Havo transporti

Материал из УзЭнц

Havo transporti, aviatsiya transorti — yoʻlovchilar, pochta va yuklarni havo yoʻllari orqali tashishni amalga oshiradigan transport turi. Uning afzalligi shundaki, yuqori uchish tezligi hisobiga tashish vaqtini juda tejaydi, yer va suv yoʻllari boʻlmagan manzillar bilan bevosita transport aloqasini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini yaratadi.

Dastlabki havo transporti Birinchi jahon urushidan keyin Yevropa va Amerika davlatlarida vujudga keldi. Germaniya va Fransiyada transport turi sifatida 1920—21 yillarda rivojlandi. Oʻzbekiston SSRda birinchi havo yoʻli 1929 yil 12 mayda ochildi. Uzunligi 800 km boʻlgan Toshkent—Avliyo-ota (Taroz) — Pish-pek (Bishkek) — Olma-ota marshrutida Rossiya koʻngilli havo floti jamiyati ("Dobrolyot")ning Oʻrta Osiyo boʻlimi (Kogon shahri)ga qarashli Germaniyadan sotib olingan "Yunkers—13" samolyotlarida dastlabki yoʻlovchilar tashish reysi amalga oshirildi. Shu yili uzunligi 450 km boʻlgan Kogon—Oq-toʻqay—Dargʻonota—Xiva hamda Buxoro—Termiz—Dushanba havo yoʻllari ochildi. 1924 yilda Havo transportida jami 1000 yoʻlovchi, 200 kg pochta joʻnatmalari, 5 t yuk tashildi. 1930-yillar boshidan Oʻzbekiston SSR havo transportida yuk va yoʻlovchilar tashish ommaviy tus oldi, 1930 yildan Toshkent—Moskva yoʻlida samolyotlar muntazam qatnay boshladi. Toshkent (1932), Nukus va Urganch (1939), Termiz (1940), Namangan (1941) shaharlarida aeroportlar qurilib ishga tushirildi.

Ulugʻ Vatan urushidan keyingi yillarda Il—12, Il—14. Li-2 va turli modifikatsiyadagi An—2 samolyotlari Toshkent parklariga berildi. 1957—58 yillarda havo yoʻllarida Tu—104, P—18, An-24, Yak-40 samolyotlari, Mi-1, Mi-2, Ka-26 vertolyotlari oʻzlashtirildi, mahalliy havo kemalarida An—24, Yak—40 samolyotlari qatnay boshladi. Ayni vaqtda dalalarga mineral oʻgʻitlar va zararkunanda hasharotlarga qarshi preparatlar sepishda, gʻoʻzani defoliatsiya qilish ishlarida aviatsiyadan keng foydalanildi. Qoʻqon (1947), Samarqand (1948), Qarshi (1955), Buxoro (1963) va Toshkent yaqinidagi Sergeli (1961) da yangi aeroportlar qurildi. 1974 yildan Il-62, 1977 yildan Tu—154 samolyotlari, 1982 yil dekabrdan Il—86 aerobuslari respublika havo yoʻllarida ucha boshladi.

1980 yilga kelib Oʻzbekiston havo transporti havo yoʻllarining uzunligi 155 ming km dan ortiq boʻldi (shu jumladan, mahalliy havo yoʻllari uzunligi 60,1 ming kilometrni tashkil etdi).

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka eʼlon qilganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga muvofiq, 1992 yil 28 yanvarda sobiq Ittifoq Fuqaro aviatsiyasi vazirligi tasarrufida boʻlgan Oʻzbekiston Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi negizida "Oʻzbekiston havo yoʻllari" milliy aviakompaniyasi tashkil etildi.

Havo transporti Oʻzbekiston iqtisodiyotida yetakchi tarmoqlardan biri hisoblanadi, mamlakatning tashqi dunyo bilan xalqaro, iqtisodiy, diplomatik, madaniy aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Toshkent, Nukus, Samarqand, Buxoro, Urganch, Termiz, Qarshi, Namangan, Fargʻona, Navoiy shaharlarida zamonaviy jihozlangan aerovokzal (aeroport)lar ishlaydi. Toshkent aeroporti Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik xalqaro aeroport hisoblanadi. Buxoro, Samarqand, Urganch aeroportlari ham xalqaro aeroport maqomiga ega. "Oʻzbekiston havo yoʻllari" milliy aviakompaniyasi muntazam holda 20 ta xalqaro reyslarni amalga oshiradi. Yevropa, Amerika, Janubi-Sharqiy Osiyo, MDH davlatlari shaharlarida uning 44 ta vakolatxonalari ochilgan. Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston Respublikasi hukumati yordamida aviatsiya tarmogʻiga 1 mlrd. 200 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritildi va rivojlangan zamonaviy infratuzilma barpo etildi.

Barcha xalqaro reyslar "Boing" 767/757, A-310, Yu-85 rusumli samolyotlarda bajariladi. "Oʻzbekiston havo yoʻllari" milliy aviakompaniyasi Yevropadagi yirik "Erbas Indastri", AQShning "Boing" kompaniyalari, Rossiyaning "Ilyushin" konstruktorlik byurosi, Germaniya, Fransiya firmalari bilan turli sohalarda hamkorlik qiladi. Shunday hamkorlik natijasida 1993 yildan milliy avia-kompaniya sotib olgan "Erbas" A—310— 300 aerobuslari, "Boing" laynerlari xalqaro reyslarda yoʻlovchilarga xizmat qoʻrsata boshladi. 2004 yilda "Oʻzbekiston havo yoʻllari" milliy aviakompaniyasi 3 ta "Boing 757" va "Bo-ing 767" samolyotlarini sotib oldi va Gʻarb mamlakatlarida ishlab chiqarilgan samolyotlari soni 16 taga yetdi.

Respublika havo transporti uchun uchuvchilar, texnika xizmati tarkibi, yerdagi xizmat xodimlari "Oʻzbekiston havo yoʻllari" milliy aviakompaniyasining uchish oʻquv-texnika markazi (1943 yil 15 mayda tashkil etilgan), Toshkent aviatsiya instituti (hozirda yopilgan) tayyorlanadi. 2003 yilda Oʻzbekiston havo transportida 0,8 mln. yoʻlovchi, 5,9 ming t yuk tashildi, yoʻlovchi aylanmasi 3956,5 ming yoʻlovchi km ni, yuk aylanmasi 95,3 ming t km ni tashkil etdi.

Chet mamlakatlarda havo transporti AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va boshqa davlatlarda rivojlangan. Bu mamlakatlardagi aviakompaniyalarda 300 va undan ortiq yoʻlovchiga moʻljallangan fuqaro samolyotlari, ogʻir yuk transport samolyotlari keng qoʻllanadi.