Soliq

Материал из УзЭнц

Soliq — davlat tomonidan amaldagi qonunlar asosida yuridik va jismoniy shaxs (alohida fuqaro va korxona)larning daromadi yoki mol-mulkidan undiriladigan va byudjetga oʻtkaziladigan majburiy toʻlov. Soliq davlat byudjeti daromadlarining asosiy manbai va davlat iqtisodiy siyosati vositalaridan biri.

Soliqlarni yigʻimlar va bojlardan farqlash darkor. Yigʻim va bojlar maʼlum bir hatti-harakatni bajarilishi uchun undiriladigan toʻlovlardir.

Tarixi[править | править код]

Soliqning kelib chiqishi davlatning paydo boʻlishi bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, juda qadimiy tarixga ega. Tarixiy manbalarda bundan 3.760 yil muqaddam Bobil (рус. Вавилон) davlatida Xammurapi qonunlari bilan soliqlarning joriy etilgani toʻgʻrisida maʻlumotlar uchraydi.

Hozirgi davrda ham davlat bajaradigan vazifalarni mablagʻ bilan taʼminlash muammosi soliqlarning obyektiv zarurligini keltirib chiqaradi. Davlat daromadlari manbalari tarkibida soliqlar salmoqli oʻrinni egallaydi. Masalan, davlat byudjeti daromadlarining 70-90% soliq hisobiga taʼminlanadi.

Soliq priznaklari[править | править код]

Har qanday soliqning asosiy priznaklari:

  • soliq subyekti (yoki soliq toʻlovchi) — qonun yoʻli bilan shu soliqni toʻlash majburiyati yuklangan fuqarolar, korxona, tashkilotlar;
  • soliq obyekti — undiriladigan soliq summasini hisoblab chiqarishga asos boʻladigan daromad yoki mol-mulk (ish haqi, sotish hajmi, korxona mol-mulki qiymati, yer, qazib olingan qazilma boyliklar hajmi va boshqalar);
  • soliq manbai — aniq bir soliqni toʻlashga manba boʻladigan daromad (daromad turi) (ish haqi, foyda, gonorar — ijod haqi) yoki daromad keltirishi mumkin boʻlgan mol-mulk (yer, imorat, meros, hadya mulk va boshqa);
  • soliq stavkasi.

Soliq turlari[править | править код]

Toʻgʻri va egri[править | править код]

Undirish usuliga koʻra, toʻgʻri va egri soliqlarga boʻlinadi.

Toʻgʻri soliq mol-mulk va daromadga bevosita joriy qilinadi va soliq toʻlovchi tomonidan oraliq vositachilarsiz toʻlanadi. Keng tarqalgan turlari: qoʻshilgan qiymat soligʻi, daromad soligʻi, meros hamda hadya soligʻi, tovar aylanmasi soligʻi, savdo soligʻi, eksport-import soligʻi va boshqalar.

Egri soliqlar (aksizlar) tovar (xizmat)lar narxlariga yoki tariflarga kiritish moʻljallangan va keyinchalik tovarlar isteʼmolchilariga yuklanadigan soliq.

Umumdavlat va mahalliy[править | править код]

Davlat tuzumi xususiyatlariga koʻra, soliq tizimi umumdavlat (Markaziy) va mahalliy (maʼmuriy-hududiy birliklar) soliqlar va yigʻimlardan tashkil topadi.

Oʻzbekiston Respublikasida[править | править код]

Oʻzbekiston Respublikasida soliq tizimining huquqiy asoslari, uni toʻlovchilarning huquqlari hamda majburiyatlari, soliq ishlarini yuritish tartiboti, birinchi prezident Karimov davrida, 1997 yil 24 aprelda qabul qilingan va 1998 yil 1 yanvardan amalga kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasining soliq kodeksi bilan belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasida joriy etilgan umumdavlat soliqlari:

  • yuridik shaxslardan olinadigan daromad (foyda) soligi;
  • jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligi;
  • qoʻshilgan qiymat soligʻi;
  • aksiz soligʻi;
  • yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq;
  • ekologiya soligʻi;
  • suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq.

Umumdavlat soliqlari har yili qonuniy tartibda belgilanadigan normativlar boʻyicha tegishli byudjetlar oʻrtasida taqsimlanadi.

Mahalliy soliqlar va yigʻimlar:

  • mol-mulk soligʻi;
  • yer soligʻi;
  • reklama soligʻi;
  • avtotransport vositalarini sotganlik uchun soliq;
  • ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soligʻi;
  • savdo-sotiq huquqi uchun yigʻim;
  • obodonchilik ishlari uchun yigʻim va boshqalar.

Mahalliy soliq va yigʻimlar mahalliy byudjetga oʻtkaziladi.

Oʻzbekistonda soliq nazariyasi va amaliyotiga oid materiallar, shu sohaga doir boshqa masalalar «Soliq toʻlovchining jurnali»da (1995 yildan rus va oʻzbek tillarida chiqadi) yoritiladi.

Funksiyasi[править | править код]

Davlat tomonidan undirilgan soliqlar byudjet vositasida qayta taqsimlanib, soliq toʻlovchilarga sogʻliqni saqlash, maorif, ilm-fanni rivojlantirish, mudofaa, xuquqni muhofaza qilish kabi ijtimoiy zarur davlat xizmatlari orqali bilvosita yoʻllar bilan qaytadi.

Soliqlar valyutani (masalan, soʻmni) qadri uchun ham xizmat qiladi. Bunga OʻzR soliq kodeksida belgilangan, soliqlar faqat soʻmda toʻlanadi degan norma sababchidir.

Ssilkalar[править | править код]