariy madaniy saviyaning oshishiga muhim taʼsir etuvchi omildir.[1] Tillarning bir-biriga har qanday taʼsir koʻrsatishi bilingvist odamlar boʻlishini talab etadi.

Oʻzbekiston Respublikasida rus tili keng oʻrganiladi va mamlakat hayotida oʻz mavqei va oʻrniga ega. Mamlakat aholisining katta qismi oʻzbek va rus tillarini bilgani bois, ularni bilingvistlar deb atasak boʻladi. Rus tili bilan birga boshqa chet tillari ham oʻrgatilinmoqda.

Manbalar[править | править код]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil